Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zA delegatsiyasi va mamlakatimizning Bokudagi elchixonasi xodimlari Chusovitinani bevosita qo‘llab-quvvatlab turishdi
23:22 / 2022-04-02

Ma’lumki, O‘zbekiston Milliy axborot agentligi delegatsiyasi a’zolari shu kunlarda xizmat safari bilan Ozarbayjonda bo‘lib turishibdi. O‘zA biroz avval aynan ushbu davlat poytaxtida afsonaviy sportchimiz Oksana Chusovitina jahon kubogini qo‘lga kiritgani haqida xabar berdi. Agentlik vakillari safar doirasida O‘zbekistonning Bokudagi elchixonasi mas’ul xodimlari hamrohligida Oksanani musobaqa paytida to‘g‘ridan-to‘g‘ri qo‘llab-quvvatlash uchun gimnastika saroyiga tashrif buyurishdi.

Shu kuni muhtasham majmuada erkaklar erkin mashq, brus va xalqada, ayollar esa tayanib sakrash va brusda medallar uchun bahs olib bordi.

Chusovitina odatdagidek o‘zining sevimli mashqi – tayanib sakrash bo‘yicha bildirilgan ishonchni oqlab, finalga yo‘llanma oldi. Saralashda yuqori natija qayd etgan 11 nafar gimnast qiz orasida unga Sloveniya, Vengriya va Hindistondan 2 nafardan, shuningdek Ruminiya, Finlandiya, Bolgariya va Isroil vakillari raqib bo‘lishdi. To‘g‘ri, bu yilgi jahon kubogining avvalgi bosqichlarida 1 oltin va 1 kumush medalga sazovor bo‘lgan O‘zbekiston terma jamoasi yetakchisi mutaxassislar tomonidan g‘oliblikka asosiy da’vogar sifatida ko‘rilayotgan edi. Shunday bo‘lsada, shohsupaning yuqori pog‘onasiga ko‘tarilish oson kechgani yo‘q. Zero, yakuniy natijalar aks etgan jadval ham bu fikrni tasdiqlab turibdi. E’tibor bersak, Oksana Chusovitina va 2-o‘rinni egallagan vengriyalik Chenge Mariya Bachkayning chiqishini hakamlar bir xil – 13.266 ball bilan baholaganini ko‘ramiz. Faqat qo‘shimcha ko‘rsatkichlargina hamyurtimizga ustunlik taqdim etdi. Shu tariqa jahon kubogining barcha to‘rt bosqichini bir maromda, eng muhimi ko‘tarinki kayfiyatda, mohirona, kuchli jismoniy va ruhiy tayyorgarlik bilan o‘tkazgan 47 yoshli afsonamiz hamon barqaror va yuqori darajadagi sport formasida ekanini isbotladi. Sloveniya sportchisi Teya Belak musobaqaning bronza medali bilan taqdirlandi.

Jamoamizni qo‘llab-quvvatlash uchun kelgan elchixona vakillari bilan suhbat chog‘ida Oksana musobaqa zalida cho‘g‘day yonib turgan bayrog‘imizni ko‘tarib dalda berib turgan yurtdoshlarimiz qo‘llovi unga qo‘shimcha kuch ato etganini chin dildan e’tirof etdi. Darvoqe, u jahon kubogining Germaniyada bo‘lib o‘tgan birinchi bosqichini salomatligi bilan bog‘liq kichik muammo sabab o‘tkazib yuborishga majbur bo‘lgan. Keyinchalik ikkinchi va uchinchi bosqichda mos ravishda Qatarda bosh sovrinni, Misrda esa 2-o‘rinni egallagandi. Shu tariqa yakunlovchi 4-bosqichda ham tayanib sakrash bo‘yicha raqiblari orasida tengsizligini yana bir bor namoyish etgan Chusovitina sezilarli ustunlik bilan jahon kubogini qo‘lga kiritdi. Yengilmas gimnastikachimiz sharafiga O‘zbekiston bayrog‘i ko‘tarilib, Vatanimiz madhiyasi yangradi.

Eslatib o‘tamiz, Boku shahridagi Milliy gimnastika arenasida 31 mart kuni navbatdagi nufuzli musobaqa – erkaklar va ayollar o‘rtasida 2022 yilgi jahon kubogi (FIG kubogi)ni egallash uchun boshlangan bahslarda 34 davlatdan 145 sportchi ishtirok etmoqda.O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibi 2 hakam, 2 murabbiy va 7 sportchi – 4 nafar erkak va 3 nafar ayol sportchidan iborat.

Ertaga, musobaqaning oxirgi kunida saralash bosqichini muvaffaqiyatli o‘tkazib, final guruhiga yo‘llanma olgan hamyurtlarimiz Abdulla Azimov va Dildora Oripova ham medallar uchun da’vogarlik qilishadi. Bu haqda alohida xabar beramiz.

O‘zA muxbiri G‘ayrat XONNAZAROV

Ozarbayjonning Boku shahridan tayyorladi.