O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarori
Otorinolaringologiya sohasida tibbiy yordam ko‘rsatish sifatini yaxshilash, aholining ehtiyojmand qatlamlariga yuqori malakali ixtisoslashtirilgan tibbiy xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, sohadagi nodavlat tibbiyot tashkilotlari faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, davlat muassasalarining moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, tibbiy kadrlarni tayyorlash va ilm-fanni rivojlantirish maqsadida:
1. Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda O‘zbekiston otorinolaringologiya va bosh-bo‘yin jarrohligi assotsiatsiyasining 2023 yil 1 sentyabrdan yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan Respublika ixtisoslashtirilgan otorinolaringologiya va bosh-bo‘yin kasalliklari ilmiy-amaliy tibbiyot markazini (keyingi o‘rinlarda – Markaz) tashkil qilish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
2. Belgilab qo‘yilsinki:
a) Markaz:
otorinolaringologiya yo‘nalishidagi ishlarni muvofiqlashtiradi hamda “Markaz – hududiy tibbiyot muassasalari – tuman (shahar) tibbiyot muassasalari” tizimi asosida o‘z faoliyatini tashkil etadi;
otorinolaringologik va bosh-bo‘yin kasalliklari sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatishni yo‘lga qo‘yadi, ushbu yo‘nalishlarda mutaxassislarni o‘qitish va ularning ko‘nikmalarini rivojlantirish choralarini ko‘radi hamda ilmiy maktabni shakllantiradi;
hududlarda otorinolaringologik va bosh-bo‘yin kasalliklarini tashxislash va davolashning zamonaviy usullarini amaliyotga joriy etadi hamda yuqori texnologik amaliyotlar ko‘lamini kengaytiradi;
sog‘liqni saqlash tizimining birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida otorinolaringologik va bosh-bo‘yin kasalliklari profilaktikasi, ularni erta aniqlash va davolash dasturlarini amaliyotga joriy etadi;
nodavlat tibbiyot tashkilotlari bilan hamkorlikda otorinolaringologik va bosh-bo‘yin kasalliklarini davolashning zamonaviy va yuqori texnologik usullarini davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari amaliyotiga joriy etadi;
b) 2024/2025 o‘quv yilidan boshlab Markazda otorinolaringologiya ixtisosligi bo‘yicha tibbiyot kadrlarini klinik ordinatura orqali tayyorlash tashkil qilinadi;
v) Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlarining otorinolaringologiya bo‘limlari Markazning yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lmagan hududiy filiallari hisoblanadi.
Markaz va uning hududiy filiallari tibbiyot yo‘nalishidagi oliy, professional va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarining tegishli kafedralari uchun klinik baza sifatida faoliyat yuritadi.
3. Markaz faoliyatini moliyalashtirish manbalari etib quyidagilar belgilansin:
Davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar;
ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlarini amalga oshirish doirasidagi grantlar;
pullik xizmatlar ko‘rsatishdan tushadigan mablag‘lar;
qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan boshqa manbalar.
4. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 28 iyuldagi “Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–5199-son qaroriga muvofiq, imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarni davolash uchun ixtisoslashtirilgan muassasalarni Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi bilan tuzilgan shartnomalar asosida bazaviy narxlarda moliyalashtirish tartibi Markaz uchun 2024 yil 1 yanvardan boshlab tatbiq etilsin.
5. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq 2024 yil 1 yanvardan boshlab otorinolaringologiya va yuz-jag‘ jarrohligi yo‘nalishlaridagi tibbiy xizmatlar imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilishiga ruxsat beriladi.
6. 2023–2026 yillarda otorinolaringologiya xizmatini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi (keyingi o‘rinlarda – Dastur) 1-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
Sog‘liqni saqlash vazirligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda Dasturda nazarda tutilgan tadbirlarning o‘z vaqtida, sifatli va to‘liq bajarilishini ta’minlasin hamda Dastur ijrosi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga axborot kiritib borsin.
7. Sog‘liqni saqlash vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi bilan birgalikda:
a) Koreya Eksimbanki Iqtisodiy rivojlanish va hamkorlik jamg‘armasi (EDCF) hisobidan 2023–2024 yillarda tuman (shahar) ko‘p tarmoqli markaziy poliklinikalarini, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar bolalar ko‘p tarmoqli tibbiyot markazlari, Toshkent shahar shifoxonalarining otorinolaringologiya bo‘limlari va tibbiyot oliy ta’lim muassasalari klinikalarini, Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududiy filiallarini 2-ilovaga muvofiq zarur tibbiy uskunalar bilan jihozlash uchun 17 million AQSH dollarini yo‘naltirsin;
b) 2024–2025 yillarda Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan quyidagi tadbirlarni amalga oshirish uchun 8,6 million AQSH dollarini yo‘naltirish choralarini ko‘rsin:
Markazda “Yuqori nafas yo‘llari a’zolari fiziologiyasi va patologiyasi”, “Eshitish va muvozanat a’zolari fiziologiyasi va patologiyasi”, “Foniatriya va ronxopatiya” ilmiy laboratoriyalarini, simulyatsion amaliy laboratoriyani, 5 ta jarrohlik blokini va 60 ta o‘rin-joylarni zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash;
Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida “Eshitish zaiflashuvini tashxislash, davolash va reabilitatsiya muammolari” ilmiy laboratoriyasini tashkil etish;
Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasi va Respublika ixtisoslashtirilgan pediatriya ilmiy-amaliy tibbiyot markazini zamonaviy tibbiy uskunalar bilan jihozlash.
8. Belgilansinki, 2024 yildan boshlab:
Sog‘liqni saqlash vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga binoan audioskrining natijasi bo‘yicha aniqlangan zaif eshitadigan bolalarni koxlear implantatsiya amaliyotiga tayyorgarlik davrida Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan qo‘shimcha yiliga kamida 2 000 taraqamli eshitish moslamalari bilan ta’minlash yo‘lga qo‘yiladi;
Andijon davlat tibbiyot instituti klinikasining vaqtincha qisqartiriladigan o‘rin-joylari va shtat birliklari hisobidan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi va uning hududiy filiallari qabul-diagnostika bo‘limida tunu kun xizmat ko‘rsatadigan qo‘shimcha otorinolaringolog va yuz-jag‘ jarrohi shtat birliklari kiritiladi.
9. Sog‘liqni saqlash vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Kambag‘allikni qisqartirish va bandlik vazirligi bilan birgalikda otorinolaringologiya bo‘yicha ambulator va statsionar sharoitda yordam ko‘rsatuvchi davlat tibbiyot muassasalari uchun shtat normativlarini qayta ko‘rib chiqish hamda kelgusida ehtiyojdan kelib chiqib ularga o‘zgartirishlar kiritib borish choralarini ko‘rsin.
10. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligining asoslangan hisob-kitoblariga binoan ushbu qarorda belgilangan tadbirlarni amalga oshirish bilan bog‘liq xarajatlar 2024 yildan boshlab Davlat byudjeti parametrlarida nazarda tutilishini ta’minlasin.
11. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 28 iyuldagi
“Sog‘liqni saqlash sohasida ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi PQ–5199-son qarori 1-bandining “b” kichik bandi quyidagi tahrirda bayon etilsin:
"b) quyidagilar:
2021 yil 1 noyabrdan ko‘z mikroxirurgiyasi va urologiya;
2022 yil 1 yanvardan kardiologiya, travmatologiya va ortopediya hamda akusherlik va ginekologiya;
2022 yil 1 iyuldan xirurgiya va neyroxirurgiya;
2024 yil 1 yanvardan otorinolaringologiya va yuz-jag‘ kasalliklari yo‘nalishlaridagi tibbiy xizmatlar imtiyozli toifaga kiruvchi shaxslarga Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan ko‘rsatilishiga ruxsat berilsin”.
12. Markaz Toshkent shahri, Yashnobod tumani, Maxtumquli ko‘chasi, 103-uy manzilida yangidan barpo qilinayotgan ko‘p tarmoqli klinika bino va inshootlarining bir qismiga tekin foydalanish huquqi asosida joylashtirilsin.
13. Sog‘liqni saqlash vazirligi Iqtisodiyot va moliya vazirligi hamda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi bilan birgalikda 2023 yilda Davlat byudjetidan Sog‘liqni saqlash vazirligiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan Markazda rekonstruksiya va jihozlash ishlarini amalga oshirish choralarini ko‘rsin.
14. Sog‘liqni saqlash vazirligi manfaatdor vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
15. Mazkur qarorning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsiy javobgar etib sog‘liqni saqlash vaziri A.Sh.Inoyatov belgilansin.
Qaror ijrosini muhokama qilib borish, ijro uchun mas’ul idoralar faoliyatini muvofiqlashtirish va nazorat qilish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N.Aripov va O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining birinchi o‘rinbosari L.N.Tuychiyev zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi
Prezidenti Sh.MIRZIYOEV