Ushbu savolga AOKAda o‘tkazilgan brifingda SSVning Onalik va bolalikni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Sevara Ubaydullayeva quyidagicha javob berdi:
– Agar 10 kun avval ichirgan bo‘lsangiz va farzandingizda tegishli alomatlardan shikoyatingiz bo‘lmasa, bu juda ham xavotirli holat emas. Shunday bo‘lsa-da shifokorga, holatiga ko‘ra Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi, uning hududlardagi filiali va tuman bo‘limlariga murojaat qiling, bolangizga siropni ichirganingiz va miqdori haqida ma’lumot bering. Shundan so‘ng tibbiyot xodimlari bola salomatligini o‘rganib, shu asosda xulosa qiladi.
Shu o‘rinda, yurtimizga kirib kelgan “Dok-1 Maks” va shunga o‘xshash shamollashga qarshi siroplarning bir necha partiyasida zaharli modda tasdiqlanganini ma’lum qilamiz.
Shu paytgacha tibbiyotda bu dori vositalari faqat shifokor tomonidan aniq ko‘rsatma bo‘lgandagina, bolalarning yoshi, vazni va boshqa ko‘rsatkichlari asosida tavsiya qilingan va samarali natijalar olingan.
Yana bir muhim masala: "Dok-1 Maks" siropi tarkibida zaharli modda tasdiqlanganidan so‘ng yurtimizdagi barcha dorixonalarda bu dori vositasining sotilishi taqiqlanib, ular savdodan qaytarib olingan.
Shunga qaramay, ba’zi dorixonalarda hanuz bu siropni sotishga urinish holatlari aniqlanayotgani achinarli holat. Ayni sababdan agar dorixonalarda “Dok-1 Maks” siropi sotilishi bilan bog‘liq holat kuzatilsa, O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi qoshida faoliyat yuritayotgan Shtabning +99899 807-66-60 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilishingizni so‘raymiz.
M.Qosimova, O‘zA