1 iyun kuni Toshkent shahridagi Botanika bog‘ida 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar uchun «O‘ynaymiz – o‘rganamiz» nomli hayotiy ko‘nikmalar festivali bo‘lib o‘tdi.
Xalqaro bolalarni himoya qilish kuniga bag‘ishlangan ushbu festival o‘ziga xos tarzda tashkil etilgani bilan ahamiyatli bo‘ldi. Ma’lumki, Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi tomonidan Milliy o‘quv dasturi asosida yaratilayotgan darsliklarda nazariy ma’lumotlardan ko‘ra amaliyotga urg‘u berilgan. Ushbu darsliklar endi ma’lumotlarni yod oldirish yo‘lidan emas, ularda hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirishga asosiy e’tiborni qaratadi. Shiddat bilan rivojlanayotgan texnologiya asrida bolalarga o‘yin orqali ta’lim berish allaqachon o‘zini oqlagan metodlardan biriga aylandi.
1 iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni munosabati bilan bayramni munosib o‘tkazish va hayotiy ko‘nikmalarni zamonaviy metodlar orqali shakllantirish maqsadida ilk bor ta’limiy mazmundagi «O‘ynaymiz – o‘rganamiz» nomli hayotiy ko‘nikmalar festivali juda qiziqarli va noodatiy tarzda tashkil etildi. 7 yoshdan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalarni qamrab olgan festival ko‘ngilochar dasturlardan tashqari, yana 4 ta – raqamli, amaliy, STEAM, Texnologiya yo‘nalishlari doirasida o‘tkazildi. Festivalda bolalar guruhlarga bo‘lingan holda mashg‘ulotlarda ishtirok etdi. Masalan, raqamli burchakka oid mashg‘ulotlarni olaylik. Aytish kerakki, Respublika ta’lim markazi tomonidan yangi avlod darsliklari uchun 20 ga yaqin multimedia ilovalari yaratildi. Darsliklarga qo‘shimcha qilingan AR ilovasi mavzularni vizual qabul qilish orqali yanada yaxshiroq tushunishga yordam beradi.
Bolalarga XX1 asr qurilmalari yordamida bilim olishni targ‘ib qiluvchi raqamli burchakda o‘quvchilar yangi avlod darsliklari uchun yaratilgan multimedia ilovalaridan foydalanib ko‘rdilar. Planshet va smartfonlarni kitobga tutganlarida yangragan musiqalar, jonlanayotgan tasvirlar ularni juda hayratlantirdi. O‘quvchilarda rassomlik, haykaltaroshlik, arxitektura kabi ijodkorlik ko‘nikmalarini shakllantiruvchi amaliy burchakda bolalar professionallar va o‘z tengdoshlari bilan birga ijod qildilar. Quvonarlisi, ushbu amaliy ishlarni tayyorlash endi yangi Tasviriy san’at darsliklariga ham kiritilgan. Turli xil tajribalarni bajarib ko‘rishga imkon beruvchi STEAM burchagi o‘quvchilarda tadqiqotchilik qobiliyatini uyg‘otishga xizmat qildi. Bu yerda o‘quvchilar o‘z qo‘llari bilan fontan, radio, turli planetalarni yasab ko‘rdilar. Ixtirochi bolalarni jamlagan texnologiya burchagida mutaxassislar ko‘magida robotlar yasab ko‘rishdi va robotlar jangini o‘tkazishdi.
Texnologiya burchagi karvin san’atiga qiziquvchilar uchun ham yaxshi maydon yaratdi. Festival davomida bolalar yozuvchisi, yangi Ona tili va o‘qish savodxonligi darsliklari muallifi Sa’dullo Quronovning «Galaktikada bir kun», «Koinot javohiri» fantastik asarlari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Jarayonda bolalar muallif tomonidan berilgan topshiriq asosida o‘zlari fantastik hikoya yozib ko‘rish imkoniga ham ega bo‘ldilar. Muallif o‘zining «50 yildan keyin hayot…» boshlanmasiga bolalar tomonidan original yakunlanmalar oldi.
– Ushbu festivaldan ko‘zlangan asosiy maqsad ta’limni, yangi bilimlarni ma’rifiy o‘yinlar orqali bolalarga tushuntirishdan iboratdir, – dedi Respublika ta’lim markazi direktori Shuhrat Sattorov. – Sir emaski, ta’lim jarayoni haddan ziyod akademiklashib ketgani sababli o‘quvchilar tomonidan qiyinchilik bilan qabul qilinadi. Endilikda yangi va ilg‘or texnologiyalar kirib kelmoqda. O‘quv jarayonining hayotiylashuvi milliy o‘quv dasturi asosidagi darslarning uzviy bo‘lagidir. Biz imkon qadar o‘qituvchilarni ham shu jarayonga tayyorlashga, mashg‘ulotlarning bolalar uchun qiziqarliligini ta’minlashga katta ahamiyat bermoqdamiz.
– Menga ushbu festival juda yoqdi, – dedi 9 yoshli Sa’dulla Ismoilov. – Robototexnikaga oid mashg‘ulotlarda qatnashdim. Bilmaganlarimni bilim oldim. Ko‘p bolalar bilan do‘stlashdim. Festivalning ko‘ngilochar qismi ham bolalarni ilm-fan dunyosiga olib kirolganligi bilan ahamiyatli. Xususan, tadbir davomida tashkil qilingan shou-dasturlarda ham kimyoviy hodisalar qiziqarli tarzda ko‘rsatib berildi. Bunday yo‘nalishdagi namoyishlar o‘quvchilarga fanlar tarkibiga kiritilayotgan amaliy topshiriqlarni o‘zlari bajarib ko‘rishi imkonini berganligi bilan ham ularda katta taassurot qoldirdi.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, tashkil etilgan bolalar festivali Xalq ta’limi vazirligi huzuridagi Respublika ta’lim markazi tomonidan amalga oshirilayotgan ta’lim mazmunidagi o‘zgarishlarga hamohang tarzda o‘quvchilarda ijodkorlik, tadqiqotchilik, mustaqil va tanqidiy fikrlash, jamoada ishlash, kommunikativlik kabi hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirishga xizmat qiladi.
N.USMONOVA,
O‘zA muxbiri