Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Ovchilik guvohnomasini olish uchun maxsus o‘quv kursini o‘qish talabi joriy qilinmoqda
17:42 / 2026-02-02

“Bugun ovchilik kun ko‘rish uchun emas, balki ko‘ngilxushlik uchun qilinadigan ishga aylangan. Shunday ekan, ko‘ngilxushlik arzon emas, qimmat bo‘lishi lozim” — Ekofraksiya rahbari Abdushukur Hamzayev

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston Ekologik partiyasi fraksiyasining yig‘ilishida birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga respublikada ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari faoliyatini yanada takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi qizg‘in muhokamalarga sabab bo‘ldi.  

Qayd etilganidek, mazkur qonun loyihasi ov qilish va ovchilik xo‘jaliklari faoliyatini yanada takomillashtirish hamda sohaga oid munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishga qaratilgan bo‘lib, ov qilish tartib-taomillarini aniq belgilash, ovchilarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, sohaga zamonaviy axborot texnologiyalarini joriy etish, yovvoyi hayvonlarni muhofaza qilish va ularning tabiiy ko‘payishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishni nazarda tutadi.

[gallery-27433]

Qonun loyihasi bilan “Qurol to‘g‘risida”gi hamda “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi qonunlarga tegishli o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish taklif etilmoqda. Jumladan, ov qilish ovchilik xo‘jaliklariga biriktirib berilgan joylarda amalga oshirilishi belgilanmoqda.

Ovchilik guvohnomasi 18 yoshga to‘lgan, ovchilik bo‘yicha maxsus o‘quv kursini o‘qigan fuqarolarga 2 yil muddatga berilishi nazarda tutilmoqda. Ovchilik guvohnomasini muddatidan oldin bekor qilish guvohnoma egasining arizasi, vafot etishi, muomalaga layoqatsiz deb topilishi va sud qaroriga ko‘ra amalga oshirilishi mumkin.  

Shuningdek, ovchilik xo‘jaliklari yerlari ijara asosida, auksion orqali 49 yil muddatga berilishi nazarda tutilmoqda.  

Ekopartiya deputatlari qonun loyihasi partiya dasturiy vazifalariga hamohang ekanligini ta’kidlab, bir qator savol va takliflarni o‘rtaga tashladi. Xususan, fraksiya rahbari Abdushukur Hamzayev hayvonot dunyosini muhofaza qilish, tabiatga dam berish masalasiga alohida to‘xtalib, O‘zbekiston Respublikasining Qizil kitobiga kiritilgan kamyob va yo‘qolib borayotgan hayvonlarni tutishga ilmiy maqsadlardan tashqari barcha hollarda moratoriy joriy etish zarurligini ta’kidladi.  

Shuningdek, partiya yetakchisi ov qilish muddatini hayvonlarning urchish vaqtidan tashqari yil davomida belgilashga oid normaga qarshilik bildirdi. Uning fikricha, urchishdan tashqari ko‘payish, bolasini voyaga yetkazish vaqtida ham hayvonlarni ovlash ularning kamayib ketishiga olib keladi. Shuning uchun loyihaga “urchish va ko‘payish vaqti” deb kiritishni taklif qildi.  

—  Bugun ovchilik kun ko‘rish uchun emas, balki ko‘ngilxushlik uchun qilinadigan ishga aylangan. Shunday ekan, ko‘ngilxushlik arzon bo‘lmasligi kerak, qimmat bo‘lishi lozim. Ya’ni, ov qilish uchun ruxsatnoma olishni qimmatlashtirish kerak, — dedi Ekofraksiya rahbari Abdushukur Hamzayev.  

Fraksiya a’zosi Dildora Kamolova loyihadagi normalar chet el fuqarolari uchun ham amal qiladimi-yo‘qmi, degan savolni o‘rtaga tashladi. Shuningdek, Qizil kitobga kiritilgan hayvonlarni otganlik uchun jarimalarni oshirish, nogironligi bor va pensioner ovchilarga imtiyoz berish masalasini loyihadan chiqarib tashlash takliflarini bildirdi.  

Ekofraksiya a’zolari qizg‘in muhokamalarda qonun loyihasining dolzarbligini ta’kidlab, uni qo‘llab-quvvatladi.

Muhtarama Komilova, Farhod Abdurasulov (surat), O‘zA