Sug‘urta bozorida yangi xizmat turlari bilan muvafaqqiyatli ishtirok etib kelayotgan «O‘zagrosug‘urta» aksionerlik jamiyati joriy yil boshidan barcha majburiy sug‘urta turlari bo‘yicha polislarini qog‘oz shaklidan elektron shaklga o‘tkazdi. Bu haqda Milliy matbuot markazida o‘tkazilgan matbuot anjumanida batafsil ma’lumot berildi.
- Ayni paytda joriy qilingan elektron shakldagi sug‘urta bo‘yicha polislarni xarid qilishda “Payme”, “Click”, “Uzum” kabi zamonaviy elektron platformalar orqali to‘lovlarni onlayn amalga oshirish mumkin, - deydi «O‘zagrosug‘urta» AJ moliya departamenti direktori Maqsudjon Nosirov. – Ta’kidlash joiz, elektron va qog‘oz shaklidagi polis yuridik jihatdan bir xil kuchga ega... (davomi videoda)
Ta’kidlandiki, yil boshida dastlab “Onlayn polis” axborot tizimi orqali 18 turdagi sug‘urta xizmatlari ko‘rsatilgan bo‘lsa, hozirgi kunga kelib, mijozlarga 26 turdagi polislarni elektron shaklda sotib olish imkoniyati yaratildi.
-Keyingi yil, uzog‘i bilan 2026 yilgacha kompaniyada ko‘rsatiladigan barcha sug‘urta turlari, nafaqat sug‘urta turlarini ko‘rsatish, balki, sug‘urta hodisasi yuz berganda da’vo arizasi kiritib, sug‘urtadan mablag‘ undirib olishgacha bo‘lgan barcha jarayon to‘liq raqamlashtiriladi, - deydi «O‘zagrosug‘urta» AJ transformatsiya, innovatsiya va sug‘urta departamenti direktori Azimjon Jumayev. – Hukumatimiz tomonidan bir qancha qarorlar chiqqan, Prezidentimiz tomonidan chora-tadbirlar dasturi belgilab berilgan. Qat’iy nazorat ostida bu narsalar qilinmoqda, bizni ham dasturimiz bor aynan shu bo‘yicha. Shu narsani tushunish kerakki raqamlashtirish bu doimiy takomillashib boradigan jarayon.
Bundan tashqari kompaniya faoliyatini to‘liq raqamlashtirishga qaratilgan “Uzagros Online” yagona elektron axborot tizimi to‘liq modernizatsiya qilindi. Bu orqali kompaniya va uning tizimidagi barcha hujjatlar aylanmasi aynan shu platformada aks etadi.
Aytildiki, joriy yilning o‘tgan 10 oyi davomida ta’minlangan sug‘urta mukofotlari 305 mlrd so‘mdan oshdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga qaraganda salkam 28 foizga ko‘p deganidir. Olingan majburiyatlar doirasida mijozlarga 43.4 mlrd. so‘mlik sug‘urta tovonlari to‘lab berildi.
Savol-javob ruhida o‘tgan matbuot anjumanida kompaniyaning xalqaro aloqalari, jahon maydonida tutgan o‘rni, reytingi va mijozlarga yaratib berilayotgan qator qulayliklar xususida batafsil ma’lumot berildi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/Sfmknu6UgBA?si=kBZ6rOFjYcJuOzrI" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>Sanjar Toshpo‘latov,
Abror Sodiqov,
O‘zA