English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘z vaqtida to‘lanmagan qarzdorlik uchun bir necha barobar jarima undirilishiga chek qo‘yiladi
18:04 / 2023-05-15

bugungi kunda jarimalar bilan bog‘liq turli holatlar yuzaga kelmoqda. Amaliyotda Majburiy ijro byurosi tomonidan qo‘llaniladigan ma’muriy jarima miqdorini undirilishi lozim bo‘lgan summaga nisbatan nomutanosib ravishda bir necha karra yuqori belgilash holatlari kuzatilmoqda.

Masalan, undirilishi lozim bo‘lgan qarzdorlik 150 ming so‘m bo‘lsa-da, o‘z vaqtida to‘lanmagani uchun shaxs Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning tegishli moddasi bilan 300 ming so‘mdan 1,5 million so‘mgacha jarimaga tortilishi mumkin. Bu kabi holatlar esa haqli e’tirozlarga sabab bo‘layotir. Qolaversa, aholi vakillariga moddiy qiyinchiliklar tug‘dirmoqda.    

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida muhokama qilingan qonun loyihasi ayni holatlarni bartaraf etishga qaratilgani bilan alohida ahamiyatga ega. «Ma’muriy jarimalarni ijro etish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartishlar va qo‘shimcha kiritish haqida»gi qonun loyihasi fraksiya a’zolari tomonidan qizg‘in muhokama qilindi.    

— Amaliyotdagi mavjud holatdan kelib chiqib tayyorlangan ushbu qonun loyihasi bilan MIB tomonidan qo‘llaniladigan ma’muriy jarima miqdori ijro hujjatida undirilishi belgilangan summadan yuqori bo‘lishi mumkin emasligi belgilanmoqda, — deydi fraksiya a’zosi F.Ashmatov. — Amaliyotda esa ma’muriy jarima o‘z vaqtida to‘lanmagani uchun ikki va undan ortiq miqdorda jarima to‘lanar edi. Bu esa yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz normalariga zid hisoblanadi. Endilikda ushbu qonun loyihasi bilan undiriladigan jarima miqdori asosiy jarimadan oshib ketmasligi belgilab qo‘yilmoqda. Shuningdek, bugungi kunda MIBning ijrochi maqomida ishlovchi istalgan xodimida ma’muriy jarimaga tortish vakolatining mavjudligi idoraga kelgan har qanday fuqaroning tegishli asoslarsiz jarima bilan «siylanishi»ga, turli suiiste’molchilik va aholi noroziligiga sabab bo‘lmoqda.  

Shu sababli MIB nomidan ma’muriy jarima qo‘llash vakolatiga ega bo‘lgan shaxslar doirasi aniqlashtirilmoqda. Xususan, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi nomidan ma’muriy huquqbuzarliklar to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqishga hamda ma’muriy jazo qo‘llashga O‘zbekiston Respublikasining Bosh davlat ijrochisi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining bosh davlat ijrochilari, ularning o‘rinbosarlari, shuningdek, Majburiy ijro byurosining tuman (shahar) bo‘limlari boshliqlari haqli ekanligi belgilanmoqda.  

Yig‘ilishda ushbu loyiha qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi. Qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi sohada nazorat kuchaytirilishiga va suiiste’molchiliklarning oldi olinishiga sharoit yaratadi, asossiz jarimalar undirilishini bartaraf etadi.    

Muhtarama Komilova, O‘zA