Adliya vazirligi va Toshkent viloyati adliya boshqarmasi tomonidan Ohangaron tumanining Ovjazsoy qishlog‘iga xorijiy va mahalliy OAV xodimlari uchun press-tur tashkil etildi.
Dastlab jurnalistlar hududdagi O‘zbekiston mahallasida tashkil etilgan “Adliya kutubxonasi” bilan tanishdi.
– Bu yerda 1 ming 105 nafar 30 yoshgacha bo‘lgan yoshlar yashaydi, – deydi tuman adliya bo‘limi boshlig‘i Fahriddin Jo‘rayev. – Kutubxona faoliyati mahalla yoshlari uchun katta sovg‘a bo‘ldi. Hozir viloyatning barcha tuman va shaharlarida shu kabi 22 ta kutubxona tashkil qilingan. Ularda 7 ming 100 dan ortiq badiiy, huquqiy adabiyotlar, mebel jihozlari va kompyuter to‘plamlari mavjud bo‘lib, undan 1 ming 357 nafar yosh foydalanmoqda.
Mahalliy va xorijiy OAV xodimlari tuman adliya bo‘limi, Davlat xizmatlari markazi, Yuridik xizmat ko‘rsatish markazi, FHDYO bo‘limi faoliyati bilan yaqindan tanishdi. E’tiborlisi, Adliya vazirligi faoliyatining barcha yo‘nalishlari bo‘yicha “bir tom” ostida qulay, ortiqcha vaqt va pul sarflamasdan ma’lumot olish imkoniyati yaratilgan. “Ovjazsoy” qishlog‘ida esa boshqarma va tuman adliya bo‘limi tomonidan aholi uchun sayl tashkil etildi. Sport bellashuvlari, iste’dodli va iqtidorli yoshlarning chiqishlari namoyish etildi.
Ma’lumki, Ohangaron tumani hududida zarur infratuzilmani barpo etish, oilaviy mehmon uylari faoliyatini va qo‘shimcha turizm xizmatlarini yo‘lga qo‘yish hamda mahalliy aholini turizm sohasidagi tadbirkorlikka keng jalb etish maqsadida “Ovjazsoy” qishlog‘iga “Turizm qishlog‘i” maqomi berilgan. Qishloqda bugungi kunda 300 dan ziyod xo‘jalik va 1 ming 800 nafarga yaqin aholi yashaydi. Ular chorvachilik, dehqonchilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanadi. Qishloqning yuqori qismi ekoturizm uchun juda qulay.
Press-turda jurnalistlar turizm qishlog‘ida tashkil etilgan mehmon uylarining faoliyati, dam olishga keluvchilar uchun yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. Shu yerning o‘zida qishloq aholisi uchun tuman Davlat xizmatlari markazi xodimlari tomonidan sayyor davlat xizmatlari ko‘rsatish imkoniyati ham yaratildi.
A.Musayev, D.Ernazarov (surat),
O‘zA muxbirlari