Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oybek Norinboyev: "Milliy xalq o‘yinlarimizni dunyoga olib chiqishda davom etamiz"
14:35 / 2022-07-29

O‘zbekiston etnosport assotsiatsiyasi 2021 yil 6 oktyabr sanasida Adliya vazirligidan ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Milliy va an’anaviy sport turlarini, xalq o‘yinlarini tiklash, rivojlantirish, ularning yagona tartib-qoidalarini ishlab chiqish hamda tatbiq etish Etnosport assotsiatsiyasining asosiy maqsadlaridan hisoblanadi.

Ota-bobolarimiz, momolarimiz o‘ynab kelgan qadimiy milliy o‘yinlarimiz salmoqlidir. Ular oddiy o‘yin emas, aksincha, asrlar mobaynida sayqallanib, xalqchil o‘yin sifatida bizgacha yetib kelgan. Aks holda, ajdodlarimiz ularni shu davrgacha meros sifatida olib kelmagan bo‘lar edi.

Ajdodlarimizning hayotida o‘z o‘rnini egallagan xalq o‘yinlarini bugungi innovatsion texnika asri hayotimizdan siqib chiqarmoqda. Shu bois unutilishga mahkum bo‘lgan milliy sport turlarimizni xalqning ichidan topib, yana kelajak avlodlarga yetkazish uchun tashlanadigan har bir harakatga insoniy va milliy burch sifatida qarashimiz davr talabi bo‘lib qolmoqda.

Ajdodlarimiz hayoti davomida mashg‘ul bo‘lib kelgan har bir milliy sport turlarimizda oriyat va halollik kabi insoniy xislatlar mujassamdir. Xalq o‘yinlarimiz qonun-qoidalari va shaklu-shamoyili bilan ham shu qadar mukammal shakllanganki, deyarli barcha milliy sport turlarimizni hakamlarsiz o‘ynash va undan zavqlanish mumkin.

Milliy sport turlarimizdan kurash, belbog‘li kurash, o‘zbek jang san’ati, Turon yakkakurashi, qarabtep va uloq-ko‘pkari kabilari xalqaro sport turlari qatoridan joy olib bo‘ldi. bugungi kunda ushbu sport turlari bo‘yicha butun dunyo bellashmoqda.

Biz shu joyda to‘xtab qolmasdan milliy xalq o‘yinlarimizni dunyoga olib chiqishda davom etamiz. Bu borada qadimiy qadriyatlarimiz – xalq o‘yinlari va milliy sport turlarimizga hukumat darajasida e’tibor qaratilayotganini ham e’tirof etishimiz kerak. Joriy yil 25 may kuni Prezidentimizning «Etnosport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori ham imzolandi.

Qarorda etnosport turlarini 2025 yilgacha rivojlantirish dasturi batafsil ko‘rsatib berildi. Shuningdek, tegishliligi bo‘yicha vazirlik, idora va hududiy hokimliklarga bu yo‘nalishda ko‘rsatmalar alohida belgilab qo‘yildi.

2023 yildan boshlab etnosport turlari bo‘yicha «Uzbekistan Ethno Games» respublika festivalini har yil Toshkent shahrida o‘tkazish belgilangan bo‘lsa, har ikki yilda bir marotaba Xiva shahrida Xalqaro etnosport festivalini tashkil etish ham qarorda ko‘rsatilib o‘tildi.

Shuningdek, barcha ta’lim muassasalarida milliy sport turlari va xalq o‘yinlarining mohiyati va ularning jismoniy, intellektual, ma’naviy-axloqiy jihatdan o‘rni haqida tushunchalar berib borilishi ham ko‘rsatib o‘tildi. Bu tushunchalar jismoniy tarbiya darslari hamda ma’naviyat soatlarida o‘tiladi.

O‘zbekiston etnosport assotsiatsiyasiga aholining barcha qatlamlarini etnosport bilan shug‘ullanishga jalb qilish, mahallalarda etnosport turlari bo‘yicha xalq o‘yinlari va musobaqalarni o‘tkazish hamda Butunjahon etnosport konfederatsiyasi bilan hamkorlikni kuchaytirish vazifalari topshirildi.

Ushbu yo‘nalishdagi ishlarni amalga oshirish uchun biz qaror chiqqan kundan boshlab harakatlarni boshlab yuborganmiz. Barcha ishlar bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Shu jumladan O‘zbekiston etnosport assotsiatsiyasi Butunjahon etnosport konfederatsiyasi bilan hamkorlikda ishlar olib boryapti. Yaqinda konfederatsiya prezidenti Bilol Erdo‘g‘on shaxsan o‘zi kelib, O‘zbekistonda etnosport turlari bo‘yicha olib borilayotgan ishlar bilan tanishdi.

O‘zbekiston xalq o‘yinlari va milliy sport turlarining tarixi, qonun-qoidalarini o‘zida aks ettirgan «O‘zbekiston Respublikasi milliy sport turlari va xalq o‘yinlari ensiklopediyasi»ning qisqa muddatda chop etilishiga B.Erdo‘g‘on yuqori baho berdi.

Milliy sport turlarimizni xalqaro miqyosga olib chiqish borasida qiladigan ishlarimiz talaygina. Shu kunlarda YUNESKO tashkilotidan nomoddiy madaniy meros maqomi olinishi mumkin bo‘lgan etnosport turlari ro‘yxatini shakllantirmoqdamiz.

Etnosport turlari 9 tani tashkil etayotgan bo‘lsa, shu kungacha xalq orasidan topilgan milliy sport turlarimiz soni 198 tani tashkil etmoqda. Bu raqamlar so‘nggi raqamlar emas. Hali izlanishda davom etsak, bu raqamlar ortib boraveradi.

O‘zbekistonda etnosportni rivojlantirish va ommalashtirish borasida qo‘yilgan maqsadlardan kelib chiqib, shuni aytamanki, oldinda hali amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalarimiz ko‘p.


 Oybek Norinboyev, O‘zbekiston etnosport assotsiatsiyasi raisi

No messages here yet.Send a message or tap the greeting below.