Soliq to‘lovi bo‘yicha qarzdorlikni bartaraf etish choralari doirasida Sirdaryo viloyatining Xovos tumanida faoliyat yurituvchi "X.X” fermer xo‘jaligidan jami 21,5 million so‘m soliq qarzini undirish bo‘yicha ijro harakatlari amalga oshirildi. Bu haqda Majburiy ijro byurosi Xovos tuman bo‘limi ma’lum qildi.
O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Sirdaryo viloyati Soliq boshqarmasi qarori asosida chiqarilgan ijro hujjatiga binoan, MIB Xovos tuman bo‘limi tomonidan belgilangan tartibda ijro ishlari olib borildi.
Davlat ijrochisi ishtirokida o‘tkazilgan amaliy tadbirlar natijasida qarzdorga tegishli “Arion-630s” rusumli qishloq xo‘jaligi texnikasi xatlanib, jarima maydoniga joylashtirildi.
– Qonunchilikka muvofiq, bunday mol-mulkni xatlash choralari qarzdor tomonidan o‘z majburiyatlarini vaqtida bajarishini ta’minlash maqsadida amalga oshiriladi. Natijada bu qarzdor fuqaro ham nafaqat 21,5 million so‘m miqdoridagi soliq qarzini, balki 879 ming so‘m miqdoridagi ijro yig‘imini ham belgilagan muddatda to‘liq to‘lab berdi. Natijada, xatlangan va vaqtinchalik saqlashga olingan traktor fermerga qaytarildi, –deydi MIB Xovos tuman bo‘limi davlat ijrochisi Adhamjon Ahmedov
Majburiy ijro byurosi ma’lumotlariga ko‘ra, mol-mulkka nisbatan qo‘llanilayotgan majburiy choralar davlat byudjetiga tushumlarni ta’minlash va qarzdorlikni bartaraf etishda samarali mexanizm sifatida xizmat qiladi.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri