Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘z xalqini baralla kuylagan shoir
18:24 / 2023-11-27

Poytaxtimizda O‘zbekiston xalq shoiri G‘afur G‘ulom tavalludining 120 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlar tashkil etildi.

Kunning birinchi yarmida tantanali tadbir oldidan Adiblar xiyobonida o‘rnatilgan G‘afur G‘ulom haykali poyiga O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi vakillari, ijodkorlar ishtirokida gul qo‘yish marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Shundan so‘ng, Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik katta teatrida adabiy-ma’rifiy kecha bo‘lib o‘tdi. Unda yozuvchi va shoirlar, adabiyot muxlislari, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi. 

Teatr foyesi bayramona bezatilib, kitoblar, xususan, G‘afur G‘ulom asarlari ko‘rgazmasi tashkil qilindi. Simfonik orkestr tomonidan musiqali drama spektaklidan musiqiy parchalar ijro etildi. 

Tadbir avvalida shoir G‘afur G‘ulom ijodiga bag‘ishlangan hujjatli film namoyish qilindi. 

– G‘afur G‘ulom nainki akademik shoir, balki ijodi yoshlar ibrat olishga arzigulik ijodkordir, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. – Milliy adabiyotimiz darg‘alarining tavallud sanalarini keng nishonlashga katta e’tibor qaratilmoqda. G‘afur G‘ulom XX asrning eng qiyin va mustabid davrida o‘zbek xalqining ovozi bilan o‘z xalqini baralla kuyladi. Shoir umr bo‘yi zahmat chekib, so‘zning ustida ishlagan ijodkordir. Jo‘shqinlik, zavq-shavq bilan ijod qilishni G‘afur G‘ulomdan o‘rganish kerak. 

– G‘afur G‘ulom tug‘ilishidanoq insonning qulfi dilini ochib yuboradigan ijodkor edi, – dedi O‘zbekiston Qahramoni, atoqli adabiyotshunos olim Ibrohim G‘afurov. – U inson tuyg‘ulariga ta’sir etuvchi yuksak maqomdagi shoir va adib edi. Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev tashabbusi asosida G‘afur G‘ulom tavalludining 120 yilligi mamlakatimizda keng nishonlanmoqda. Aytish kerakki, G‘afur G‘ulom ijodida o‘z davrining o‘zgarishlari, evrilishlari, yangiligu kashfiyotlari o‘zining yorqin ifodasini topgan edi. U Sharqning gumanist ijodkorlari safida o‘zining mustahkam va hech o‘zgarmas o‘rniga ega. Negaki, G‘afur G‘ulom dunyoning yetuk ijodkorlari bilan bir safda fikrlar edi. 

Tantanali tadbirda mamlakatimizda adabiy islohotlarning rivojlanayotgani, G‘afur G‘ulom qoldirgan adabiy merosni chuqur o‘rganishga alohida e’tibor qaratilayotgani, asarlarining mohiyati xususida batafsil so‘z yuritildi. Ayni paytda “G‘afur G‘ulom ijodiy merosining o‘zbek va jahon adabiy-estetik tafakkuri taraqqiyotidagi o‘rni” mavzusidagi xalqaro ilmiy anjumanning Amerika Qo‘shma Shtatlarida va Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetida nishonlangani e’tiborga molikdir. 

Tadbir davomida monitorda G‘afur G‘ulom tomonidan o‘qilgan “Sen yetim emassan” she’riga ishlangan videorolik namoyish qilindi. Uning asarlari asosida suratga olingan “Shum bola”, “Yodgor” filmlaridan parcha namoyish etildi. O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, taniqli shoir Mirpo‘lat Mirzo tomonidan o‘qilgan G‘afur G‘ulomning “Vaqt” she’riga ishlangan videorolik tomosha qilindi. Shoirning “Bari seniki” nomli she’ri O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi Nikolay Ilin tomonidan o‘qildi. 

Taniqli san’atkorlar tomonidan shoir she’riga bastalangan qo‘shiqlar ijro etildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, G‘afur G‘ulom 1903 yilning 10 may kuni Toshkentda tug‘ilgan. 1923 yildan uning adabiy faoliyati boshlanadi. She’rlar, dostonlar, ocherklar, hajviy hikoyalar va povestlari gazeta va jurnallarda chop etila boshlaydi. “Dinamo” (1931), “Tirik qo‘shiqlar” (1932) – yosh shoirning yo‘nalishi yorqin namoyon bo‘lgan birinchi she’riy to‘plamlaridir. 

Shoirning boqiy hayot, mangu ko‘k daraxt haqidagi “Qish va qor” (1929), “Non” (1931), “Toshkent” (1933), “Qutbda saylovlar” (1937), “Qish” (1941), “Bog‘” (1934), “Qayg‘u” (1942), “Kuz keldi” (1945), “Kuzgi ko‘chatlar” (1948) kabi she’rlarida umuminsoniylik, insonparvarlik mavzulari o‘z aksini topdi. 

Adabiyotshunoslarga ko‘ra, G‘afur G‘ulomning ko‘pgina she’rlarida Sharq donishmandi ota timsoli yaqqol namoyon. “Sen yetim emassan” (1942), “Qayg‘u” (1942), “Biri biriga shogird, biri biriga ustod” (1950), “Sizlarga — yoshlar” (1947), “Bahor taronalari” (1948) va boshqalar shular jumlasidandir. “Netay” (1930), “Yodgor” (1936), “Shum bola” (1936-1962) povestlari va “Mening o‘g‘rigina bolam” (1965) va boshqa ko‘plab hikoyalarida chinakam xalq qahramonlari, milliyligimiz tasvirlangan. 

G‘afur G‘ulom ko‘plab asarlarini bolalarga bag‘ishlagan. Ayniqsa, uning “Shum bola” asari adabiyot muxlislari e’tiborini qozongan. Urushdan keyingi yillar G‘afur G‘ulom bir qator she’riy to‘plamlarini nashrdan chiqardi. “Yangi ibodatiga she’rlar”, “O‘zbekiston olovlari”, “Onalar”, “O‘zbek xalq g‘ururi”, “Tong qo‘shig‘i”, “Yashasin, tinchlik!», “Bu – sening imzoing” kabi to‘plamlar shular jumlasidan. Ushbu to‘plamlardan joy olgan she’rlarda shoir tinchlik davrining muhim savollariga javob topishga, o‘zbek xalqining mehnat faoliyatidagi muvaffaqiyatlarini ko‘rsatishga intiladi. 

Mustaqillik yillarida G‘afur G‘ulom ijodi yuksak qadrlanib, Prezident farmoni asosida “Buyuk xizmatlari uchun” ordeniga munosib topildi. 

Tantanali kechada shoir she’rlari, uning so‘zi bilan aytiluvchi qo‘shiqlar yangradi. Shoirning qizi, taniqli ijodkor, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, shoirning uy-muzeyi direktori Olmosxon Ahmedova G‘afur G‘ulom tavalludining 120 yilligi munosabati bilan o‘tkazilayotgan bu kabi tadbirlar shoir xotirasiga yuksak ehtirom namunasi ekanini ta’kidlab, minnatdorlik bildirdi. 

G‘afur G‘ulom tavalludining 120 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy tadbirlar, anjumanlar mamlakatimiz bo‘ylab davom etmoqda. 



Nazokat Usmonova, O‘zA