Futbol bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining superligasi 8-tur doirasida o‘tishi belgilangan barcha 8 ta uchrashuv nihoyasiga yetdi.
Ushbu tur doirasida Farg‘onada “Neftchi” Jizzaxning “So‘g‘diyona” klubini qabul qildi. O‘zaro o‘yinlar statistikasiga nazar tashlaydigan bo‘lsak, ushbu klublar superliga (avvalgi oliy liga) doirasida jami 54 marotaba uchrashgan. “Neftchi” hisobida 30 g‘alaba, “So‘g‘diyona” esa 12 marotaba zafar quchgan, 12 uchrashuv durang bilan yakunlangan, to‘plar nisbati: farg‘onaliklar foydasiga 97 – 46.
Lekin keyingi 9 yil davomida “Neftchi” Farg‘onada “So‘g‘diyona”ni mag‘lub eta olmagan ekan.

Shu sababdan ham bu ikki azaliy raqiblar o‘rtasidagi bahs qiziqarli o‘tishi kutilayotgandi va u qaysidir ma’noda o‘zini oqladi ham.
O‘yin mehmonlarning shiddatli hujumlari bilan boshlandi. Ilk daqiqalardayoq mehmonlarning 19 yoshli hujumchisi Sardorbek Hoshimov, tajribali o‘yinchi Javohir Qahramonov hamda Makedoniya davlatidan kelgan legioner Lyupcho Doriyevlarning qulay vaziyatlardan foydalanib yo‘llagan zarbalarini farg‘onaliklar darvozaboni Botirali Ergashev bartaraf etishning uddasidan chiqdi.
Ochiq o‘yin taktikasida davom etgan bahsda maydon egalari ham tez-tez hujumga o‘tib turdi. Ana shunday hujumlaridan biri yo‘qqa chiqqach, bahsning 23-daqiqasida “So‘g‘diyona” darvozaboni Muhammadyusuf Sobirov boshlab bergan hujumda yosh iqtidorli hujumchi Sardorbek Hoshimov 17 metrlar olislikdan ajoyib zarba bilan hisobni ochdi – 0:1. Unga bu golli uzatmani jamoadoshi, makedoniyalik Lyupcho Doriyev tashlab berdi.
Kiritilgan goldan so‘ng mehmonlar o‘yinida bo‘shashish yuzaga kelgan bo‘lsa, maydon egalari o‘z muxlislari ko‘z o‘ngida mag‘lub bo‘lishni istashmay, hujumga tashlanishdi. Jizzaxlik futbolchilar o‘z jarima maydoni yaqinida o‘yin qoidasini buzishdi. Uzatilgan to‘pni jamoa sardori Stanislav Andreyev boshi bilan o‘z darvozasi tomon yo‘llab, o‘yinning 31-daqiqasida avtogol muallifiga aylandi – 1:1.

Kiritilgan goldan ruhlangan maydon egalari mehmonlar jarima maydoni yaqinida bosimni yanada oshirishdi. Uchrashuvning 42-daqiqasida jizzaxliklarning tajribali himoyachisi Islomjon Qobilov to‘p uzatishda xatolikka yo‘l qo‘ydi. To‘pni tajribali Jamshid Iskanderov egallab olib, unga bir teginish bilan “Neftchi”ning serbiyalik legioneri Zoran Marushichni mehmonlar darvozaboni bilan birga-bir vaziyatga olib chiqdi. Tajribali Marushich bu imkoniyatdan unumli foydalandi – 2:1. O‘yinning birinchi bo‘limi shu hisobda yakunlanib, jamoalar tanaffusga chiqib ketdi.
“So‘g‘diyona” ikkinchi bo‘limda yanada bosimni oshirdi. Ammo zich va aqlli himoyalanib, qarshi hujumda to‘p surgan “Neftchi” g‘alabani saqlab qolib, salkam 10 yillik noxush an’anaga chek qo‘ydi.
O‘yindan keyingi matbuot anjumanida mehmonlar bosh murabbiyi Ivan Boshkovichning o‘yin haqidagi izohi ancha qiziqarli bo‘ldi.
– Biz ajoyib futbol o‘ynadik deb o‘ylayman. Lekin natija yaxshi bo‘lmadi, ammo Farg‘onada ko‘rsatgan o‘yinimizdan faxrlanaman. Ikkita xato o‘yin taqdirini hal qildi. Boshqa barcha ko‘rsatkichlarda raqibni mag‘lub etdik. Raqibni g‘alaba bilan, yigitlarimni esa mavsumdagi eng yaxshi o‘yinlari bilan tabriklayman. O‘yin bo‘yicha ko‘prog‘iga loyiq edik, ammo sportda doim ham yaxshi o‘yin ko‘rsatgan jamoa g‘olib bo‘lavermaydi, – dedi “So‘g‘diyona” bosh murabbiyi.
Sobiq ittifoq davrida ko‘p yillar Kiyevning “Dinamo”sini boshqarib, 20 martadan ziyod mamlakat chempioni qilgan, Yevropa kubogini yutgan juda kuchli murabbiy Valeriy Lobanovskiy bir intervyusida Boshkovichning fikriga teskari: “Chiroyli o‘yin namoyish etgan bilan vaqt o‘tib, o‘yin unutiladi, natija esa tarixda qoladi” deya ta’kidlagan edi.

Shunday qilib, “Neftchi” – “So‘g‘diyona” o‘rtasidagi o‘yin 2:1 hisobida mezbonlar foydasiga hal bo‘ldi.
Ushbu turning qolgan bahslarida quyidagi natijalar qayd etildi: Xorazm” (Urganch) – “Nasaf” (Qarshi) – 1:1, “Bunyodkor” (Toshkent) – “Qo‘qon – 1912” (Qo‘qon) – 1:2, “Buxoro” (Buxoro) – “Mash’al” (Muborak) – 1:2, OKMK (Olmaliq) – “Andijon” (Andijon) – 4:3, “Surxon” (Termiz) – “Paxtakor” (Toshkent) – 2:1, “Qizilqum” (Navoiy) – “Navbahor” (Namangan) – 3:2, “Sho‘rtan” (G‘uzor) – “Dinamo” (Samarqand) – 1:3.
Mirjalol Qosimov yetakchiligidagi OKMK 19 ochko jamg‘arib, yana turnir jadvalida karvonboshlikni qarshilik futbolchilardan qaytarib oldi. 2-o‘rinda “Nasaf” 18, keyingi o‘rinlarda borayotgan “Bunyodkor” va “Dinamo” jamoalari15 tadan ochko yiqqan.
Autsayderlar qatorida esa 14-o‘rinda “So‘g‘diyona” – 7, 15-pog‘onada “Buxoro” – 6 va so‘nggi o‘rinda “Sho‘rtan” – 1 ochko bilan bormoqda.
Navbatdagi 9-tur o‘yinlari joriy yilning 9 – 11 may kunlariga belgilangan.
A.Qayumov, O‘zA