Mamlakatimizda keyingi yillarda davlat tilining nufuzi va maqomini yuksaltirishga qaratilgan bir qator farmon va qarorlar, me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. Bu esa jamiyatda ona tiliga bo‘lgan e’zozning huquqiy asosi ta’minlanganidan dalolatdir.
O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi sohasida strategik rivojlanish va tadqiqotlar xalqaro markazida O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 34 yillik bayrami keng nishonlandi.

Unda “Munosabat” ko‘rsatuvi boshlovchisi Quddus A’zam, professor Rahimboy Jumaniyozov hamda xonanda Shuhrat Daryo ishtirok etdi.
Tadbir davomida davlat tilining nufuzini yuksaltirish borasidagi farmon va qarorlar, me’yoriy hujjatlar, ushbu yo‘nalishda 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan konsepsiya mohiyati borasida so‘z bordi.

Yangi O‘zbekistonni har tomonlama taraqqiy ettirish, Uchinchi yuksalish davri poydevorini yaratishga qaratilgan tarixiy islohotlar, o‘zbek tilini rivojlantirish bo‘yicha belgilangan vazifalar barchaning yuragidan joy olmog‘i lozim. Bugungi kunda jahon miqyosida 50 millionga yaqin kishi o‘zbek tilida so‘zlashishi quvonarli.

Xususan, notiq Rahimboy Jumaniyozov bugun yoshlarimiz bir necha tilda bemalol so‘zlasha olishlari va bu har qancha havasga arzirli ekanini e’tirof etdi. So‘zi davomida XX asr boshida yashab ijod qilgan, o‘zbek, arab, fors, hind, turk va rus tillaridagi so‘zlarni o‘z ichiga olgan bebaho lug‘at kitobini yaratgan ma’rifatparvar Ishoqxon Ibratning quyidagi iqtibosini keltirdi. “Bizning yoshlar, albatta, boshqa tilni bilish uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avval o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar. Zero, o‘z tiliga sadoqat, bu – Vataniy ishdir”.

Savol javob tariqasida o‘tgan tadbir so‘ngida xonandalar tomonidan jonli ijroda kuy-qo‘shiqlar yangrab, yig‘ilganlarga ko‘tarinki ruh baxsh etdi.
Abdulaziz RUSTAMOV,
O‘zA