Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ovchilik yo‘llanmalarini elektron dastur orqali berish yo‘lga qo‘yiladi
16:05 / 2026-02-12

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari qo‘mitasi tomonidan mamlakatimizda ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari faoliyatini takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar yuzasidan seminar tashkil etildi.

Davlatimiz rahbarining “Respublikada ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonidan kelib chiqib, ovchilarning bilim va ko‘nikmalarini oshirish borasida o‘qishlarni tashkil etish, sohaga raqamli texnologiyalarni keng joriy qilish, jumladan o‘qish hamda ovchilik guvohnomalarini olish jarayonlari raqamlashtirildi.

Seminar davomida yaqinda Qonunchilik palatasida birinchi o‘qishda qabul qilingan ov qilish jarayonlarini aniq tartibga solish, ovchilik xo‘jaliklari faoliyatini tizimlashtirish, yovvoyi hayvonlarni muhofaza qilish va ularning tabiiy ko‘payishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga qaratilgan qonun loyihasidagi normalar ham atroflicha muhokama qilindi.

Qonun loyihasida ov qilish jarayonlari shaffofligini oshirishga qaratilgan normalar aks etayotgani ta’kidlandi. Ovchilik guvohnomasini olish uchun maxsus o‘quv kursini o‘qish talabi joriy etilmoqda.

Ovchilik yo‘llanmalari (yovvoyi hayvonlarni tutish kartochkalari)ni berish maxsus elektron dastur orqali amalga oshirilishi, ular asosida mavsumiy yoki bir martalik ovni amalga oshirish huquqi taqdim etilishi nazarda tutilayotgani qayd etildi.

Muhokamalarda hayvonot dunyosini muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ovchilik madaniyatini oshirish yuzasidan fikrlar bildirilib, qonun loyihasini takomillashtirish bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalar berildi.

M.Komilova, O‘zA