Bugun, 2022 yilning 23 mart kuni O‘zbekiston Milliy axborot agentligi (O‘zA) va Birlashgan Arab Amirliklari axborot agentligi (WAM) o‘rtasida ikki tomonlama xabar va yangiliklar almashinuvini yo‘lga qo‘yishni ko‘zda tutuvchi anglashuv Memorandumi imzolandi.
Dubay shahrida bo‘lib o‘tgan mazkur marosimida O‘zA Bosh direktori Abdusaid Ko‘chimov, WAM Bosh direktori Muhammad Jalol Al-Rayssiy va Agentlikning kommunikatsiyalar va xalqaro munosabatlar bo‘limi direktori Ali Yusuf Al-Saad ishtirok etdi.
Ushbu voqea O‘zbekiston va BAA o‘rtasida keyingi yillarda faollashgan, ikki davlat rahbarlari tomonidan qat’iy qo‘llab-quvvatlanayotgan har tomonlama xamkorlik aloqalari doirasida yuz bermoqda.
Uchrashuv chog‘ida WAM Bosh direktori Muhammad Jalol Al-Rayssiy o‘zbekistonlik mehmonlarni agentlik faoliyati bilan tanishtirdi.
1976 yilda tashkil etilgan WAM mamlakatning yangiliklar uzatishga ixtisoslashgan yetakchi axborot agentligi bo‘lib, ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy va boshqa turli sohalarga oid eng muhim voqea-hodisalarni keng yoritib boradi. bugungi kunda jahonning 50 dan ziyod axborot agentligi bilan hamkorlik qiladi.
- WAM 19 tilda faoliyat yuritadi. Endi o‘zbek tilida xam axborot tarqatish niyatidamiz, - dedi Birlashgan Arab Amirliklari axborot agentligi rahbari Muhammad Jalol Al-Rayssiy. - Biz bugun O‘zbekiston milliy axborot agentligi bilan Memorandum imzolanganidan behad xursandmiz. Ishonchim komilki, do‘stligimiz va birodarligimiz bardavom bo‘ladi.
Bundan tashqari ushbu Memorandum xodimlar malakasini oshirish, o‘zaro tajriba almashish, birgalikda tadbirlar uyushtirishni nazarda tutuvchi qo‘shma dasturlarni ro‘yobga chiqarishga ham asos bo‘ladi.
Eng muhimi, ushbu hamkorlik ikki xalq o‘rtasidagi do‘stona aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Gulruh Abdullayeva,
O‘zA
Dubay (BAA)