O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi 2021 yildan boshlab yozuvchi-shoirlarning uy-muzeylari, ular tug‘ilib voyaga yetgan qishloq, mahallalar, adiblarimiz nomidagi ijod maktablariga press-tur tashkil etishni reja qilgan.
Ilk manzil O‘zbekiston xalq yozuvchisi, akademik Oybekning uy-muzeyi bo‘ldi.
Toshkentning «Ishchilar shaharchasi», deb atalgan dahalaridan birida ilm-fan va madaniyat ahli uchun tabarruk sanalgan ushbu dargohda 1940 yildan 1968 yilga, ya’ni hayotining so‘nggi daqiqalariga qadar o‘zbekning buyuk adibi va jamoat arbobi Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek yashab, ijod qilgan.
10 yanvar – Oybek tavalludining 116 yilligi munosabati bilan bu yerga yozuvchilar, shoirlar, adabiyotshunos olimlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari jam bo‘lib, yozuvchi xotirlandi. Asarlaridan iqtiboslar keltirilib, she’rlaridan namunalar o‘qildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Nodir Jonuzoq, akademik Naim Karimov va boshqalar Oybek hayoti va ijodi haqida iliq fikrlar bildirdi. Adib shaxsi o‘zbek adabiyotida halollik timsoliga aylanib ulgurgani e’tirof etildi.
[gallery-745]
Uy qad ko‘targan mashaqqatli yillarda hali hamma imoratlar qurilib, yo‘llar aniq qiyofa kasb etmagan edi. Shu tufayli ko‘cha «Proyektnaya» – «Loyiha» ko‘chasi, deb atalgan. Hozir shu ko‘chaga «Iftixor-1” nomi berilgan. Agar shu ko‘cha bo‘ylab uch-to‘rt daqiqa yursangiz, 26-uy keladi. Katta darvozaning so‘l tarafidagi devorga buyuk o‘zbek adibi Oybekning 1940-1968 yillarda shu uyda istiqomat qilganligi haqida lavha osilgan.
– Oybek uy-muzeyi adib tavalludining 80 yilligi munosabati bilan 1985 yilda barpo etilgan, –dedi Yozuvchilar uyushmasi raisi o‘rinbosari G‘ayrat Majid. – Mana qariyb 35 yildan oshiqroq vaqt mobaynida bu yer adabiyotshunoslar, yosh tadqiqotchilar uchun ziyo maskani bo‘lib kelmoqda. Oybek katta yozuvchi, so‘zni, adabiyotni tushunadigan yirik shaxs edi. Shuning uchun adabiyot olamida qoldirgan har bir asariga qayta-qayta murojaat qilgan qalamkash yanada ijodni yaxshiroq tushuna boshlaydi.
Press-tur ishtirokchilari Oybek uy-muzeyi, yozuvchining qo‘lyozma, kitob, surat, foydalangan buyumlari bilan yaqindan tanishdi.
Muzey fondlari oybekshunoslikning ko‘rgazmali tarixi – Oybek haqidagi tekstologik va kommentatorlik bilimlar to‘plami bo‘lib xizmat qilishi mumkin. Bu hol uy-muzeyning ilmiy kutubxonasida, ayniqsa, yaqqol ko‘zga tashlanadi. Oybek adabiy merosini o‘rganish ishini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida oybekshunos olimlar va yosh adabiyotshunoslarning adib arxivida ishlashi uchun hamma sharoit yaratilgan.
D.Mamatova, Muhammad Amin (surat), O‘zA