Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘z qadrini bilgan inson xalqini ham qadrlay oladi
15:59 / 2022-02-13

Prezidentimiz raisligida bo‘lib o‘tgan O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasini belgilash hamda uni joriy yilda amalga oshirish masalalari muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida mazkur hujjatning mazmun-mohiyati va ahamiyati har tomonlama ochib berildi. Undan kelib chiqadigan dolzarb vazifalar ham aniq ko‘rsatildi.

Prezidentimizning tashabbuslari va sa’y-harakatlari bilan bugungi kunda oliy ta’lim muassasalari soni 159 taga yetdi. Bu Harakatlar strategiyasi amal qilgan ilk davrdagi ko‘rsatkichlarga nisbatan 3 barobar oshganligini ko‘rsatadi.

O‘zbekiston Respublikasining 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasi ushbu ko‘tarilish, ushbu rivojlanishning yangi sahifasini ochib beradi, desak, mubolag‘a bo‘lmaydi. Bunda asosiy e’tibor inson qadriga qaratilgan. Xususan, bularning ichida eng muhimi – ta’lim olish huquqining ta’minlanishi.

Ilmli inson hech qachon xor bo‘lmaydi va doimo xalqining hurmat-e’tiborida bo‘ladi. Kelajak avlodni bilimli qilib tarbiyalash uchun esa, albatta, salohiyati baland haqiqiy pedagog ustozlar kerak. Shuning uchun ham Prezidentimiz tomonidan qo‘yilayotgan talab, bu - ta’lim sifati.

O‘tgan besh yilda yurtimizda juda ko‘p oliy ta’lim muassasalari ochildi. Yangi oliy ta’lim maskanlarining aksariyati hududlarda o‘z faoliyatini boshladi. Bularning negizida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda ta’limning o‘rnini ko‘rsatib berish va shu orqali joylarda taraqqiyotni yanada yuksaltirish g‘oyasi turibdi.

Hozirgi kunda milliy ma’naviyatimiz rivojini tasviriy san’at namunalarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. San’at milliylikka asoslanadi va ezgulik, olijanoblik, do‘stlik, hamjihatlik, ma’naviy yetuklik kabi umuminsoniy g‘oyalarni targ‘ib etadi. Shunday ekan, milliy san’atimizni har tomonlama ravnaq topishi, iste’dodli yoshlarimizning o‘qib-o‘rganishi, o‘z ijod namunalarini namoyish etishi uchun barchamiz birdek mas’ulmiz.

Faxrlanarli tomonimiz shundaki, Kamoliddin Behzod nomidagi Milliy rassomlik va dizayn instituti oliygohlar ichida eng ko‘p akademiklarni o‘zida jam qilgan dargohdir. Ammo, ko‘pchilik yoshlarimiz ilmli professor, akademiklarimiz borligini bilishmaydi. Shu sababli bundan keyin har bir akademik-ustozlarimizning hayot yo‘llari, ijod saboqlari bilan talabalarni tanishtirib borishni, har oyda madaniy, ma’rifiy uchrashuvlar o‘tkazishni oldimizga maqsad qilib qo‘ydik.

70 yoshni qarshi olayotgan, tasviriy san’atdan mukammal saboq bera oladigan oliygoh faoliyatini rivojlantirish, haqiqiy iste’dodli yoshlarni yuzaga chiqarish uchun qanday ishlarni amalga oshirishimiz kerakligi, institutning moliyaviy, o‘quv-metodik va moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, shu jumladan, infratuzilmani yaxshilash, zamonaviy uskunalar hamda jihozlar bilan ta’minlash, shuningdek, kelgusida qilinishi kerak bo‘lgan bir qator masalalar haqidagi ustoz va akademiklarning fikr-mulohazalari chuqur o‘rganilib, tahlil qilinmoqda.

Birinchi navbatda ta’lim natijalarini o‘rganib, institutning 30 yillik faoliyatini tahlil qilamiz. Qolaversa, xorij tajribasini chuqur o‘rganamiz va milliy mentalitetimizdan kelib chiqib amaliyotga joriy etib boramiz. Aynan qaysi yillar xalqimiz uchun iste’dodlarni kashf etib bera oldi?! O‘sha yilgi talabalarning saboq olishi qay tartibda tashkil etilgan?! Bu savollarga javob topsak, yanada to‘g‘ri yo‘l tutgan bo‘lamiz.  

Mamnuniyat bilan shuni ayta olmanki, Yangi O‘zbekiston taraqqiyot strategiyasining tub mohiyati inson qadrini, ya’ni o‘zlikni anglashga qaratilgan. Bizning vazifamiz esa buni yoshlarga sodda va ravon qilib tushuntirishdan iborat. Zero, har bir talaba ertangi kunimizning boshqaruvchisi, millatimiz davomchilaridir. O‘z qadrini anglay olgan talaba esa ertaga haqiqiy inson sifatida xalqini ham qadrlay oladi...

Abbosjon MIRZORAHIMOV,

Kamoliddin Behzod nomidagi

Milliy rassomlik va dizayn

instituti rektori