“Hududgaz Buxoro” gaz ta’minoti filiali komplayens nazorat tuzilmalari, tuman, shahar gaz ta’minoti bo‘limi xodimlari va huquq-tartibot organlari bilan hamkorlikda viloyat bo‘ylab keng ko‘lamli reydlar o‘tkazilmoqda.
Nazorat tadbirlari davomida G‘ijduvon tumanining Sharq mahallasida joylashgan yakka tartibdagi tadbirkor G‘.A.ga qarashli novvoyxonada hisoblagichdan tashqari yashirin tarmoq tortilib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelinayotgani aniqlangan. “Ye-ma’muriy” dasturi orqali hisob-kitob qilinganida gaz ta’minoti korxonasiga 52 million 353 ming so‘m miqdorida zarar yetkazilgani aniqlangan.

Tumanning Pamo‘za mahallasida yashovchi fuqaro N.Sh. ham xuddi shunday qonunbuzarlikka yo‘l qo‘yib, 51 million so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan.
Shuningdek, Buxoro shahridagi “Sadriddin Ayniy” mahalla fuqarolar yig‘inida joylashgan “D.S.T.S.” MCHJga qarashli korxonada tabiiy gazdan foydalanish holati o‘rganilganda, binodagi gaz jihozlarining sarfi elektron gaz hisoblash uskunasining maksimal quvvatidan oshiqcha ekani aniqlandi. Holat bo‘yicha 398 million 679 ming so‘mlik zarar qayta hisob-kitob qilindi.

Aniqlangan holatlar bo‘yicha hujjatlar rasmiylashtirilib, tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi idora vakillariga topshirildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.