Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zA muxbiri paxta terimchilari huzurida
14:19 / 2021-09-18

Jizzax viloyati paxtakorlari joriy yilda shartnomaviy reja bo‘yicha 256 ming 600 tonna paxta xirmoni jamg‘arishni maqsad qilgan.

Ana shu ezgu  niyat yo‘lida ushbu qishloq xo‘jaligi mavsumi davomida jizzaxlik paxtakorlar barcha zarur agrotexnik jarayonlarga amal qilgan holda yetishtirgan mo‘l hosilni yog‘in-sochinli kunlarga qoldirmay, tez, sifatli, kam xaraj va isrof qilmay terib-yig‘ib olish uchun astoydil mehnat qilmoqda.

Ushbu jarayon viloyat hokimi tomonidan tasdiqlangan “Jizzax viloyatida 2021 yil paxta yig‘im-terimi mavsumida majburiy mehnatga barham berish, byudjet va nobyudjet tashkilotlari xodimlari hamda balog‘at yoshiga yetmagan yoshlarni paxta terimiga jalb qilishni oldini olish maqsadida hamda terimga jalb qilingan ishsiz fuqarolarning moddiy manfatdorligini ta’minlash, zarur mehnat sharoitlari yaratish va ularni nazorat qilish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar dasturi” asosida olib borilayotganini ham alohida e’tirof etish lozim.

bugungi kunga kelib paxta yig‘im-terimida viloyat dehqonlari kunlik 3 foizdan oshirib qimmatbaho xom ashyoni yig‘ib-terib paxta qabul punktlariga peshma-pesh yetkazayotir. Kunlik terimilda viloyat mirishkorlari Farg‘ona va Xorazm viloyatlari qatori peshqadamlar safida borayotgan bo‘lsa, mavsum boshidan buyon jamg‘arilgan paxta xirmoni borasida, shartnomaviy rejaga ko‘ra karvonboshi Surxondaryo viloyatidan keiyn 2-pog‘onani egallab turibdi.

Jizzax paxta dalalarida yig‘im-terim jarayoni bilan yaqindan tanishish maqsadida eng ko‘p hasharchi jalb etilgan, qimmatbaho xom ashyo xirmonini jamg‘arishda viloyatda yetakchilik qilayotgan Zafarobod tumaniga xizmat safarida bo‘ldik.

Zafarobodliklar joriy mavsum shartnomaviy rejaga ko‘ra 30 ming 588 tonna paxta xirmoni choshlab, hosildorlikni 34 sentnerga yetkazish yo‘lida astoydil mehnat qilishayotir.  

Biz tumanda bo‘lgan joriy yilning 17 sentyabr kuni Zafarobod paxta dalalarida 3 ming 995 nafar band bo‘lmagan, ya’ni uyushmagan mahalliy aholi va 3 ming 75 nafar qo‘shni viloyatlardan o‘z inon-ixtiyori bilan paxta yig‘im-terimi hasharida ishtirok etayotganlar bilan uchrashdik. Kuni kecha tuman bo‘yicha dalalardan yig‘ib olingan 1 ming 100 tonna qimmatbaho xom ashyoning salkam 550  tonnasi ana shu fidoiy hasharchilar tomonidan terib topshirildi.

Yotoq bilan terimga jalb qilingan qo‘shni viloyatdan kelgan hasharchilarga yaratilgan sharoitbilan tanishdik.

– Biz Zafarobod tumaniga Surxondaryoning Uzun tumanidan hasharga keldik, – deydi Ulug‘bek Choriyev. – Bitta brigada bo‘lib kelgan 130 nafar hasharchi tumandagi S.Sindarov nomli suv istemolchilari uyushmasi hududida joylashgan Doston Rayimqulov rahbarligidagi “Husayin Sherxon” fermer xo‘jaligiga qarashli paxtakorlarning dala shiyponiga joylashtirildi. Sharoitdan nolimaymiz, erkaklar va ayollar uchun alohida-alohida xonalar ajratilgan. Xonalarga o‘rnatilgan 2 qavatli yotoq kravatlarida tunaymiz. Toza ichimlik suvini traktorda tashib kelib berishayapti. 2 mahal issiq ovqat, ertalablikka non, saryog‘, shakar berilayapti. Tushlikni dalaga yetkazib berishyapti.  

Shu tumandagi Sobir Rahimov nomli SIU hududidagi sobiq qishloq xo‘jaligi kolleji binosidagi yotoqxona bilan tanishdik. Atrof toza, ozoda suv sepib supirilgan. Hasharchilarning ko‘rpa-to‘shaklari tartib bilan yig‘ib qo‘yilgan.

– Samarqand viloyatining Narpay va Paxtachi tumanlaridan 208 nafar hasharchi shu yerga joylashtirildi, – deydi Dildoraxon Nimjonova. – Yaratib berilgan sharoitlar yaxshi, hech qanaqa kamchilik yo‘q. Ayollarga alohida, erkaklarga alohida yuvinish va xotin-qizlar uchun gigiyena xonalari ishlab turibdi. Bundan tashqari, yonginamizdagi hammom haftaning 6 kuni ishlar ekan.

– Bir kunda 100-120 kilogrammdan oshirib paxta terayotgan ilg‘or terimchilarimiz bor, jumladan o‘zim ham ulardan biriman, – deydi hasharchi qizlardan yana biri Nafisa Qarshiboyeva. – Tergan paxtamiz pulini har 5 kunda berishadi. Xudo xohlasa, shu mavsum 5 million so‘m atrofida pul ishlab olaman.

– Yoshim 70 ga boryapti, salkam 50 yildan buyon Samarqandning Oqtosh shahridagi choyxonada oshpazlik qilaman, – deydi hasharchilar kechki ovqatini tayyorlayotgan oshpaz otaxon Erkin Noryigitov. – Masalig‘lar belgilangan normada berilayapti. Bunday paytda, tayyorlaydigan taom choyxonanikidan zo‘r bo‘lsa, bo‘ladiki kam bo‘lmaydi. Hasharchilarimizning orasida tayyorlanayotgan taomdan noliydigani bo‘lsa, olganim buyurmasin.  

“Zafarobod” SIU hududidagi “Jizzax Kenteks” mas’uliyati cheklangan jamiyatiga qarashli “Farmon ota” fermer xo‘jaligi dala shiyponida 80 nafar hasharchi joylashtirilgan. Yaratilgan sharoit yomon emas. Ichimlik suvi, elektr ta’minoti, ovqat va choy tayyorlash uchun o‘tin bilan ta’minlangan. Ammo hasharchilar tayyorlanayotgan ovqatdan biroz noroziliklarini aytdi.  

– Tushlik dalaga kechikib olib kelinmoqda,  dalada ichimlik suvida ham muammo bo‘lib turibdi, – deydi hasharchilardan biri Oyrejap (familiyasini aytishni istamadi) degan ayol. –O‘zimiz bilan qo‘li shirin oshpaz qizimizni olib kelgandik. Ammo Jizzax shahridan qo‘yilgan Erkin degan otryad boshlig‘i shu yerda oilasi bilan yashayotgan kishini oshpaz qilib qo‘yibdi. To‘g‘risi, ovqatni yog‘i ham yaxshi dog‘lanmayapti. Shu kamchiliklarni to‘g‘irlashsa yaxshi bo‘lardi, boshqa kamchiliklar yo‘q.  

Tumandagi “Yorqin” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi kasb-hunar kolleji binosining bir qismida Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on, Qumqo‘rg‘on, Denov, Uzan hamda Toshkent viloyatining Bekobod tumanlaridan kelgan 200 nafardan ortiq hasharchilar joylashgan.  

Bu yerdagi hasharchilar sharoit ham, ovqatlar ham yaxshiligini aytdi. Tergan paxtalari puli bu hududda har 3 kunda berib borilayotgan ekan. Ammo teran foto-muxbirimizning foto-kamerasi nigohidan “hasharchilar yotog‘i”dagi deraza oynalarining ba’zi ko‘zlari singanligi ham chetda qolmadi...

– Tergan har 70 kilogramm paxtamiz uchun 1 litrdan o‘simlik yog‘i berishyapti, – deydi Surxondaryo viloyatining Jarqo‘rg‘on tumanidan hasharga kelgan Oysafar Odilova. – Bundan tashqari, har 5 kunda tuman hokimi, homiy tashkilotlar rahbarlari kelib, 5 kunlik yakuniga ko‘ra eng ilg‘or terimchilarga turli qimmatbaho va esdalik sovg‘alari topshiradi. Bunday e’tibordan biz hasharchilar xursandmiz, rahmat barcha tashkilotchilarga.  

Tuman hokimi axborot xizmati rahbari Nazarbek Xayrullayev bizga tumandagi S.Sindarov nomli SIU hududidagi “Forish yo‘llari” fermer xo‘jaligi dalasida paxta terayotgan hasharchilarga pul tarqatayotganligi haqida xabarni yetkazgan zahoti, u yerga yetib bordik.  

Quyosh allaqachon ufuqqa bosh qo‘yganida, shu otryaddagi surxondaryolik hasharchilarning 2 nafari 3 kunlik tergan paxtasi pulini dala boshida olayotganini tasvirga tushirishga ulgurdik.

– 3 kun ichida 325 kilogramm paxta tergandim, mana ko‘rganingizdek, 464 ming 750 so‘m naqd oldim, – deydi Surxondaryoning Qumqo‘rg‘on tumanidan hasharga kelgan O‘ktam Panjiyev. – Bizning tumanimizda 2-terim ham tugayapti. Yaxshi yotoq joyi, 2 mahal issiq ovqat, paxtaga bizdagidan ko‘proq to‘lashayotgani uchun bu yerga keldim.  

Kelganimiz uchun oylik ham berishdi, baraka topgurlar. Yana har 70 kilo paxta terganimga 1 litr o‘simlik yog‘i, sovg‘a salomlar ham berishayapti. Yashirib nima qildim, Rossiyaga borib zax yerto‘lada yotib, buxonka bilan qaynagan suv ichgan vaqtlarim bo‘lgan. To‘g‘risi, Jizzaxga pul ishlab olgani kelganman. Oila, ro‘zg‘or tebratish kerakku.

Zafarobodlik paxtakorlarning xirmoniga baraka, hasharchilarning bellariga quvvat tilab, tun qorong‘ulik sari og‘ganida, qator-qator paxta ortilgan tirkamalarni tortib ketayotgan traktorlardan bir-bir quvib o‘tib shaharga, uyimiz tomon yo‘l oldik.

Ulkan xirmoningiz yanada yuksalaversin, aslo hormang jizzaxlik paxtakorlar.

A.QAYUMOV, J.YORBEKOV (surat), O‘zA