Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
OTMlarga qabul bu yil qanday bo‘ladi? (+video)
21:33 / 2024-06-22

Jizzax davlat pedagogika universitetida markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar ishtirokida “Oliy ta’lim muassasalari bakalavriatiga qabul va kirish imtihonlaridagi yangiliklar: ochiqlik va shaffoflik” mavzusida matbuot anjumani o‘tkazildi.

Unda Prezidentimizning joriy yil 24 maydagi “Oliy ta’lim tashkilotlariga o‘qishga qabul qilish va davlat buyurtmasini joylashtirish tizimini takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonining mazmun-mohiyati haqida atroflicha tushunchalar berildi.  

Jumladan, “Avval test, so‘ng tanlov” tamoyili, davlat buyurtmasi parametrlarini davlat OTMlari kesimida taqsimlash amaliyoti bekor qilinishi, shuningdek, ta’lim granti asosida o‘qigan talabalar uchun o‘qishni tugatgandan keyin kamida 3 yil ishlash majburiyati bekor bo‘layotgani, abituriyentlarni adolatli saralash ta’minlanishi, eng iqtidorli va bilimlilarning o‘qishga qabuli amalga oshirilishi ta’kidandi.

– Davlatimiz rahbarining 2024 yil 24 maydagi farmoniga ko‘ra, 2024-2025 o‘quv yili uchun bakalavriatga qabul bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tishning birinchi bosqichi joriy yilning 5 iyun kunidan boshlandi va 25 iyungacha davom etadi, – dedi JDPU rektori, professor Sh.Sharipov. – Bunda abituriyentlarga faqat test sinovlari o‘tkaziladigan yo‘nalishlar uchun test topshiradigan fanlar, ta’lim tili, test topshirish hududini tanlash, ijodiy imtihon o‘tkaziladigan yo‘nalishlar uchun yuqoridagilarga qo‘shimcha ravishda bakalavriat ta’lim yo‘nalishi va ijodiy imtihon topshiriladigan oliygohni tanlash imkoniyati yaratiladi. Shuningdek, ro‘yxatdan o‘tishning birinchi bosqichi yakunlangandan so‘ng ijodiy imtihonlar, so‘ngra test sinovlari o‘tkaziladi.

– Test sinovlari barcha hududlarda to‘liq yakunlangach, abituriyent  “Avval test, so‘ng tanlov” tamoyili asosida tanlov imkoniyatiga ega bo‘ladi, – dedi Bilim va malakalarni baholash agentligi Jizzax viloyati bo‘limi boshlig‘i I.Hotamov. – 15 kun davomida ro‘yxatdan o‘tishning ikkinchi bosqichida abituriyentlar test ballaridan kelib chiqib, 5 tagacha oliygoh (yo‘nalish), ta’lim shaklini, tanlov ustuvorligini, ijodiy imtihon o‘tkazilgan yo‘nalishlar uchun qo‘shimcha ravishda tanlangan yo‘nalish bo‘yicha 5 tagacha oliygohni tanlashi mumkin.

Tadbirda JDPU qabul komissiyasi mas’ul kotibi, universitet prorektori S.Nazarqosimov, yangi ochilishi ko‘zda tutilgan yo‘nalishlar, abituriyentlar va ularning ota-onalari uchun yaratilayotgan sharoitlar, imtiyozlar va ulardan kimlar foydalana olishi, magistratura va doktoranturaga ayrim yo‘nalishlarda xorijiy til bilish sertifikati “V1” darajaga pasaytirilishi,ta’lim dasturini xorijiy tilda yakunlagan talabalar uchun sertifikat talabi bekor qilinishi haqida batafsil ma’lumotlar berdi.

[gallery-17950]

Matbuot anjumaniga universitet Registrator ofisida tashkil etilgan “Call-cyentyer”ga qilingan press-tur yakun yasadi. Ishtirokchilar u yerda yaratilgan sharoitlar,maslahat markazidagi operatorlar faoliyati bilan yaqindan tanishtirildi.  

<iframe width="853" height="480" src="https://www.youtube.com/embed/tiJXIOII9mE" title="OTMlarga qabul bu yil qanday boʻladi?" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Anjuman davomida ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar o‘zlarini qiziqtirgan savolarga batafsil javoblar oldi.

A.Qayumov, J.Yorbekov (surat, video),

O‘zA muxbirlari