English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘z kelajagim uchun o‘zim ovoz beraman!
16:05 / 2021-10-08

Ayni kunlarda O‘zbekiston Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ishlari qizg‘in pallaga kirib bormoqda.

Yurtimizda saylovchilarning 7 millionga yaqinini 30 yoshgacha bo‘lgan fuqarolar tashkil etadi. Ya’ni yoshlar saylovchilarning asosiy qismi bo‘lib, ularning bu jarayondagi faolligi muhim ahamiyat kasb etadi. Shu bois ham saylovga tayyorgarlik ko‘rish borasidagi chora-tadbirlar doirasida yoshlarning siyosiy-huquqiy bilimlarini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda, ularning siyosiy tadbirda o‘z huquqlaridan samarali foydalanish bo‘yicha faolligini oshirishga qaratilgan targ‘ibot ishlari olib borilmoqda.  

Xo‘sh, bugun yurtimiz yoshlari Prezidentlik sayloviga qay darajada mas’uliyat bilan qaramoqda, ular o‘z kelajagi uchun ovoz berishga tayyormi?

Bu borada bir guruh yoshlarning fikr-mulohazalari bilan qiziqdik.  

Muqaddas Mamarasulova,  

Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sovrindori:

– Men talaba va yosh ijodkor sifatida bilim olishga asosiy e’tiborimni, vaqtimni sarflayman. Bilim olish barobarida saylov ham hayotimizda muhim o‘rin tutadi. O‘z mahallasiga, qishlog‘iga, shaharu tumaniga bee’tibor bo‘lmagan har bir fuqaro mamlakat ertasi, kelajagi uchun muhim bo‘lgan tadbir – saylovda faol ishtirok etishi lozim. Shu ma’noda men ham kun sayin yaqinlashib kelayotgan O‘zbekiston Prezidenti saylovida o‘zim shaxsan ishtirok etib, o‘z kelajagim uchun ovoz bermoqchiman. Va barcha tengdoshlarimni bu siyosiy jarayonda faol bo‘lishga chaqiraman. Shu o‘rinda ta’kidlashim kerakki, yurtimizda tengdoshlarimizning saylov bo‘yicha bilim va ko‘nikmalarini oshirish borasida qator targ‘ibot tadbirlari tashkil etilgani ayni muddao bo‘ldi. Chunki bu kabi targ‘ibotlar davomida yigit-qizlar saylovga oid tartib-qoidalar bilan batafsil tanishishdi.

Alisher Musulmonov,  

Jizzax shahridagi “Alitech” dasturlash korxonasi rahbari va yetakchi dasturchisi, “Shuhrat” medali sohibi:

– Yetuk malakali kadrlarga ehtiyoj har bir davlatda muhim masala hisoblanadi. 2014 yilda dasturlash sohasidagi bilimlarimni mustahkamlash maqsadida AQSHga yo‘l oldim. U yerda 2 yil davomida dizayn akademiyasida dasturlashga oid bilimlarimni mustahkamladim. Shu bilan birga, dasturlash korxonasida tajriba orttirdim. Ayni paytda “Alitech” dasturlash korxonamizda o‘z yo‘nalishim bo‘yicha faoliyat olib boryapman.

Kelgusidagi faoliyatimiz, hayotimiz, qanday marralarga erishishimiz, umuman, mamlakatimizning ertangi kuni shu yil 24 oktyabrda bo‘lib o‘tadigan Prezidentlik saylovi bilan chambarchas bog‘liq. Ushbu saylov har birimizga mas’uliyat yuklaydi. Shunday ekan, ushbu siyosiy tadbirda barcha tengdoshlarim qatorida faol ishtirok etaman.

Qodirbek Safarov, talaba:

– Yangi O‘zbekistonning nurli kelajagiga ishongan va o‘z salohiyati bilan Vatan ravnaqi uchun xizmat qilishga shay bo‘lgan yoshlar vakiliman. Mamlakat yoshlarini, iqtidor va iste’dod egalarini yanada qo‘llab-quvvatlash va yuksaltirish davlat siyosatiga bog‘liqdir. Shunday ekan, oldimizda turgan O‘zbekiston Prezidenti saylovi yurtimiz hayotidagi eng muhim ijtimoiy-siyosiy jarayon sifatida barchamizning hayotimizda, kelajagimizda dolzarb o‘rin tutadi. Ushbu saylovda eng munosib nomzodni saylash ko‘p sonli saylovchilarning faolligi hamda qabul qiladigan qarorlariga bog‘liq. Demak, 24 oktyabr kuni o‘z konstitutsiyaviy huquqlarimizdan unumli foydalanib, o‘zimiz ma’qul topgan nomzodga o‘z ovozimizni berishimiz lozim.

 

Muhtarama Komilova tayyorladi.

O‘zA