Qishloq va suv xo‘jaligi sohasi eng katta sohalardan biri. Sohada ishni yaxshi tashkil etmay yaxshi natijaga erishib bo‘lmaydi. Bu borada Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Agrosanoat majmui ustidan nazorat qilish inspeksiyasi Sirdaryo viloyat boshqarmasi xodimlari tomonidan qishloq va suv xo‘jaligi sohasida qonunchilik talablariga rioya etish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini muhofaza qilish, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarni bosqichma-bosqich sohaga joriy etish borasida qator ishlar amalga oshirilyapti. Bu esa qishloq va suv xo‘jaligi sohasida yuqori samaradorlikka erishish imkonini beryapti.
“O‘zagroinspeksiya”ning Sirdaryo viloyat boshqarmasida ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Unda 9 oyning yakunlari sarhisob va tahlil qilindi.
– Joriy yilning o‘tgan davrida 4067 ta nazorat tadbiri o‘tkazildi, – deydi boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Ikromjon Gulmurodov. – O‘tkazilgan tekshirish va monitoring natijalariga ko‘ra, 2707 ta qonun buzilish holatlari aniqlandi. Natijada 1328 ta ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida qarorlar qabul qilindi. Ushbu qonun buzilish holatlariga yo‘l qo‘ygan sub’ektga va fuqarolarga nisbatan 333,0 million so‘mlik ma’muriy jarima, 456,5 million so‘mlik moliyaviy sanksiya qo‘llanildi. Qolaversa, ularga “O‘zagroinspeksiya”ning Sirdaryo viloyat boshqarmasi nomidan 966 ta yozma ko‘rsatma xat, 6887 ta ogohlantirish xati berilgan.
Tuman hokimliklari va boshqa mas’ul tashkilotlarga 212 ta taqdimnoma kiritilgan bo‘lsa, qonuniy qaror qabul qilish uchun 201 ta material sudlarga va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilgan. O‘tgan yilning mos davriga nisbatan qishloq va suv xo‘jaligi sohasida qonun buzilish holatlari soni 7471 taga oshgan.
Bunday holatlar asosan viloyatning Mirzaobod, Guliston, Xovos tumanlarida ko‘proq qayd etilgan. “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi, uning hududiy bo‘limlari tomonidan vakolat doirasida amaldagi qonun va qonun osti hujjatlari ijrosi yuzasidan o‘z vaqtida o‘tkazilgan nazorat tadbirlari natijasida sohalarda sezilarli darajada ijobiy natijalarga erishilgan.
Qishloq xo‘jaligi ekinlari urug‘lari yetishtirilishi va ta’minotini nazorat qilish, paxta xomashyosi, don, urug‘lar va ularni qayta ishlashdan olingan mahsulotlardan foydalanishni nazorat qilish sohasi xodimlari tomonidan 2021 yil g‘alla hosili mavsumida don qabul qilish shoxobchalarida vakolat doirasida nazorat tadbirlari olib borilib jami 113 tonna don klaster va fermer xo‘jaliklari foydasiga qayta hisob-kitob qilib berildi. Natijasi yuzasidan mas’ullarga yozma ko‘rsatmalar berilgan bo‘lsa, boshqarmaning qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan suv resurslaridan foydalanishni nazorat qilish sohasi xodimlari tomonidan olib borilgan nazorat tadbirlari sabab 5 million 635 ming metr kub suv viloyatda tejab qolindi. Boshqarmaning chorvachilikda naslchilik ishlarini nazorat qilish sohasida xodimlari sa’y-harakati bilan chetdan valyuta hisobiga keltirilgan nasldor 1006 bosh qoramol, 165 ming 100 bosh naslli parranda davlat reyestriga kiritildi.
Qolaversa, “O‘zagroinspeksiya”ning viloyat boshqarmasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 12 maydagi “Chorvachilik tarmog‘iga davlat tomonidan subsidiya ajratishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarori ijrosi yuzasidan nazorat tadbirlari amalga oshirilib, mazkur qaror asosida viloyatdagi 5 ta qoramolchilik sub’ektiga chetdan olib kelingan 927 bosh naslli g‘unajin uchun 1854,0 million so‘m hamda 3 ta parrandachilik sub’ektiga chetdan keltirilgan bir kunlik 165,1 ming bosh naslli jo‘ja uchun 1485,9 million so‘m miqdorida subsidiyalar ajratilishi ta’minlandi.
Anjumanda savollarga javob berildi.
Shuhrat Suyarov, Furqat Toshmatov(surat), O‘zA