French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘z sohasining faoli bo‘lgan ayollar mukofotlandi
20:52 / 2023-03-06

Bugun Navoiy shahridagi «Oqsaroy» tantanalar uyida Navoiy viloyati hokimligi tomonidan bahorning ilk bayrami – 8 mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan «Ayolga ehtirom – xalqimizga xos olijanob qadriyat» deb nomlangan bayram tadbiri tashkil etildi.

Tadbir avvalida viloyat rahbari Normat Tursunov so‘zga chiqib, viloyatning barcha go‘zallik va nafosat sohibalarini bayram bilan qutladi.  

– Jamiyat hayotining har sohasida xotin-qizlarimizning o‘rni, faolligi ildam qadamlar bilan yuksalib bormoqda, – dedi viloyat rahbari. – Buning natijasi sifatida bugungi zamon ayolining dunyoqarashi kechagidan tubdan farq qiladi, desam, ayni haqiqatni aytgan bo‘laman.  

Bu borada viloyatda erishilgan natijalar ham, aytish mumkinki, faxrlanarli.  

Xususan, so‘nggi olti yil davomida xotin-qizlarning jamiyat ijtimoiy-iqtisodiy hayotidagi o‘rni ta’lim sohasida 74,1 foizni, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar sohasida 81,5 foizni, qishloq xo‘jaligi va qurilish sohasida 34,5 foizni, moliya va iqtisodiyot sohasida 40,9 foizni, sanoat va xizmatlar sohalarida 29,5 foizni tashkil etib, birgina o‘tgan yilning mos davriga nisbatan qariyb 1,2 barobarga ortganini ko‘rsatmoqda.  

Qayd etish joizki, tadbirkorlik, fan, ta’lim, sog‘liqni saqlash va bandlik sohalarida xotin-qizlar uchun yaratilgan keng imkoniyatlar, imtiyozlar samarasi o‘laroq, birgina 2022 yilning o‘zida qariyb 2 ming nafar xotin-qiz o‘zining tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘ydi, ular tomonidan 5,5 mingta yangi ish o‘rinlari yaratildi, 9 193 nafar ayol kasb-hunarga qayta tayyorlandi, 19 ming nafarining bandligi ta’minlandi, 600 nafardan ortiq ayolning uy-joy ta’minoti bilan bog‘liq muammolari hal etildi.  

Birgina «mahallada ijtimoiy xizmat moduli» asosida xotin-qizlar faollari tomonidan qisqa muddat ichida 8 mingga yaqin oilaning ijtimoiy xizmatlar bilan bog‘liq muammolari aniqlandi va qariyb barchasi o‘z yechimini topdi.  

Bu chora-tadbirlarda ayniqsa mahallalardagi «Oqila ayollar harakati» jamoatchilik tuzilmalarining roli katta ahamiyat kasb etyapti.  

Bundan tashqari, birgina «Har bir oila tadbirkor» dasturi doirasida 8 915 nafar ayolga 263 milliard so‘m kredit ajratildi. Ehtiyojmand oilalardagi 1 944 nafar qizlarga oliy ta’lim muassasalariga imtiyozli 4 foizli kvota asosida o‘qishga qabul qilinishi uchun tavsiyanomalar berildi, 150 nafar ehtiyojmand oila farzandlarining 1 milliard 70 million so‘mlik shartnomaviy to‘lovlari to‘lab berildi.  

Bundan tashqari, 2022 yilda «Ayollar daftari»ning 3-bosqichi doirasida 5 995 nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlarning bandligi ta’minlangan.  

1849 nafar xotin-qizga tadbirkorlik faoliyatini boshlash uchun 20 milliard 308 million so‘m miqdorida kredit mablag‘i ajratilgan.  

12 186 nafar xotin-qizlarga umumiy 31 milliard 860 million so‘m miqdorida moddiy yordam ajratilgan.  

252 nafar uy-joyga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlarning muammolari hal etilgan. Ularning 193 nafariga 227 million so‘m miqdoridagi uy-joy ijara kompensatsiyasi to‘lab berilgan bo‘lsa, 59 nafari uy-joy bilan ta’minlangan.  

"Tadbirda mahalla, tuman, shahar, viloyat va respublikada o‘zining salohiyati, ijtimoiy faolligi bilan namuna bo‘lgan, oilalarning mustahkamlanishiga, onalik va bolalik muhofazasiga munosib hissa qo‘shgan, aholi salomatligini mustahkamlash, jamiyatda tibbiy madaniyatni yuksaltirish, shuningdek, sog‘lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, milliy qadriyatlarimizni keng targ‘ib etishda ibratli faoliyat olib borayotgan 15 nafar xotin-qizga «Mo‘’tabar ayol» nishoni topshirildi", deya xabar beradi Navoiy viloyati hokimligi axborot xizmati rahbari Bektemir Pirnafasov.  

Tadbirda o‘z sohasida faol bo‘lgan hududning 20 nafardan ziyod xotin-qizlari viloyat hokimligining faxriy yorliq va qimmatbaho sovg‘alari bilan mukofotlandi.  

O‘zA