Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘z davrida “kadrlar ustaxonasi” deb e’tirof etilgan nashriyot hozir nima bilan mashg‘ul?
15:59 / 2025-07-10

G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyining nashriyot masalalari bo‘yicha direktor o‘rinbosari Habib ABDIEV bilan suhbat.

– Siz bosh muharrirlik qilayotgan G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi O‘zbekistonda adabiyot va san’at rivoji bilan bog‘liq boy tarixga ega. Ushbu muassasaning maqomi bir necha bor o‘zgargan. Bir paytlar bu yerda har yili umumiy adadi 4 million nusxaga yaqin 200 dan ortiq kitoblar nashr etilgan. Nashriyot avvallari badiiy adabiyot, san’atga oid adabiyotlarni nashr etishga ixtisoslashgan va o‘zbek adabiyoti va madaniyatini targ‘ib etishda muhim o‘rin tutgan. Nashriyot jamoasi bugun nima bilan mashg‘ul?

– Aytganingizdek, nashriyot O‘zbekistonda adabiyot va san’at rivoji bilan bog‘liq boy tarixga ega. G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot nashriyoti 1966 yilda shoir va yozuvchilar, san’atshunoslar, madaniyat namoyandalarining asarlarini markazlashtirilgan holda nashr etish va ijodiy jarayonlarga ko‘maklashish, ularni rivojlantirish maqsadida tashkil etilgan. 1970 yildan G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyoti, keyinchalik Rangli bosma fabrikasi bilan birlashtirilib, G‘afur G‘ulom nomidagi nashriyot-matbaa ijodiy uyi nomi berilgan.

Bu dargoh o‘zbek mumtoz adabiyoti hamda san’atiga oid asarlar, jahon adabiyotining o‘zbek tilidagi nodir namunalarini O‘zbekistonda birinchi bo‘lib nashr etgan otaxon nashriyotlardan.

O‘z davrida jahon adabiyotining yetuk vakillari Pablo Neruda, Nozim Hikmat, Chingiz Aytmatov, Rasul Hamzatov, Qaysin Quliyev, Mirzo Tursunzoda, Konstantin Simonov, Rima Kazakova kabi mashhur adiblar bu yerga bir necha bor tashrif buyurib, mustahkam ijodiy hamkorlik olib borishgan.

Bu yerda ishlagan ko‘plab ijodkorlar keyinchalik taniqli shoir, yozuvchi hamda davlat arboblari sifatida yurtga tanilgan. Bu borada ijodiy uyni “kadrlar ustaxonasi” deb e’tirof etish ham mumkin. 

Oqsoqol yozuvchilarimiz dunyo yuzini ko‘rajak asarlarining ushbu makonini o‘z vaqtida “Adabiyotimizning laboratoriyasi” deya ta’riflashgan. Ijodkorlarimiz tomonidan berilgan bu e’tirof nashriyotni, bugungi til bilan aytganda, “brend” darajasiga olib chiqdi va asarini chop etmoqchi bo‘lgan har bir yosh yozuvchi-shoirning ko‘nglidagi orzuga aylandi. 

Bugungi kunda nashriyot yosh iste’dodlarni izlab topish, ularning sara ijod namunalarini kitob holida nashr etishda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi bilan keng hamkorlik qilib kelmoqda.

Hozirgi sharoit boshqa, endi bozor bilan hisoblashish, uning ko‘ngliga qarash lozim. Respublikamizda faoliyat olib borayotgan nashriyotlar qatori G‘afur G‘ulom NMIU ham bozor taloto‘plari ichida o‘z nufuzini – brendini yo‘qotib qo‘ygani yo‘q. Bozorga pul topish ilinjida boshi bilan sho‘ng‘ib ham ketmadi, undan chetda ham emas. Faqat oldi-qochdi kitoblar bilan nashriyotning obro‘sini saqlab qolish dargumon. Chunki ma’naviyatning ba’zi o‘lchamlari bozor qoliplariga sig‘maydi, holbuki, bosmaxona pul chop etadigan korxona emas. Nashriyot jamoasi shu ruhiyatdan kelib chiqib, hozirda adabiyot va san’atga oid kitoblar bilan bir qatorda darsliklar, ensiklopedik asarlar ham chop etmoqda. Noshir uchun sifat birlamchi bo‘lishi kerak. Hozirgi zamon kitobxoni injiq. Unga mahsulotingizni go‘zal ko‘rinishda tavsiya etmasangiz – yutqazasiz. Maqtansa arzigulik kitoblarimiz bor. Olimlar bilan hamkorlikda 2 jildlik Amir Temur ensiklopediyasining 1-jildini nashrga tayyorladik. Usmon Azim (8 jildli) va Azim Suyun (6 jild) kabi el ardog‘idagi ustoz shoirlarimizning “Tanlangan asarlar”i kitobxonlar qo‘liga yetib bordi. Bundan tashqari, bolalar uchun yangicha bezakda Antuan de Sent-Ekzyuperining “Kichkina shahzoda”, G‘afur G‘ulomning “Shum bola”, shuningdek, “Dinozavrlar” va “Koinot” haqida taxlanuvchi varaqli kitoblar chop etildi. Bu esa yoshlarimizning kitobga bo‘lgan muhabbatini oshirish, ijodkorlik qobiliyatlarini rag‘batlantirish bilan bir qatorda ma’naviy boyliklarning qadriga yetadigan, ulardan unumli foydalanadigan qilib tarbiyalash uchun ham xizmat qiladi. Sevimli yozuvchimiz Tog‘ay Murodning bir gapi bor: “Kitob yoki jurnalni Internet sahifalaridan ham o‘qisa bo‘ladi. Ammo Internetda kitobga xos hid yo‘q, sahifalarni varaqlashdek huzur yo‘q. Eng asosiysi, uni yostig‘ing tagiga qo‘yib bo‘lmaydi”.

– Noshir va yozuvchi sifatida O‘zbekiston kitob bozorining bugungi ahvoli haqida qanday fikrdasiz? Zamonaviy mualliflarni qanday mavzular qiziqtirayapti? Bugungi o‘quvchi qaysi janrni afzal ko‘radi?

– Buyuklardan biri shunday degan ekan: “Agar karvonning birinchi tuyasiga kitob ortilgan bo‘lsa, men oxirgi tuyaning arqonini tahoratsiz ushlamayman!” Qarang, bobolarimiz shu darajada kitobni e’zozlagan, uni muqaddas bilgan. Insonning ruhiy-ma’naviy kamolotini ta’minlashda kitobchalik kuchli qudratga ega vosita yo‘q. Afsuski, hozirda ma’lum ma’noda shakllangan o‘ziga xos badiiy didga ega o‘quvchilar bilan bir qatorda yengil-yelpi kitoblarga o‘ch katta auditoriya ham shakllanib bormoqda. Bozorning o‘z talablari bor, u tabiiyki mayda mavzu, turmushning ikir-chikirlari aks etgan “sariq” kitoblarga xaridor. Har qanday holatda ham me’yor saqlanadi. Nima bo‘lganda ham, o‘z faoliyatimizni oldimizda nihoyatda zukko va ziyrak kitobxon turganini nazarda tutgan holda amalga oshiramiz. Nashriyot rejalari esa arzigulik kitoblar ruhiyatidan kelib chiqib tuziladi. Yaqinda Sh.Bo‘tayevning yangi romani – “Yettinchi tong” asarini chop etdik. O‘ziga xos asar. Qolaversa, yangi tarjimalar: F.Kafka, “Qo‘rg‘on”; Richard Adams, “Tepalik ahli” va boshqa bir qancha kitoblar katta adadda nashr etilib, tezda sotilib ketdi. Bozorda, asosan, nasriy asarlarga bo‘lgan talab kundan-kun ortib bormoqda. Mayli-da deyman, yoshlarimiz she’r bo‘lmasa ham, hikoya va romanlar mutolaa qilayapti-ku... O‘ylaymanki, bu nasriy asarlar ularni she’riyatga qaytaradi, ular o‘z tuyg‘ularini sog‘inib qoladi... Bu taskin emas. Yana bir gap. Bir kitobni qayta-qayta nashr etaverish ham nashriyotning saviyasini o‘ldiradi, shu bois biz, asosan, orginal va yangi asarlarni chop etishga e’tibor qaratdik. Bu o‘zimizga ham zavq bag‘ishlaydi. Qaysidir chop etgan yaxshi, yangi bir kitobimiz bozordan o‘z o‘rnini topsa, bu bizning yutug‘imizdir.

– Nashr qilish uchun kitoblarni qanday tanlaysiz? Kitob yaxshi bo‘lsa-da, uni nashr eta olmagan vaqtlar bo‘lganmi? O‘quvchilarning ehtiyojlarini qanday aniqlaysiz?

– Nashriyot yashash uchun istaymizmi-yo‘qmi, bozor bilan murosa qilishga majbur. Shunday ekan, albatta, xaridor talabi o‘rganiladi. Marketing bilan hamkorlikda nashr rejasi tuziladi va nashriyot tomonidan tayyorlangan nazorat nusxalar sotuvchilarga tavsiya qilinadi. Xaridor topilsa, ya’ni marketing bo‘limi shu kitobni sotishga ko‘zi yetsa, katta adadda chop etishga ruxsat beriladi, yo‘qsa...

XV asr oxiri va XVI asr boshlarida Temuriylar tanazzulidan so‘ng Movarounnahr va Xuroson yerlarini birlashtirib, o‘zbek davlatchiligini yangi bosqichga olib chiqqan Shohbaxtxon Muhammad Shayboniyxonning yangi devoni tahririyatga kelib tushdi. Afsuski, marketing bilan uning savdosi borasida fikrimiz bir joydan chiqmagani bois kitob nashr etilmay qoldi. To‘g‘ri, bunday kitoblar xos davralar va tadqiqotchilar uchun mo‘ljallangan bo‘lishi mumkin. Agar biz cho‘ntakni o‘ylab bunday noyob kitoblarni chop etishdan yuz o‘girsak, bozor keraksiz qog‘ozlar bilan to‘lib-toshaveradi. Faqat oldi-qochdi kitoblarga ruju qo‘ygan nashriyotlar istiqbolini tasavvur qilish qiyin.

– Zamonaviy adabiyotda kitobning sifati va tijorat istiqbollari haqida nima deysiz?

– Kitob sifati degan iborani biz bugun ishlatayapmiz, aslida badiiy jihatdan bo‘sh kitoblarni chop etishning o‘zi qadriyatlarga asoslagan har qanday mezon va o‘lchovlarni oyog‘osti qilish demakdir. Agar siz kitobning matbaa sifati haqida so‘rayotgan bo‘lsangiz, bu borada nashriyotlar ancha oldinlab ketgan, ular xalqaro standartlarga javob beradigan, bejirim kitoblar chop etishga ulgurishdi. Mohiyat esa oqsayotgani, gurullab ketmayotgani hech kimga sir emas. Kitob mazmunan sifatli chiqishida muharrir, musahhih va rassomlarning alohida o‘rni bor. Taniqli shoir va yozuvchilar ham professional muharrir va musahhihlarga o‘zlarida ehtiyoj sezadi. Taniqli ustoz shoir va yozuvchilarimiz nashriyotga: “Menga eng yaxshi muharrirni ko‘rsat”, deb kelardi. Bugun-chi?.. Bugun noshirlik sohasida ana shunday mutaxassislar kamayib ketdi. Korxonada ish hajmi pasaysa, yaxshi muharrirga biz ko‘chani ko‘rsatib qo‘yamiz, ish hajmi ko‘paysa, ularni izlab qolamiz. Bugun bu masala, ya’ni mutaxassislar masalasi qay darajada muhim ahamiyatga ega ekanini muharrirsiz va musahhihsiz faoliyat yuritayotgan nashriyotlar, ayniqsa, xususiy nashriyotlar chiqarayotgan “kitoblar” misolida ko‘rish mumkin.

Kitobxonlarga qanday kitoblarni o‘qishni tavsiya qilasiz? Kitoblari keng muhokamalarga sabab bo‘lgan mualliflar bormi?

– Karl Mariya fon Viber “Ikki bora o‘qishga arzimaydigan kitob, uni bir marta ham o‘qishga arzimaydi” degan ekan. Siz o‘qigan kitobingizni yana qayta qo‘lga oldingizmi, demak, u yaxshi kitob. Farzandlarimiz qanday kitoblarni o‘qishlari kerak? Bozor munosabatlari sharoitida badiiy qadriyatlarga nisbatan e’tibor susaydi va bozorbop badiiy asarlar yuzaga keldi. Shu o‘rinda Chingiz Aytmatovning bu boradagi fikrini keltirib o‘tmoqchiman: “O‘z mehnating bilan o‘zingni ta’minlay olmasang, zamon akulasiga yem bo‘lasan. Shu bois kitob do‘konlarini, peshtaxtalarni, bozorlarni yaramas oldi-qochdi asarlar egallab yotibdi. Zo‘ravonlik, qotillik, talonchilik ruhi bilan sug‘orilgan bu asarlar, aslida jinoyatchilikni takomillashtirish bo‘yicha o‘ziga xos qo‘llanma vazifasini bajaryapti”. G‘afur G‘ulom nomidagi NMIU o‘quvchilarga yaxshi kitoblarni saralab o‘qishlari uchun tavsiya sifatida “Barcha davrlarda sevimli kitob” rukni ostida yuzga yaqin asarlar chop etdi. S.Sayyidning “Yarim asr devoni” o‘quvchilar tomonidan yaxshi kutib olindi. Kitobga shoirning 1974 yilgi ilk havaskorona bitiklaridan tortib, sof lirik tuyg‘ular ifodalangan she’rlarigacha, ona xalqimizning og‘ir, sinovli kunlarda chekkan zahmatu mehnatlariga, anduh va iztiroblariga hamdard bo‘lib yozilgan o‘tli nazm namunalaridan yangi zamon ruhi keng ko‘lamda o‘z ifodasini topgan manzumalarigacha – sara asarlari jamlangan.

– Nashriyot o‘zi chop etayotgan kitoblarni reklama qiladimi? Taniqli bo‘lmagan muallifning kitobi reklama yordamisiz bestseller bo‘lish imkoniyatiga egami?

– Hozirgi vaqtda nashr etilgan har bir yangi kitobni reklama qilish kerak deb o‘ylayman. Shunda o‘quvchida izlayotgan kitobini osonlik bilan topib o‘qish imkoniyati bo‘ladi. Kitob haqidagi ma’lumotni o‘quvchiga faqat reklama emas, boshqa turli xil yo‘llar bilan, aytaylik, taqriz, kichik lavhalar, adabiyotshunos olimlar ishtirokidagi davra suhbatlari orqali ham yetkazish mumkin. Nashriyotning ijtimoiy tarmoqlarda Telegramm, Istagramm, Fasebook, YouTube kanallari mavjud. Ular orqali  chop etilgan yangi kitoblar reklama qilib boriladi. Bundan tashqari, televideniyeda muallif va tarjimonlar ishtirokida ko‘rsatuvlar tayyorlanadi, taqdimotlar uyushtiriladi.

– Agar sizda hozirgi kitob bozorida biror narsani o‘zgartirish imkoni bo‘lganida, birinchi navbatda nimani o‘zgartirgan bo‘lardingiz?

– Agar o‘zgartirish imkoni bo‘lganida, avvalo, kitob rastalarini ko‘paytirgan, ularni o‘zbek adabiyotining eng nodir namunalari, turli tildan tarjima qilingan har xil sohaga oid adabiyotlar bilan to‘ldirgan bo‘lar edim. Chunki respublikamizning chekka hududlarida hali ham kitob savdosi yo‘lga qo‘yilmagan joylar bisyor. Buning asosiy omillari kitoblarning kam adadda chop etilayotgani, borlari ham shahar do‘konlarida qolib ketayotgani hamda kitob chop etish va uning savdosi uchun imtiyozlarning yo‘qligida. Ushbular sabab bugun bozorlarda kitob rastalari va ularda o‘rin olgan kitoblar kam sonni tashkil etadi.

Shu o‘rinda ta’kidlashim kerak, yaqinda Qozog‘iston parlamentida mahalliy nashriyotlar tomonidan chop etilgan kitoblar va ularni chop etish bo‘yicha xizmatlarni qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod qilishga oid tashabbus bir ovozdan qo‘llab-quvvatlangan edi. Ko‘plab davlatlarda kitoblar nafaqat soliqlardan ozod etiladi, balki qo‘llab-quvvatlanadi va hatto subsidiya ham beriladi. Bunday tashabbus va islohotlar biz uchun ham kerak. Bolalar adabiyotini rivojlantirish, sharqona qadriyatlarimizni o‘zida mujassam etgan milliy kontentni shakllantirish bugun har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. O‘sib kelayotgan yosh avlodni yo‘ldan ozdiruvchi turli onlayn o‘yinlar va axborotlar keng quloch yozgan bir vaqtda mazkur yo‘nalishda davlat tomonidan subsidiyalar ajratish, mualliflarni rag‘batlantirish, grantlar bilan qo‘llab-quvvatlash, kitob savdosini soliqdan ozod qilish kabi tashabbuslarni amaliyotga joriy etish nihoyatda muhim.

Bozor iqtisodiyoti insonda mulkdorlik tuyg‘usini tarkib toptirishi yaxshi, biroq bu jarayon ma’naviyatdan oziqlanishi, ma’naviyatga ehtiyoj sezishi, ma’naviylik bilan sug‘orilishi lozim.

Lira Shafiq suhbatlashdi. 

O‘zA