Yana bir haftadan so‘ng poytaxtimizda dzyudo bo‘yicha o‘nlab jahon, qit’a chempionatlari hamda Olimpiya va qit’aviy o‘yinlarning g‘oliblari, sovrindorlari ishtirokidagi nufuzli turnir boshlanadi.
Kuni kecha O‘zbekiston dzyudo federatsiyasida mazkur musobaqani yuqori saviyada tashkil etish, transport logistikasi, xorijdan kelayotgan mehmonlar, referilar, 50 ga yaqin mamlakatlarning sport delegatsiyalarini kutib olish, mehmonxonalarga joylashtirish, mashg‘ulot zallarini hozirlash kabi masalalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda Xalqaro dzyudo federatsiyasi yetakchi mutaxassislari ishtirok etib, xalqaro turnir bilan bog‘liq har bir masalaning texnik jihatlari, hakamlar, tegishli ishchi guruh vakillarining ish tizimini tashkil etish, chet el terma jamoalarining mashg‘ulot tizimi, musobaqalarni tegishli kommunikatsiya tizimlari orqali keng targ‘ibotini yo‘lga qo‘yish borasidagi ishlar ko‘rib chiqildi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 27-fevral-1-mart kunlari Toshkentda o‘tkaziladigan “OTP Group Tashkent Grand Slam 2026” turnirining umumiy mukofot jamg‘armasi 154 ming yevro etib belgilangan.
Ushbu nufuzli musobaqada ishtirok etayotgan terma jamoalar belgilangan dastur asosida yurtimizga kelishni boshladi.
Xususan, ikki kun muqaddam yurtimizga kelgan 20 nafar mahoratli dzyudochilardan iborat Yaponiya milliy terma jamoasi a’zolari ayni paytda Toshkentda ushbu turnirga tayyorgarlik mashg‘ulotlarini olib bormoqda.
T.Ro‘ziyev, O‘zA