Sirdaryo viloyatining Guliston tumanida xotin-qizlarning bandligini ta’minlash, ularni kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish bo‘yicha tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Bu borada O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025 yil 14 martdagi “Oila va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori muhim dasturiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.
Hisobotlarga ko‘ra, joriy yilning o‘zida 1 436 nafar xotin-qiz turli yo‘nalishlarda o‘quv kurslariga jalb qilindi. Shulardan 781 nafari kasb-hunar, 544 nafari tadbirkorlik va moliyaviy savodxonlik, 1 002 nafari esa “Sayxunobod tajribasi” asosida o‘qitildi. Shuningdek, 30 nafar xotin-qiz xorijiy tillarni o‘rganmoqda, 72 nafar qiz esa daraxt va gul ko‘chatlari yetishtirish bo‘yicha o‘z bilimlarini oshirishmoqda.
Tuman hokimligi va mutasaddi idoralar ishsiz xotin-qizlarni ishga joylashtirish yuzasidan ham qator ishlarni amalga oshirdi. Xususan, 693 nafar xotin-qiz doimiy ishga joylashtirildi, 1 850 nafar xotin-qiz ipakchilik sohasiga jalb etildi. Shu bilan birga, 540 nafar xotin-qizga imtiyozli kreditlar ajratildi, 32 nafarining tadbirkorlik loyihalari qo‘llab-quvvatlandi.

Xotin-qizlarni oliy ta’limga jalb qilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 iyundagi "Oliy ta’lim muassasalariga qo‘shimcha davlat granti asosidagi qabul ko‘rsatkichlari doirasida ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma berish va ularni o‘qishga qabul qilishni tashkil etish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida" gi qaroriga asosan, ehtiyojmand oilalardan 152 nafar xotin-qiz davlat granti asosida qabul ko‘rsatkichlari doirasida tanlovda ishtirok etish uchun ariza topshirdi. Shundan 116 nafari ishchi guruh xulosasiga ko‘ra tavsiyanoma oldi.

Shuningdek, 2022 yil 9 iyundagi qarorga muvofiq, kamida 5 yil mehnat stajiga ega 37 nafar xotin-qiz davlat oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga hujjat topshirdi va barchasiga tavsiyanoma berildi.
Gulistonlik Surayyo Abdusalomova ana shunday imkoniyatlardan foydalangan xotin-qizlardan biri. U tadbirkorlik bo‘yicha o‘quv kursini tamomlab, imtiyozli kredit asosida kichik tikuv sexini yo‘lga qo‘ydi. Hozirgi kunda u besh nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlagan.

– Avval uy sharoitida mayda buyurtmalar olib ishlardim. Kursdan keyin bilimim, ishga ishonchim ortdi. Hukumat bergan imkoniyat tufayli endi o‘z sexim bor. Bu nafaqat men uchun, balki ishlayotgan qizlar uchun ham katta imkoniyat, – deydi Surayyo.

– Xotin-qizlarimizning bilim olishi, kasb-hunar egallashi va o‘z ishini yo‘lga qo‘yishi — nafaqat ularning oilasi, balki butun jamiyatning ravnaqiga xizmat qiladi. Har bir ayolning qo‘lidan ish kelishi, iqtisodiy jihatdan mustaqil bo‘lishi uning hayotga ishonchini mustahkamlaydi. Biz tumandagi har bir xotin-qizni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz, – dedi Guliston tumani hokimi o‘rinbosari, Oila va xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i Matluba Xudoyberdiyeva.
Mutasaddilar ta’kidlaganidek, amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar xotin-qizlarning bilim va malakasini oshirish, ularning ijtimoiy-iqtisodiy hayotdagi faolligini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri