English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘z muxbirimiz Afg‘oniston chegarasidan xabar qiladi: janubdagi sarhadlarimiz notinchmi?
16:13 / 2021-08-07

Mamlakatimizning Afg‘oniston Islom Respublikasi bilan chegarasi Surxondaryo viloyatining Termiz tumanidagi Ayritom mahallasidan boshlanadi.

Bu mahalla bilan Afg‘onistonning Xayraton shaharchasini Amudaryo ajratib turadi. Afg‘onistonga kelayotgan yuk o‘tgan asrda daryo ustida barpo etilgan “Do‘stlik” ko‘prigidan avtomobil va temir yo‘l orqali Xayraton yuk terminaliga yetkaziladi. Shuningdek, Xayraton Balx viloyatining port shaharchasi ham sanaladi. Afg‘onistonga jo‘natilgan yuklar Termiz daryo porti orqali barjalarda Xayraton portiga tez va ishonchli yetkazib beriladi. Ma’lumotlarga ko‘ra, Balx viloyatining avtomobil va temir yo‘l hamda daryo orqali yuk qabul qiluvchi muhim shaharchasi bo‘lgan Xayratonda besh mingdan ortiq aholi istiqomat qiladi.

Amudaryoning o‘ng qirg‘og‘iga tutash Termiz tumanidagi Ayritom mahallasida olti millatga mansub uch yarim mingga yaqin aholi tinch, osuda yashamoqda. Mahalla hududida “Termiz Cargo Centre” xalqaro logistika markazi faoliyat yurtimoqda. Bu yerda yon qo‘shni davlat tadbirkorlarining savdo-sotiq qilishi uchun barcha zamonaviy sharoit yaratilgan. Konsullik vakili, bojxona terminali binosi, mahsulotlarni saqlash uchun omborxonalar, tijorat banklarining shoxobchalari mavjud.

Mahalladagi ikkita yirik chorvachilik kompleksi aholining go‘sht-sut mahsulotlariga ehtiyojini qondirishga xizmat qilayotir. 26 gektar maydonda Termiz xalqaro savdo markazi bunyod etilmoqda. Qiymati 75 million dollarlik yangi markazda 1 ming 800 ta savdo nuqtasi, 50 ming tonna yuk sig‘imiga ega logistika markazi, 400 o‘rinli ikkita mehmonxona, shifoxonalar, avtomobillarga texnik xizmat ko‘rsatadigan ustaxonlar qurilmoqda. Ishlab chiqarish korxonalari barpo etilayotir.

– Afg‘oniston bilan bizni Amudaryo ajratib turadi, – deydi “Ayritom” mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Musurmonqul Hazratqulov. – Oddiy qilib aytganda biz, bir daryoning ikki qirg‘og‘idagi bir millat vakillarimiz. O‘tmishdan bordi-keldi qilib, yashaganmiz. Mahallamiz hududida qurilishi boshlangan bu inshootlar ham kelgusi yildan qo‘shni Afg‘on xalqi uchun xizmat qiladi. So‘nggi paytlarda yon qo‘shnilarimizning tinchligi yana buzildi. O‘tgan oyda bir necha kun o‘q ovozlari ham eshitildi. Lekin, bu holat bizning mahallamizga ta’sir etgani yo‘q. Hamma o‘z ishi bilan band. Odamlarimiz tinchlikda yashab, mehnat qilmoqda. Hayot qaynamoqda. Surxondaryoning chegara hududlari haqida turli mish-mishlar tarqadi. Ularning bari bo‘rttirib aytilgan gaplar. Bizga qo‘shni davlatda bo‘lgan hodisalarning umuman ta’siri sezilgani yo‘q.

Mahallaning Oxunboboyev nomli qishlog‘i Amudaryoning shundoq qirg‘og‘ida joylashgan. Bu yerda ikki mingga yaqin aholi istiqomat qilmoqda. “Dilira’no Yangiariq” fermer xo‘jaligi dalasi daryo bo‘yiga yanada yaqin. Daladan Xayraton shaharchasi ko‘rinib turadi. Fermer xo‘jaligi rahbari Muzaffar Namazovning aytishicha, xo‘jalik 94,6 gektar maydonda dehqonchilik qilmoqda. 66,6 gektar yerda bug‘doy yetishtirib, mo‘l hosil oldi. 28 gektar maydonda parvarishlanayotgan “Buxoro-102” navli paxta ham qiyg‘os ochilib qoldi. G‘alladan bo‘shagan maydonlarda mosh, ko‘kat yetishtirilmoqda. Dehqonlar mo‘l hosil olish ishtiyoqida ko‘ngli xotirjam mehnat qilayotir.

Erta tongda fermerning paxta dalasida suvchi Murod Oqnazarov bilan uchrashib qoldik.

– Yoz issiq kelgan bo‘lsa ham hosil cho‘g‘imiz baland, – deydi M.Oqnazarov. – Paxta qiyg‘os ochilmoqda. Agatlarga qo‘yilgan suvni ko‘llab ketmasligi uchun kuzatib turibman. Salqinda berilgan suv hosilga hosil qo‘shadi.

– Daryoning narigi tarafi tinchmi, so‘raymiz suvchidan?

– Hozir tinch. Biroq, bundan bir oycha oldin o‘q ovozlarini eshitib, andak havotirlangan edik. Yana tinchib qolishdi. Har kuni dalaga kelib ishlaymiz. Hech birimizda hadik yo‘q. Chunki, janjalmi, urushmi nima bo‘lsa ham, o‘z ovozi Xayraton tarafdan keldi.Uning bizga dahli yo‘q. Mahallamizda barcha tinchligimizdan kunduzi ko‘ngli to‘q mehnat qilib, tunda oram oladi.

Tojikiston bilan chegaradosh Gulbahor mahallasiga tutashib ketgan Navro‘z qishlog‘ida ham odamlar odatdagidek, yashab, ishlamoqda. Dala va tomarqasidagi ziroatlarni mehr bilan parvarishlab, mo‘l hosil olishga taraddud ko‘rmoqda. Yon qo‘shni davlat ko‘zga tashlanib turadigan bu qishloq odamlari bilan suhbatlashdik. Mu’jazgina tomarqasida yetishtirilayotgan ziroatlarni ko‘zdan kechirib, osuda hayot, halol mehnat va dehqonchilik sirlari haqida dildan gurung qildik.

Qishloqdagi Ravshan Mamajonov va Fotima Sulaymanovalar tomarqasida anorzor barpo etilgan. Qator oralarida esa yeryong‘oq parvarishlanmoqda.

– Tomarqamiz o‘zimizga yetadi, – deydi uy bekasi F.Sulaymonova. – Uch farzandimiz bor. Bu yil anorimizda hosil kutilganidek bo‘lmadi. Lekin, shunisiga ham shukr. Yeryong‘og‘imizdan yaxshi hosil kutayapmiz. Boriga qanoat, yo‘g‘iga sabr qilib yashayapmiz. Eng muhimi tinchlik bo‘lsin ekan. Yaqinda qo‘shni Afg‘oniston tarafda kechalari o‘q ovozlarini eshitib, sahal ko‘ngilimizga xavotir ham keldi. Yaratganga beadad shukrlar bo‘lsinki, bizning yurtimiz, qishlog‘imiz va uyimiz mana ko‘rib turganingizdek tinchlik, ahillik, qaynoq mehnat bilan totli bo‘lib turibdi.

Afg‘oniston Islom Respublikasi bilan chegaradosh Surxondaryo viloyatida tinch, osuda hayot davom etmoqda. Odamlar kundalik ishlari bilan mashg‘ul. Bu haqda kelgusida videolavhalar ham tayyorlab, e’tiboringizga havola etishni rejalashtirganmiz. Aniq dalillarga asoslangan xabarlar bilan tanishishni istasangiz saytimizni kuzatib boring.

Xolmo‘min MAMATRAYIMOV, O‘zA