Churuq aholi punkti Buxoro viloyati Shofirkon tumani markazidan 110 kilometr uzoqlikda joylashgan bo‘lib, infratuzilma va ijtimoiy xizmatlarni tashkil etish alohida e’tibor talab etadi.
Churuqliklar o‘rtasida olib borilgan tibbiy tahlillarga ko‘ra, surunkali kasalliklar aniqlangan. Jumladan, gipertonik kasallik, qandli diabet, yurak-qon tomir kasalliklari bilan og‘riganlar jami o‘ndan ziyod. Bu kasalliklar doimiy tibbiy nazorat va profilaktik chora-tadbirlarni taqozo etmoqda.

Aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish maqsadida tibbiyot punkti tashkil etilgan bo‘lib, ularga birlamchi tibbiy-sanitariya yordami ko‘rsatilmoqda. Shuningdek, hududga 1 dona tez tibbiy yordam avtomashinasi va hamshiralar biriktirilgan bo‘lib, bu shoshilinch holatda bemorlarni tuman markaziy shifoxonasiga tezkor yetkazish imkonini beradi.

Aholi o‘rtasida emlash ishlari ham mahalla tibbiyot punktida amalga oshirilmoqda. Churuq aholisiga tuman tibbiyot birlashmasining 46-sonli oilaviy poliklinikasi tibbiyot xodimlari tomonidan birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatilmoqda. Ayni paytda har oyda tuman ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikasi hamda tuman tibbiyot birlashmasi bosh mutaxassislari tomonidan rejali tibbiy ko‘riklar o‘tkazib kelinmoqda.
Shu bilan birga, har oy aholi chuqurlashtirilgan tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, aniqlangan kasalliklar bo‘yicha 29 turdagi bepul dori-darmon vositalari va bog‘lov materiallari ehtiyojga qarab yetkazib berilmoqda. Bu esa aholi salomatligini saqlash va kasalliklarning asoratlarini oldini olishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.