Prezidentimizning joriy yil 11 sentyabrdagi farmoniga muvofiq, bir guruh fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi.
Farg‘ona viloyatidan ham 27 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingani ular va oila-a’zolari uchun muhim va tarixiy kunga aylandi.
Viloyat hokimligida fuqarolik pasportlarini egalariga topshirish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan tadbir ishtirokchilarini quvonchli va unutilmas kun bilan samimiy qutladi.

Qanchadan-qancha insonlar yillar davomida shu zaminda yashab kelgan bo‘lsa-da, pasportsiz turli qiyinchilik va sarsonliklarga duch kelgani, Prezidentimizning odilona islohotlari tufayli minglab insonlar vatanli, teng huquqli fuqaro sifatida hayot kechirish imkoniyatiga ega bo‘lgani qayd etildi. Ularning yuzidagi shodlik, ko‘zlaridagi nur – bu islohotlarning hayotiy samarasi ekanligi alohida ta’kidlandi.

Tadbirda fuqarolikka qabul qilingan shaxslarga fuqarolik pasportlari (identifikatsiya ID-karta) tantanali ravishda topshirildi.

O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilingan hamyurtlarimiz bunday yuksak e’tibor uchun Prezidentimizga minnatdorchilik bildirdi.


Ma’lumot uchun, 2016 yil dekabr oyidan hozirgi kunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 115 ta farmoniga asosan jami 25 ming 121 nafar shundan, Farg‘ona viloyati bo‘yicha 3 ming 459 nafar fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga qabul qilindi.
M.Sulaymonov, O‘zA