Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi 8-sonli bolalar musiqa va san’at maktabida “Sen iste’dodlisan” respublika tanlovining tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi. Tadbir inklyuziv ta’lim sinflarida hamda uy sharoitida yakka tartibda ta’lim olayotgan o‘quvchilar o‘rtasida tashkil etildi.
Tadbir davomida ishtirokchilar qo‘shiq, raqs, musiqa va boshqa yo‘nalishlarda o‘z iste’dodlarini namoyish etishdi. Ular har bir chiqishlarida mehr, g‘ayrat va ishonch bilan o‘zlarining ijodiy mahoratlarini namoyi etishdi.


Hakamlar hay’ati esa ishtirokchilarning tayyorgarligi, sahnaviy madaniyati va san’atga bo‘lgan munosabatlarini baholab borishdi.


Tadbir yakunida o‘z nominatsiyasi bo‘yicha g‘oliblikni qo‘lga kiritgan bolajonlar diplom va qimmatbaho sovg‘alari bilan taqdirlanishdi. Bu ular uchun nafaqat mukofot, balki kelgusidagi ijodiy izlanishlariga ilhom va ishonch bag‘ishlaydigan muhim rag‘bat bo‘ldi.

– Ushbu tanlov iqtidorli bolalarni aniqlash va rag‘batlantirish, imkoniyati cheklangan o‘quvchilarni jamiyat hayotiga faol jalb etish hamda ularning o‘z imkoniyatlariga bo‘lgan ishonchlarini mustahkamlash uchun o‘tkazildi. Bolajonlarimiz buni a’lo darajada uddalashdi va biz o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadga erishdik deb o‘ylayman, – dedi Sharof Rashidov tumani maktabgacha va maktab ta’lim bo‘limi boshlig‘i Dilfuza Sadriddinova.
A.Qayumov, J.Yorbekov (surat), O‘zA