Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ovullarda Navro‘z shukuhi
08:53 / 2023-03-15

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Amudaryo tumani Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi, “Mahalla” xayriya jamoat fondi tuman bo‘linmasi tomonidan "Oq oltin" ovul fuqarolar yig‘ini bilan hamkorlikda “Obod mahallam” loyihasi doirasida bir qator tadbirlar o‘tkazildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlarni va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash jamoat fondi tomonidan moliyalashtirilgan  “Obod mahallam” loyihasi atrof-muhitni muhofaza qilish va tabiiy resurslardan oqilona foydalanish sohasidagi qonun hujjatlari talablari buzilishining oldini olish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, nodavlat notijorat tashkilotlar, fuqarolar bilan hamkorlikda jamoatchilik ekologik nazoratini amalga oshirish, aholining ekologiyaga oid bilimlarini kengaytirish, hududlarni obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirishga qaratilgan.

Loyiha rejasiga ko‘ra, "Oq oltin" ovulini obodonlashtirish, ko‘kalamzorlashtirish maqsadida hashar uyushtirildi. Tadbir davomida ovul hududidagi ko‘chalar tartibga keltirilib,tozalandi, yo‘l bo‘ylariga, ko‘chalar chetlariga 700 tupdan ziyod mevali va manzarali daraxt, ko‘p yillik gul ko‘chati o‘tqazildi.

Hasharda ovulning nuroniy otaxon va onaxonlari ham ishtirok etib, yoshlarga  mahalla obodligi, xonadonlar tozaligi, ko‘chat ekishning savobli amal ekanligi xususida tavsiyalarini berdi. Natijada, hududdagi idora, tashkilotlar, ta’lim muassasalari atroflari, ko‘chalar tozalanib, o‘zgacha chiroy ochdi. Daraxtlarga shakl berildi.

Ishtirokchilar ovulning “Jiydali kulon” aholi punktidagi issiqxonalarda ertaki ekinlar ko‘chatlarini yetishtirayotgan xonadonlarda  bo‘lib,  faoliyati bilan tanishdi.  

Nurulla Tojiboyev xonadonidagi 4 sotixlik issiqxonasidan har yili mevali, manzarali daraxtlar, ertaki ekinlar ko‘chatlarini yetishtirib, aholiga sotadi. Pomidor, baqlajon, bodring, bulg‘or qalampiri kabi ekinlar ko‘chatlarini ko‘klamda tomorqasiga ko‘chirib o‘tqazib, ertaki ekinlarni birinchilardan bo‘lib bozorga chiqaradi. Shu hududda yashovchi Qurol Kamolov esa o‘z hovlisi tomorqasidagi issiqxonasida ertaki ekinlar ko‘chatlaridan tashqari tuman iqlim sharoiti va tuprog‘iga mos archa ko‘chatini ham yetishtirmoqda.  

Tadbir davomida Nurulla Tojiboyev, Qurol Kamolovlar tomonidan issiqxonalarda ko‘chat yetishtirib, daromad topish, oilaning iqtisodini yaxshilash yuzasidan mahorat darslari o‘tkazildi. Shuningdek, mevali daraxtlarni payvandlash, daraxtlarni butash usullari bo‘yicha ishtirokchilarga maslahat berildi.

Shu kuni aholi punktida sumalak sayli tashkil etildi. Nuroniy onaxonlar tomonidan ijro etilgan sho‘x-sho‘x qo‘shiqlar, qizaloqlarning raqslari sumalak sayliga o‘zgacha shukuh bag‘ishladi.

Tadbir “Uch avlod uchrashuvi” bilan davom etdi. Unda ovulda uzoq yillar davomida yurt ravnaqi, tinchligi, yosh avlod ta’lim-tarbiyasi, aholi salomatligi yo‘lida samarali mehnat qilgan nuroniy otaxonlar, kayvoni onalar, o‘rta avlod vakillari va yoshlar ishtirok etdi.

Tadbirda ovul fuqarolar yig‘ini raisi Alisher  Shamshetov, tuman Mahalla va nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash bo‘limi boshlig‘i o‘rinbosari Bahodir Boltaboyev, Nuroniylarni qo‘llab-quvvatlash jamoatchilik kengashi raisi Bekman Allamberganov barchani Navro‘z bayrami bilan qutlab, joriy yil ko‘klamgi ishlarga ezgu niyatlar bilan kirishgan Oq oltinliklarning mehnatlariga baraka tiladi. Hududda o‘tkazilgan hashar, sumalak sayli va  uch avlod uchrashuvi ishtirokchilarda, ayniqsa yoshlarda katta taassurot qoldirdi.

Dovud ABIBULLAEV,

O‘zA muxbiri