Nyu-Yorkdagi tibbiyot markazida 61 yoshli erkak bo‘ynidagi og‘ir metall – zanjir sabab vafot etdi.
Politsiya ma’lumotiga ko‘ra, u ruxsatsiz tarzda “Nassau Open MRI” markazidagi MRT xonasiga kirgan va ayni vaqtda apparat ishlayotgan bo‘lgan. Kuchli magnit maydon bo‘ynidagi metall zanjirni tortib ketgan, natijada erkak og‘ir tan jarohati olib, kasalxonada hayotdan ko‘z yumgan.
Hodisa guvohi bo‘lgan turmush o‘rtog‘ining aytishicha, marhum zanjirni sport mashqlari uchun taqib yurgan va u taxminan 9 kilogramm og‘irlikka ega bo‘lgan.
Rasmiylar bu voqeani “tibbiy favqulodda holat” deb baholadi. Hodisa yuzasidan tergov boshlangan.
AQSH Oziq-ovqat va dori-darmon agentligi MRT apparatlari kuchli magnit maydon hosil qilishi sababli metall buyumlar xavfli qurolga aylanishi mumkinligiga yana bir bor urg‘u berdi. Shuning uchun bunday tekshiruvlar oldidan barcha metall jismlarni yechish majburiy hisoblanadi.
Bu kabi hodisalar ilgari ham kuzatilgan. 2001 yilda Nyu-Yorkdagi MRT tekshiruvi paytida kislorod balloni tasodifan apparatga tortilib, 6 yoshli bolaning hayotiga zomin bo‘lgan edi.
Musulmon Ziyo, O‘zA