Poytaxtimizdagi Adiblar xiyobonida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek tavalludining 120 yilligiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir hamda Yozuvchilar uyushmasi homiyligida chop etilgan “Tanlangan asarlar” kitobi taqdimoti o‘tkazildi.
Mazkur tadbirga adabiyot ixlosmandlari, yozuvchi va shoirlar, olimlar, talaba-yoshlar taklif etildi.
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisining birinchi o‘rinbosari Minhojiddin Mirzo, taniqli shoira, uyushma raisining o‘rinbosari Farida Afro‘z, O‘zbekiston Kinematografiya agentligi bosh direktori, adabiyotshunos olim Shuhrat Rizayev, G‘afur G‘ulom uy-muzeyi direktori, atoqli adiba va jurnalist Olmosxon G‘afurova va boshqalar Oybekning mashaqqat va zahmatlar, sinovlarga to‘la hayoti, adabiy merosi, serqirra faoliyati xususida batafsil to‘xtaldi.
Darhaqiqat, Oybek domla nasr va nazmda, ham badiiy tarjimada samarali faoliyat ko‘rsatgan, hayoti, ijodi ma’rifatparvar jadid bobolarimiz bilan chambarchas bog‘liq bo‘lgan betakror ijodkor edi.
Adabiyot darg‘alari, olimlar tomonidan, shuningdek, tarixiy manbalarda Oybekning g‘oyat bag‘rikeng, oqko‘ngil, mard va tanti, saxovatli, matonatli, kechirimli inson, beg‘ubor qalb sohibi bo‘lgani alohida e’tirof etiladi.
1943 yilda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi bo‘lgan Oybek domla milliy adabiyotimiz rivoji, so‘z san’ati tarixi, jahon adabiyoti tarixi ravnaqiga munosib hissa qo‘shgan ijodkordir.
Uning «Tuyg‘ular», “Ko‘ngil naylari”, “Mash’al” she’riy to‘plamlari, “Dilbar — davr qizi”, “O‘ch”, “Baxtigul va Sog‘indiq”, “Qahramon qiz”, “Gulnoz”, “Kamonchi”, “Navoiy” singari dostonlari adabiyot muxlislariga yaxshi tanish.
[gallery-25431]
Nasriy merosi 5 roman – “Qutlug‘ qon”, “Navoiy”, “Quyosh qoraymas”, “Ulug‘ yo‘l”, “Oltin vodiydan shabadalar” kabi asarlardan iborat. “Shonli yo‘l”, “Nur qidirib”, “Pokiston taassurotlari”, “Bolalik” va “Bola Alisher” hamda bir qancha hikoya va ocherklari samimiyati bilan ahamiyatli.
Oybek Pushkinning “Yevgeniy Onegin” she’riy romani, Lermontovning “Maskarad”, Molerning “Tartyuf” dramalarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan.
Istiqlol yillarida Oybek O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoniga muvofiq, “Buyuk xizmatlari uchun” ordeniga sazovor bo‘lgan.
Tadbirda Oybek ijodi, asarlarining ahamiyati haqida batafsil so‘z yuritildi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan chop etilgan “Tanlangan asarlar” kitobi haqida ma’lumot berildi. Tadbir ishtirokchilari adib haykali poyiga gullar qo‘ydilar.
Nazokat Usmonova,
Oybek Pardayev (surat), O‘zA