Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ovozimiz – osoyishta hayot va obod turmush uchun
15:47 / 2019-11-11

Markaziy saylov komissiyasi xalqaro matbuot markazining Surxondaryo viloyati bo‘limida bo‘lib o‘tgan navbatdagi tadbir ana shunday nomlandi.


Markaziy saylov komissiyasi xalqaro matbuot markazining Surxondaryo viloyati bo‘limida bo‘lib o‘tgan navbatdagi tadbir ana shunday nomlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi harbiy xizmatchilari bilan o‘tkazilgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi viloyat boshqarmasi boshlig‘i, Markaziy saylov komissiyasi xalqaro matbuot markazi hududiy bo‘limi rahbari S.Salamov joriy yil 22-dekabrda bo‘lib o‘tadigan siyosiy kampaniyani yuqori saviyada tashkil etish yuzasidan “Saylov qonunchiligi targ‘iboti oyligi“ doirasida amalga oshirilayotgan ishlar xususida atroflicha so‘z yuritdi.

Siyosiy partiyalar va mahalliy kengashlar deputatlari o‘rtasida tashkil etilayotgan debatlar, aholi keng qatlamlari, ayniqsa yoshlar bilan o‘tkazilayotgan turli targ‘ibot tadbirlarining ahamiyati to‘g‘risida fikr almashildi.

Markaziy saylov komissiyasi a’zosi S.Qurbonqulov, viloyat adliya boshqarmasi masul xodimi A.Rahmatovlar saylov qonunchiligimizda yuz bergan o‘zgarishlar, yangi qabul qilingan Saylov kodeksining mazmun-mohiyati va mamlakatimizning kelgusi besh yillik rivojlanish bosqichlarini belgilaydigan muhim siyosiy kampaniyada beriladigan har bir ovozning o‘rni, saylovchilarning yagona elektron ro‘yxati haqida atroflicha malumot berdi. Harbiy qismlarda saylov uchastkalarini tuzish va jihozlash, uchastka saylov komissiyasining vakolatlari, muddatidan oldin ovoz berish tartib-taomillari kabi jarayonlarni tushuntirdi.

– Harbiy qismlarda saylov uchastkalari qismlar yoki harbiy qo‘shilmalar komandirlarining taqdimnomasiga binoan okrug komissiyalari tomonidan tuzilishi Saylov kodeksining 10- moddasida alohida belgilab qo‘yilgan, – deydi Markaziy saylov komissiyasi azosi S.Qurbonqulov. – Aslida haqiqiy vatanparvar inson harbiylik kasbini tanlaydi. Saylovlarda ovoz berish ham yurtparvarlikning, Vatan ravnaqiga daxldorlik hissi mustahkamligining bir ko‘rinishidir. 
Mazkur tadbirda osoyishtaligimiz posbonlarining faol ishtirok etgani ham ularning mamlakatimiz taraqqiyoti va ertangi farovon kelajagiga mas’ullik tuyg‘usi yuksakligini keng namoyon etdi.

– Bu yilgi saylovlar o‘tgan yillarga nisbatan umumetirof etilgan demokratik tamoyillar asosida yanada ochiq-oshkora o‘tkazilishi bizda katta qiziqish uyg‘otmoqda, – deydi katta leytenant Burxon Halilov. – Ushbu tadbirda saylov qonunchiligiga oid bilim va ko‘nikmalarimizni yanada mustahkamladik. “Yangi O‘zbekiston:Yangi saylovlar!“ shiori ostida o‘tadigan saylovlarda siyosiy partiyalar tomonidan ilgari surilgan eng munosib nomzodlarga ovoz beramiz.

Uchrashuvda harbiylar o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.