English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Oybek – betakror adib, chin inson, buyuk qalb sohibi
15:57 / 2024-01-10

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek uy-muzeyida atoqli shoir tavalludining 119 yilligiga bag‘ishlangan xotira tadbiri hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun press-tur tashkil etildi.

Toshkentning “Ishchilar shaharchasi”da joylashgan, ilm-fan va madaniyat ahli uchun tabarruk sanalgan ushbu dargohda 1940 yildan boshlab 1968 yilga qadar, ya’ni hayotining so‘nggi daqiqalariga qadar xalqimizning buyuk adibi, jamoat arbobi, akademik Oybek yashab, ijod qilgan.  

Oybek 1905 yil 10 yanvarda Toshkent shahrining Gavkush mahallasida dunyoga kelgan. Adibning bolaligi uning “Bolalik” asari orqali barchamizga yaxshi tanish. Yeng uchida kun ko‘ruvchi oila, Toshkentning tarixiy mahallalari, oddiy  oilalarning hayot tarzi, eskicha usuldagi maktablardagi ta’limning holati, umuman olganda, o‘tgan asr boshlaridagi ijtimoiy-siyosiy hayot mazkur asarda yaqqol tasvirlangan.  

Ma’lumotlarga ko‘ra, Oybek bolalikdan qiyin sharoitda kun ko‘rgani bois ta’lim va tarbiya texnikumining yotoqxonasida yashab o‘qigan. Oila qurganidan keyin esa Toshkentning 4-dahasidagi ijara uylarda umr kechirgan. Nihoyat 1940 yili fan va madaniyat xodimlariga yer taqsimlab berila boshlagandan so‘ng unga ham 600 kvadrat mertli yer nasib etadi. Hozirda “Iftixor-1” deb nomlangan ko‘chadagi bu uyda Oybek domla umrining so‘nggi nafasiga qadar yashab, ijod qilgan edi.  

Oybek  uy-muzeyi adib tug‘ilgan kunning 80 yilligi munosabati bilan 1985 yilda barpo etilgan. Bu yerda ustoz adibning ibratli hayoti, zahmatli faoliyati, betakror ijodi bilan batafsil tanishish mumkin. Eksponatlar ichida tarixiy fotosuratlar, adibning kitoblari, asarlaridan qo‘lyozmalar, xatlar, telegrammalar, boshqa muhim hujjatlar, yozuvchi hayoti bilan bog‘liq turli buyumlar bor. Ularni ko‘zdan kechirib, adib hayotining mashaqqatlar, og‘ir sinovlar, taqdir imtihonlariga to‘lib toshganini anglash mumkin.  

– Oybekni hech ikkilanmay, o‘z davrining jadidi deb atash mumkin, – dedi filologiya fanlari doktori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi Suvon Meli. – Zero, uning ijodi juda ko‘plab  rishtalar bilan jadidlarga bog‘langan edi. Ayniqsa, o‘tgan asrning 30-yillarida Cho‘lponga katta hujum bo‘lgan bir davrda yozuvchi va shoirlar orasida uni himoya qilgan yagona ijodkor Oybek edi. Muso Toshmuhammad o‘g‘li Oybek o‘z ijodida xalqni qoloqlikdan taraqqiyot sari undadi. Lekin 1917 yilgi oktyabr to‘ntarishi O‘zbekiston taraqqiyotini mutlaqo boshqa o‘zanga burib yubordi. Oybek o‘tmishni, tarixni mukammal bilmaganida “Navoiy”dek buyuk romanni yozmagan  bo‘lardi. Men boshqa bir adib Alisher Navoiyni kitobxonga shunday tanishtirishini sira tasavvur eta olmayman. Navoiydek zotning ichki olamini nainki xalqimiz, balki dunyo aynan mazkur roman orqali biladi. Oybekning navoiyshunoslikka oid tadqiqotlari alohida va katta bir merosdir.      

– Bu maskan mamlakatimizdagi eng yetakchi, to‘kis ma’rifat maskanlaridan sanaladi, – dedi filologiya fanlari doktori Ra’no Ibrohimova. – Oybek merosining to‘kisligida ijodkorning umr yo‘ldoshi Zarifa Saidnosirovaning xizmatlari ayniqsa katta. Zarifa opa Oybek domla hayoti, ijodiga taalluqli har bir qog‘ozni imkon qadar saqlab qolishga harakat qilganlar. Oybekning yozganlarini agar jamlaydigan bo‘lsak, yigirma tomlik asarlaridan ham oshib ketadi. Biroq, shu bilan birga, Oybek ijodi adabiy tadqiqotlar uchun hamon dolzarbdir.  Jumladan, uning Pokistonga safari alohida va katta bir ilmiy mavzu. Domlaning qo‘lyozmalari ichida hali topilmaganlari ham bor. Masalan, uning “Student” nomli asari. Ehtimolki, bu roman boshqa asarning mazmuniga kirishib ketgandir. Adibning hayoti, insoniyligi, bag‘rikengligi, oilaga munosabati haqiqiy ma’noda ibratdir.  

Darhaqiqat, Oybek domlaning nechog‘li diyonatli inson bo‘lgani, odamiyligi, saxovatpeshaligi ko‘pgina adabiy manbalarda mufassal keltirilgan. U hatto o‘ziga tuhmat qilib, boshiga og‘ir sinovlarni solgan, malomat toshlari yog‘ilishiga, sog‘lig‘i keskin yomonlashishiga sababchi bo‘lgan kimsalarni ham kechira olish darajasida olijanob, bag‘rikeng, imonli inson bo‘lgan. Atoqli yozuvchiga tuhmat toshini otgan kimsalarning keyinchalik vijdoni qiynalib, qattiq afsus va nadomatlar bilan yozgan maktubni muzey eksponatlari orasida ko‘rib, bunga yana bir karra ishonch hosil qilish mumkin. Bu maskan Oybek ijodiga doir ko‘plab tadqiqotlar, ilmiy yangiliklar uchun o‘ziga xos ma’rifat maskani bo‘lishiga shubha yo‘q.  

– To‘g‘risi, hozirgi kunda biron mashhur yozuvchi yoki shoir, san’atkorning yaqiniga yo‘lash u yoqda tursin, hatto ko‘chada piyoda yurganini uchratmaysiz, – dedi matematik olima, mehnat faxriysi Mukarrama Muhiddinova. – Yoshim 80 dan oshdi. Shunday insonlar bilan qo‘shni bo‘lganimizdan juda faxrlanamiz. Bu mo‘’tabar xonadonga bemalol kirar, kitoblaridan foydalanar edik. Oybek domlaning nevaralari, farzandlari bilan ko‘chada ko‘pincha piyoda sayr qilganlariga juda ko‘p guvoh bo‘lganmiz. Bu esa adibning juda sodda, oddiy inson va shu bilan birga buyuk qalb sohibi bo‘lganini anglatadi.  

Darhaqiqat, ushbu fayzli maskan olimlar, adabiyotshunoslar, talaba-yoshlar, adabiyot muxlislari bilan doim gavjum. Shunday ekan, Oybek merosi, uning asarlari doim barhayotdir.  

Nazokat Usmonova, O‘zA muxbiri