Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oybek ijodining ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati
18:23 / 2025-05-21

O‘zbekiston Fanlar akademiyasining O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti tomonidan “Oybek ijodining ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati” mavzusida respublika ilmiy-nazariy anjumani hamda “Yosh ko‘ngil. Oybek – kecha va bugun” nomli kitobning taqdimoti bo‘lib o‘tdi.

O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori Nizomiddin Mahmudov, mazkur institut direktorining o‘rinbosari, adabiyotshunos olim Maqsud Asadov va boshqalar Oybek ijodining betakror jihatlari xususida so‘zladi. 

Adabiyotshunoslarga ko‘ra, Oybek adabiy faoliyatini shoir sifatida boshlagan. Uning “Cholg‘u tovushi” nomli ilk she’ri 1922 yil “Armug‘on” jurnalida bosilgan. Keyinchalik shoir lirik tuyg‘u va kechinmalar tasviriga katta e’tibor berib, “ko‘ngil lirikasi” namunalarini yaratishga intildi. Uning bu boradagi izlanishlari, ayniqsa, „Yevgeniy Onegin“ she’riy romanini tarjima qilishi jarayonida orttirgan tajribasi tufayli va Aleksandr Pushkin asarlaridagi lirizm ta’sirida yaxshi samaralar berdi. 

Oybekning “Chimyon daftari” turkumiga kirgan, yurtimiz tabiatining fusunkor tarovati va betakror ranglarini o‘ziga mujassam etgan she’rlari milliy she’riyatimizda lirikaning shoh namunalaridan biri bo‘ldi. 

Oybek lirik she’riyat bilan bir qatorda dostonnavislik sohasida ham izlanishlar olib borib, “Dilbar — davr qizi” (1932), “O‘ch” (1933), “Baxtigul va Sog‘indiq” (1934), “Qahramon qiz” (1936), “Gulnoz”, “Kamonchi”, “Navoiy” (1937) singari dostonlarni yozdi. Shoir bu dostonlarida o‘z davrining qahramoni obrazini yaratish va shu davrning muhim ijtimoiy-ma’naviy masalalarini ko‘tarish bilan birga tarixiy o‘tmish mavzuiga ham murojaat etdi. 

Oybekning nasriy merosi “Qutlug‘ qon”, “Navoiy”, “Oltin vodiydan shabadalar”, “Quyosh qoraymas” va “Ulug‘ yo‘l” kabi romanlari, ko‘plab qissa va hikoyalari adabiyot muxlislarining mehrini qozongan. 

– Bir davrning nuqtai nazari bilan badiiy adabiyotga baho berib bo‘lmaydi, – dedi taniqli adabiyotshunos olim Ulug‘bek Hamdam. – Salbiy qahramonlar tili bilan ham hamma davr uchun dolzarb bo‘lgan g‘oyalarni ilgari surish mumkin. Bu Oybekning “Qutlug‘ qon” asaridagi Mirzakarimboy obrazi tomonidan ifoda etilgan fikrlarda yaqqol ko‘zga tashlanadi. Ayni paytda Oybek she’riyati milliy she’riyatimizni bir necha pog‘ona yuksakka olib chiqqan she’riyat ekani bilan diqqatga sazovordir. 

Adabiy anjumanda Oybek ijodi, asarlarining ma’naviy-ma’rifiy ahamiyati xususida batafsil so‘z yuritildi. 

Tadbirda yaqindagina chop etilgan “Yosh ko‘ngil. Oybek – kecha va bugun” nomli to‘plamning taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Kitob ikki qismdan iborat bo‘lib, uning birinchi qismiga Oybekning asrlar chegarasidan oshib, bugun ham sevib o‘qilayotgan she’rlari kiritilgan. Kitobning ikkinchi qismidan ulug‘ adib va shoir asarlari tadqiqiga bag‘ishlangan monografiya va maqolalar o‘rin olgan. Monografiya va maqolalar muallifi – filologiya fanlari doktori, professor Ulug‘bek Hamdam. 

Kitob bilan tanishib chiqqan hamyurtlarimiz Oybek kechagi kun ijodkorigina emas, balki bugun va ertangi kunimiz uchun ham ulug‘ xizmatlar qila oladigan ulkan adib va hassos shoir ekanligiga guvoh bo‘ladi. 

N.Usmonova, O‘zA