French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oybekning “Tanlangan asarlari” kitobi nashr etildi
09:49 / 2025-11-27

Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasida O‘zbekiston xalq yozuvchisi, shoir va publitsist, tarjimon, akademik olim Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek tavalludining 120 yilligi munosabati bilan Yozuvchilar uyushmasi tomonidan chop etilgan “Tanlangan asarlar” kitobining taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

Mazkur adabiy tadbirga ijodkorning oila a’zolari, yozuvchi va shoirlar, adabiyot muxlislari, kutubxona xodimlari, ma’naviyat targ‘ibotchilari, talaba-yoshlar taklif etildi.  

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining  ijodiy masalalar bo‘yicha birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, taniqli adiba Shahodat Isaxonova, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiyi Hamid Qahramonov  va boshqalar  XX asr o‘zbek adabiyotida Oybek ijodiyoti o‘zining zalvori, tarixiy mavzuga teran yondashuvi, ona tilimiz boyligidan g‘oyat samarali va unumli foydalanishi bilan muhim o‘rin egallashini ta’kidladi.  

Jadid adabiyotining yirik namoyandalaridan biri bo‘lmish Oybekning asarlari xalqchilligi, samimiyati, ijodkorning qalb manzaralarini aks ettirishi bilan diqqatga sazovordir. Uning  “Navoiy” asari ulug‘ shoir va mutafakkir siymosini, uning faoliyatini teranroq anglash imkonini beradi. “Bolalik” asari esa Oybekning navqiron yillari, uning pokiza qalbi, beg‘ubor orzu-umidlariga oshno etadi. Ayni paytda Oybekning go‘zal she’riyati yosh ijodkorlar uchun ibrat manbaidir. “Qutlug‘ qon” romani – xalqchil ruhi bilan g‘oyat qadrli.

Oybek ijodini teran anglashda Naim Karimov, Umarali Normatov, Ozod Sharafiddinov, Ulug‘bek Hamdam singari ustoz ijodkorlarning asarlari, risolalari, adabiy-tahliliy maqolalari muhim o‘rin egallaydi.  

Tadbirda Oybek ijodi, uning “Tanlangan asarlar” kitobi haqida batafsil so‘z yuritildi.

Nazokat Usmonova, Ahmad To‘ra (suratlar),  

O‘zA