Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“Oydin nur” oydin hayotga qaytaradi
18:20 / 2023-12-13

“Oydin nur” oilalarni ijtimoiy, huquqiy himoyalash markazi o‘z faoliyatini 1999 yilda boshlagan. Dastlab tashabbuskor guruh faollari viloyat oliy ta’lim muassasalari o‘qituvchilaridan tashkil topgan edi.

Nodavlat notijorat tashkiloti sifatida ro‘yxatdan o‘tgan tashkilotning asosiy maqsadi oilada sog‘lom muhitni shakllantirish, ayollarning bu boradagi psixologik va huquqiy bilimlarini oshirish, ijtimoiy muammolarni asoratsiz yechishga ko‘maklashish orqali barkamol oilaviy munosabatlarni tatbiq etishga qaratilgan. 

Tashkilot faoliyatining asosiy yo‘nalishlari gender tenglik masalalarini ilgari surish, ishonch telefonini tashkil qilish, psixologik maslahat ko‘rsatish, yuridik maslahat ko‘rsatish, sudda oiladagi zo‘ravonlik qurboni bo‘lgan ayollarning vakili bo‘lish, ijtimoiy muammolarni hal qilishga yordam berish, vaqtinchalik yashash joyi – boshpana bilan ta’minlashni o‘z oldiga maqsad qilgan. 

– Markazimiz og‘ir ijtimoiy ahvolda qolgan, ijtimoiy himoyaga muhtoj, oilaviy, maishiy tazyiq va zo‘ravonlikdan jabr ko‘rgan xotin - qizlar, odam savdosi qurboni, jabr ko‘rgan mehnat muhojirlari, ilgari sudlangan, yakka- yolg‘iz ayollar, voyaga yetmagan yetim o‘g‘il-qizlarga bepul xizmat qiladi, –deydi “Oydin nur” oilani ijtimoiy, huquqiy himoyalash markazi rahbari Shahnoza Ixtiyorova. –Ishonch telefoni xizmati markaz faoliyatini boshlaganidan buyon tashkil etilgan bo‘lib, bugungi kunga qadar 18 ming 818 ta qo‘ng‘iroq qabul qilindi. Inqiroz holatiga tushgan ayollarga psixologik madad xizmati 2000 yildan buyon ko‘rsatiladi va bugungi kunga qadar 3 ming 349 dan ortiq maslahatlar berildi. 

Psixolog birinchi navbatda markazga murojaat qilgan ayolni stress holatidan chiqarish maqsadida har biri bilan alohida ish olib boradi. O‘zini o‘zi to‘g‘ri baholay bilish, oilada uchraydigan muammolar, ularning oqibatlari, oilada ayol kamsitilishining oldini olish borasida bilimlar beradi. Markaz boshpanasida yashayotgan ayollar bilan individual psixologik tashxis, psixokorreksiya, psixoterapiya ishlari amalga oshiriladi. Bundan tashqari, ayollar uchun “Xavotirliklar jamlanmasi”, “Inqirozli vaziyatga tushgan odamlarga psixologik yordam”, “Hayotni yaxshilash”, “Reproduktiv salomatlik”, “Odam savdosidan ogoh bo‘ling!” mavzularida psixologik treninglar o‘tkazadi. 

Markaz tomonidan huquqiy maslahatlar xizmati 2004 yildan buyon ko‘rsatiladi. Bugungi kunga qadar 12 ming 681 ta maslahat berildi. Yurist ayollarga zarur bo‘lgan huquqiy maslahatlar beradi, sudgacha bo‘lgan vaqt mobaynida aliment undirish, uyga kiritish, otalikni belgilash, ajralish, mol-mulkni taqsimlash va hokazo bo‘yicha hujjatlarni rasmiylashtirishda va ularni sudga taqdim etishga ko‘maklashadi. Sudda oilaviy nizolardan jabrlangan ayollar manfaatini himoya qiladi. Advokat yollash orqali 2009 yildan buyon 251ta ayol manfaatlari sudda himoyalandi. Turli xil hujjatlarni rasmiylashtirish uchun 85 ta ayolga davlat boji to‘landi. 7 ta otalikni belgilash tibbiy ekspertizasi uchun to‘lov o‘tkazildi. 

Zo‘ravonlik qurboni tushkunlik, qo‘rquv va umidsizlik holatida bo‘lganligi sababli sud zalida o‘zini himoya qilolmaydi. Shu uchun advokatning ayol huquqlarini himoyalab, uni qo‘llab-quvvatlashi, unga kuch va ishonch beradi. Faoliyati davomida markaz advokatlari ishtirok etgan sud jarayonlarining 90 foizi ayollar foydasiga hal qilingan. 

[gallery-15057]

Ijtimoiy muammolarni yechishga yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish xizmati 2007 yildan buyon yo‘lga qo‘yilgan. Ijtimoiy xodim ayollarga oiladagi nizolarni bartaraf etishda, ijtimoiy muammolarni hal qilishda maslahatlar berib, ko‘maklashadi. Ularning sog‘ligini tiklashda, mahalla fuqarolar yig‘inidan kerakli moddiy yordam, bolalar nafaqasini rasmiylashtirishda, bandligini ta’minlashda, yo‘qotilgan hujjatlarni tiklashda, farzandlarini maktabgacha ta’lim va o‘rta umumta’lim maktabiga joylashtirishda ko‘maklashadi.

Kasb-hunarga o‘rgatish va daromad keltiruvchi kichik biznesini yo‘lga quyishga ko‘maklashish xizmati 2010 yildan buyon yo‘lga qo‘yilgan. Bugungi kunga qadar 250 ta ijtimoiy himoyaga muhtoj va tazyiq va zo‘ravonlikka uchragan ayol turli xil o‘quv kurslarida o‘qitilgan va shulardan 113 nafari daromad keltiruvchi kichik biznesini yo‘lga qo‘yishi uchun kerakli asbob-uskunalar va jihozlar bilan ta’minlangan.

Vaqtinchalik boshpana bilan ta’minlash xizmati 2007 yildan buyon yo‘lga qo‘yilgan. Juda og‘ir oilaviy sharoiti tufayli, tazyiq va zo‘ravonlikka uchraganligi tufayli uy-joysiz qolgan 1286 nafardan ortiq ayol va ularning voyaga yetmagan farzandlari markaz boshpanasida yashab, muammolarini yechish orqali normal hayotga qaytarildi. 

Markaz mahalliy hamda xalqaro tashkilotlar ko‘magida o‘z faoliyatini yuritib kelmoqda. Fransiyaning texnik hamkorlik va taraqqiyot agentligi (ACTED), AQSHning O‘zbekistondagi elchixonasi kichik loyihalar dasturi, USAIDning O‘zbekistondagi huquqiy islohotlar dasturlari, Germaniyaning “FRIDRIX EBERT” nomli jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi, Xelsenki inson huquqi jamg‘armasi, Yevropadagi xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (OSCE), BMT Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA), IOM ning O‘zbekistondagi vakolatxonasi, O‘zbekiston Respublikasida qishloq xo‘jaligini rivojlantirish Vinrok xalqaro instituti notijorat tashkilotining filiali shular jumlasidandir.

– Bugun “Oydin nur” oilalarni ijtimoiy, huquqiy himoyalash markazi uchun yana bir quvonchli kun bo‘ldi, – deydi markazi rahbari Shahnoza Ixtiyorova. – Besh yil davomida markaz hududidagi 100 kv.m maydonda qurilayotgan bino foydalanishga topshirildi. Bu binoning ahamiyatga molik joyi shundaki birinchi qavatida vaqtincha yashayotgan ayollarga kasb-hunar o‘rgatiladi hamda ish bilan ta’minlanadi. Zero, ko‘p vaziyatlarda aynan iqtisodiy jihatdan qaram bo‘lganligi sababli xotin-qizlar yillar davomida shu zo‘ravonlik va tazyiq ostida yashab keladi. Farzandlarini ham shu muhitda tarbiyalaydi. 

Yangi binoning ochilish marosimida BMT aholishunoslik jamg‘armasining (UNFP) O‘zbekistondagi rahbari boshchiligidagi vakillar  ham qatnashdi. Bu xalqaro tashkilot ko‘p yillardan buyon markazni har tomonlama qo‘llab-quvvatlamoqda. Butun dunyoni “Covid” virusi qoplagan davrda aynan shu jamg‘arma boshpanadagi ayollarga oziq-ovqat, gigiyena vositalari va dori-darmonlar uchun moliyaviy ko‘mak ko‘rsatgan. Bundan tashqari, UNFP jamg‘armasi tomonidan 4 ta kompyuter jamlanmasi sovg‘a qilingan. 2022 yil may oyida jamg‘arma tashabbusi bilan markazga Ukrainadan xalqaro ekspert kelgan. U  markaz faoliyatini o‘rganib, xalqaro standartlar asosida ishlash uchun zarur tavsiyalar bergan. 

Binoning qurilishida “Ona” jamoat fondi, viloyat va shahar hokimliklari hamda homiylar o‘z hissasini qo‘shgan. Bino ikki qavatdan iborat bo‘lib, bu yerda zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlar tomonidan kasb-hunar sirlari o‘rgatiladi. Shuningdek, ayollar uchun dam olish xonasi hamda gigiyena xonalari zamonaviy tarzda qurilgan. 

Binoning ochilish marosimida Oliy Majlis Senati a’zolari, davlat va nodavlat tashkilotlari rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari qatnashdi. 

Zarif Komilov, Tohirjon Istatov (surat), O‘zA muxbirlari.