“Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filiali qurilish montaj boshqarmasida bugungi kunda sakkiz nafar payvandchi ish faoliyatini olib boradi. Ularning ish tartibi bir xil. Gazlashtirish loyihalari asosida belgilangan hududda gaz quvurlarini tortish, montaj ishlarini olib borishdir.
E’tiborlisi, bu vazifa yozning jaziramasi, qishning sovuq kunlarida ham bajarilishi shart. Ular o‘ziga yuklatilgan mas’uliyatni qanday ob-havo sharoitida bo‘lmasin, ado etishga odatlangan. Bu jonkuyar ishchilar orasida payvandchi Oybek Safarovning ham o‘z o‘rni bor.
Oybek Safarov hozirda G‘ozg‘on shahridagi gazlashtirish jarayonlarida ishtirok etmoqda.
Prezidentning 2022 yil 30 dekabrdagi “2023-2025 yillarda O‘zbekiston Respublikasining ijtimoiy va ishlab chiqarish infratuzilmasini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi qaroriga asosan hududlarda kichik sanoat hamda yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarini tashkil etish belgilangan.

Tashkil etilishi belgilangan kichik sanoat zonalarning gazlashtirish loyihalari “Hududgaz Navoiy” gaz ta’minoti filialining loyiha bo‘limi tomonidan ishlab chiqildi.
Bugungi kunda 4 ta kichik sanoat va yoshlar sanoat va tadbirkorlik zonalarining loyiha-smeta hujjatlariga asosan tashqi tabiiy gaz tarmoqlarini qurish ishlari amalga oshirilgan.
Shuningdek, G‘ozg‘on shahar “Marmarobod” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida tashkil etilgan kichik sanoat zonasini gazlashtirish uchun diametri 114 mm.li 6,7 kilometr tashqi gaz tarmoqlari tortilishi rejalashtirilgan. Hozirda gaz tarmoqlari montaj ishlari deyarli yakuniga yetay deb qoldi.

Qahramonimiz O. Safarovni qizg‘in ish ustida uchratdik.
– Shu sohada mehnat qilayotganimga qariyb 20 yil bo‘ldi, – deydi O. Safarov. – Payvandchilikning o‘ziga yarasha mashaqqatli tomonlari ham bor. Ishimni yaxshi ko‘rganim uchun ham qiyinchiliklarga ham chidayman. Har bir hududda o‘zimizga tegishli vazifalarni yakuniga yetkazib bo‘lganimizda, hamma charchoqlar unutiladi. Shu kasbim orqasidan hurmat topdim, ustozlarimdan minnatdorman. O‘zim ham shogirdlar tayyorlayapman. Ishimizni sifatli qilib bajarsak, gazlashtirish jarayonlarida hissamiz qo‘shilsa, xalqimiz bizdan xursand bo‘lib, duo qilsa - shu mening baxtim. Ishim orqasidan oilam farovon, farzandlar o‘stiryapmiz, to‘ylar qildik.
Kamtarin, mehnatkash xodim bilan suhbatlasharkanmiz, kasbiga mehr qo‘yish, o‘z ishini mas’uliyat va zavq bilan bajarish ham bir saodat ekanligiga yana bir karra amin bo‘ldik.
A.Bo‘riyev, O‘zA