Xorijiy davlatlarning oynalari tusi o‘zgartirilgan (qoraytirilgan) yengil avtotransport vositalarining O‘zbekiston Respublikasi hududiga vaqtincha kirishi va tranzit harakatlanishi uchun majburiy yig‘imlarni undirish tartibiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Bu Adliya vazirligida joriy yil 4-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi, Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Davlat xavfsizlik xizmatining qo‘shma qarori bilan davlat ro‘yxatidan o‘tkazildi.
O‘zgartirishlarga ko‘ra, oynalari qoraytirilgan xorijiy avtotransport vositalari uchun majburiy yig‘imlarni undirish tartibi tubdan soddalashtirildi, deyiladi O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi ma’lumotida.
Endilikda majburiy yig‘im xorijiy avtotransport vositasining faqatgina old yon oynalari tusini o‘zgartirganlik (qoraytirgan) uchun undiriladi. Ilgari amalda bo‘lgan “old, yon va orqa oynalar” uchun majburiy yig‘imlar talabi bekor qilindi.
Majburiy yig‘imlarni to‘lash jarayoniga zamonaviy axborot texnologiyalari joriy etilishi munosabati bilan, endilikda to‘lovlarni “E-tranzit” avtomatlashtirilgan axborot tizimi orqali shakllantiriladigan QR-kod yordamida elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshirish imkoniyati yaratildi.
Yo‘l-patrul xizmati xodimlari tomonidan to‘lovni tekshirish jarayonida kvitansiya nusxasi bilan bir qatorda tizimdagi yagona hisobvaraq ma’lumotlari ham rasmiy hujjat sifatida tan olinadi.
A.RUSTAMOV, O‘zA