Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘tmishning qora kunlari bizni hamisha hushyorlikka chorlaydi
15:43 / 2022-02-12

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan bugun Qarshi shahridagi tarixiy qadamjolardan biri “Odina” majmuasida faoliyatini davom ettirayotgan muzey qatag‘on davri qurbonlarini xotirlash va e’zozlash, xalq ozodligi yo‘lida aziz jonlarini fido etgan ajdodlarimining porloq xotirasini tiklash maqsadida tashkil etilgan.

Muzeyning ushbu qadamjoga ko‘chirilishi uni chin ma’noda o‘z o‘rni va joyini topganligini ko‘rsatadi. Ushbu manzilgoh uzoq yillar davomida mustabid sho‘ro xokimiyatining tazyiqidan jabr ko‘rgan ko‘plab begunoh vatandoshlarimiz qismatiga guvoh bo‘lgan jonli tarixdir. Zero, tarixiy obida 1938 yildan e’tiboran Qashqadaryo viloyatining 5-tergov izolyatori qamoqxonasi vazifasini o‘tagan. Qatag‘on davrining qonli qismatlarini guvohi bo‘lgan.

QarDU tuzilmasidagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi Qashqadaryo tarixining eng ayanchli davri, o‘sha mash’um qatag‘onlik davrida ne-ne azoblarga solingan minglab ayanchli taqdirlar haqida juda ko‘p ma’lumotlar olish imkonini beruvchi maskan bo‘ldi. Muzey ko‘rgazmasidagi buyumlar, ashyo va hujjatlar ajdodlarimizning ayanchli qismati haqida so‘zlaydi. Muzey 11 ta bo‘limdan iborat bo‘lib, Chor imperiyasining O‘rta Osiyoga bosqini va unga qarshi mahalliy xalq qo‘zg‘olonlari, milliy ma’rifatparvarlarimiz, 1920-1930 yilardagi qatag‘on, “quloq”lashtirish davri, 1937-1938 yillardagi “Katta qirg‘in” siyosati, 1940-1950 yillardagi qatag‘onlik siyosati, 1980 yillardagi “paxta ishi” “O‘zbeklar ishi” hamda Mustaqillik davri va yangi O‘zbekiston bo‘limlarini o‘z ichiga qamrab olgan.

Muzeyda juda ko‘plab begunoh qatag‘on qurboniga aylangan taqdirlar haqida qimmatli ma’lumotlarni uchratish mumkin. Masalan, O‘zbekiston xalq baxshisi Shomurod baxshi va uning otasi Tog‘ay baxshining qatag‘on qurboniga aylanib, boshidan ne-ne mashaqqatlarni o‘tkazgani haqidagi ma’lumotlarni uchratish mumkin. 1930 yil boshlanishi bilan ko‘p millatli mamlakatda qama-qama boshlanib, zulm changali Chiroqchiga ham yetib keldi. “Tuzumga qarshi” niqobi ostida aybsiz-aybdorligidan qat’i nazar, ko‘p kishilar turmaga tashlanadi, biriga qamoq jazosi beriladi, yana biri uzoq o‘lkalarga surgun qilinadi.

Tog‘ay baxshiga “to‘y va boshqa tadbirlarda sho‘ro tuzumini yomonlovchi termalar kuylamoqda”, degan nohaq ayb qo‘yilib, Sibirga surgun qilinadi. Bu vaqtda Tog‘ay baxshining turmush o‘rtog‘i Tojixol Shomurodga homilador edi. Bir yildan so‘ng Tog‘ay baxshi lagerdan qochadi bir necha kunlardan so‘ng eson-omon Chiroqchiga qaytib keladi. Bolalarini sog‘-salomat ko‘rib xursand bo‘ladi. Tojixolning ko‘zi yoriganiga besh-olti oy bo‘lgan, farzandiga Shomurod deb ism qo‘ygan edi. Sho‘rolarning, hatto sharpalarni sezadigan "quloq"lari ko‘p edi. Bir kuni tunda maxsus xizmat xodimlari kelib, Tog‘ayni yana olib ketadi. Badarg‘a qilingan joydan qochganligi uchun faqat uni emas, barcha oila a’zolarini ham qattiq jazolab, yashash joyidan surgun qilishadi. Hatto, hali bir yoshga to‘lmagan Shomurodni, uni ko‘krak suti bilan boqayotgan onasi Tojixolni ham ayab o‘tirishmaydi. Er-xotin besh nafar farzandi bilan poyezdga chiqarildi. Tog‘ayning ko‘ziga balodek ko‘ringan - yana o‘sha Shartandinsk qishlog‘iga kelishadi. Tog‘ayning farzandlari - Ibrohim, Rahim, Umbar va Davlat shu qishloqdagi maktabga o‘qishga boradi. Ular harf tanishni, o‘qishni ona tilida emas, rus tilida o‘rganishni boshlaydi. Bir yil o‘tar-o‘tmas oila boshiga musibat tushadi. Ko‘krakdan hali uzilmagan Shomurodni tashlab, onasi Tojixol jon beradi. Keyin birin-ketin Rahim, Umbarni tuproqqa qo‘yishadi, ular hali o‘n yoshga ham yetmagan edi. Tog‘ay bunday qismat zarbidan ancha vaqtgacha o‘ziga kela olmaydi. Endi atak-chechak bo‘layotgan Shomurod qarovsiz qoladi. Tog‘ay taqdir taqozosi bilan bu yerga kelib qolgan shahrisabzlik bir juvonga uylanadi. U ham Shomurodni tarbiyaladi, ham bir yil o‘tib, Tog‘ayga bir qiz hadya qildi. Unga Sibiriya deb ism qo‘yishadi.

Shomurod yetti yoshga to‘lgach, maktabga bordi. Uning tug‘ilganligi to‘g‘risidagi guvohnomasi yo‘q edi. Otasidan so‘rab-surishtirmasdan sinf rahbari jurnalga Shomurodni ruscha familiya - Tumanov Aleksandr deb yozib qo‘yadi, u o‘n yil shu familiyada yuradi.

Tog‘ayning to‘ng‘ich o‘g‘li Ibrohimning taqdiri mudhish yakun topadi.  U harbiy xizmatga ketib, ikkinchi jahon urushida halok bo‘ladi. 1942 yilda Tog‘ayni ham frontga jo‘natishadi. G‘alabadan so‘ng ikkinchi vatani bo‘lib qolgan Shartandinsk qishlog‘iga qaytadi. Bu vaqtda uning farzandlaridan faqat Shomurod qolgan edi. Xotini, Shomurod va qizi Sibiriya bilan o‘sha uzoq o‘lkada yashashda davom etadi. Uning yagona maqsadi va orzusi ular bilan kindik qoni to‘kilgan Vataniga qaytish edi. Bir kuni qo‘liga qog‘oz va qalam olib, istagini qondirishni so‘rab, "xalqlar dohiysi" Stalinga xat yozdi, javobini umid bilan kutdi. Nihoyat, 1948 yilda oilaning O‘zbekistonga - Chiroqchiga qaytishiga ruxsat beriladi. Tog‘ay Mahmanovning quvonchi cheksiz edi. Faqat xotini, uch farzandining xoki begona yurtda qolayotganidan o‘kindi. So‘ng vataniga qaytadi. 

Muzey ko‘rgazmasining oxirgi zali YANGI O‘ZBEKISTON: UCHINCHI RENESSANS SARI deb nomlandi. Bu zalda Qashqadaryoda oxirgi 5 yilda amalga oshirilgan ishlar va olib borilgan islohotlarni amaliy natijalarini ko‘rish mumkin. Ta’lim tizimida amalga oshirilgan islohotlar, xususan yangi maktablarimizning ochilishi, maktabgacha ta’lim sohasidagi amalga oshirilgan ishlar, oliy ta’lim muassasalari sonining 7 taga yetkazilishi va Markaziy Osiyoda yagona oliy harbiy aviatsiya bilim yurti tashkil etilishi muzeyga tashrif buyuruvchilarga iftixor tuyg‘usini oshiradi. Shuningdek, muzey ko‘rgazmasi viloyatning sport sohasidagi o‘lkan yutuqlari, sog‘liqni saqlash tizimida amalga oshirilgan ishlar va olib borilgan islohotlar bilan bir qatorda ma’naviyat sohasida erishilgan yutuqlar va olib borilgan islohotlar haqida so‘zlaydi.

– Ushbu muzey Prezident qarori bilan 2017 yilda tashkil etilgan, – deydi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyi ilmiy xodimi Sadoqat Xo‘jayorova. – 2021 yilda “Odina” masjidiga ko‘chib keldik. Muzeyda ko‘plab faoliyatlar qatorida ilmiy faoliyat ham olib borilmoqda. Xususan, ushbu muzey materiallarini boyitishda sudxona arxivlaridan, viloyat arxivlaridan foydalanilmoqda. Bundan tashqari muzey tarkibida ishlovchi xodimlar o‘zining ilmiy faoliyati bilan ham mashg‘ul. Xususan muzeyda faoliyat yurituvchi ilmiy xodimlar, Turkiston general gubernatorligi va undan oldingi davrlar, shkningdek bugungi kundagi to‘plangan materiallar bo‘yicha ilmiy ishlar olib borilmoqda. Bundan tashqari muzey materiallarini boyitishda poytaxtdagi Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyi bilan hamkorlikda ishlar olib borildi. Ma’lumotlar almashinildi. Izlanishlar olib borildi. Vazirlar Mahkamasi bilan hakorlikda ishlar olib borildi. Muzeyimizda ilmiy ishlardan tashqari barcha davlatlardan tashrif buyuruvchi xorijiy sayyohlar uchun ham shart-sharoitlar yaratilgan. Masalan, mavzulashtirilgan ekskursiyalar olib mahalliy mehmonlar uchun ochiq ko‘rgazmalar tashkil etilmoqda. 

Bundan tashqari muzeyda ilmiy tadqiqot markazi faoliyat boshlagan. Bu yerda tashkil etilgan kutubxona manbalari va muzey eksponatlaridan foydalangan holda viloyatimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalari tadqiqotchi yoshlari ilmiy tadqiqot ishlarini amalga oshirishlari mumkin. Shuningdek, bugungi kunda Qarshi davlat universiteti “Tarix” fakulteti bakalavr hamda magistratura yo‘nalishida tahsil olayotgan talabalarining qatag‘on davriga oid darslari shu markazda tashkil etilgan. Darslar qatag‘on davri haqida ma’lumot beruvchi hujjatli filmlar hamda muzeyda mavjud eksponatlar orqali jonli tarzda olib borilmoqda. Undan tashqari, ushbu maskanda Qarshi davlat universitetining “O‘zbekiston tarixi” ixtisosligi bo‘yicha tashkil etilgan ilmiy kengash o‘z faoliyatini amalga oshirmoqda. Bu yerda ko‘plab ilmiy kengash seminar va himoyalar yuqori saviyada o‘tkazilib, vatanimiz tarixini ochilmagan yangiliklari ilmiy kengash a’zolari tomonidan muhokama etib kelinmoqda. 

– O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi oliy attestatsiya komissiyasining maxsus qarori bilan 2021 yil fevral oyida Qarshi davlat universiteti huzurida O‘zbekiston tarixi ixtisosligi bo‘yicha falsafa doktori PhD himoyalariga ruxsat berildi, – deydi tarix fanlari doktori, professor. Bahodir Eshev. – Mana ikkinchi yil kengashimiz faoliyat ko‘rsatayapti. O‘tgan 2021 yil davomida kengashda 11 ta himoya shundan 10 ta PhD himoyasi va bitta doktolik DSc himoyasi bo‘ldi. Viloyatda Qatag‘on qurbonlari xotirasi muzeyining qadimiy “Odina” masjidida faoliyat boshlashi va shu yerda ilmiy kengashning ham mavjudligi, imkoniyatlarimizni yanada kengaytirdi. Qatog‘on qurbonlari, ularning qismati to‘g‘risida ko‘plab materiallar yig‘ilgan bu yerda. Muzeyda ilmiy kengashimiz uchun maxsus xona ajratildi. Xonada hamma qulayliklar bor. Yangi texnologiyalar bilan jihozlangan. Bu yerda nafaqat himoyalar balki, kengash qoshidagi ilmiy seminarlar o‘tyapti. Bir vaqtlar bu yer tashlandiq joy bo‘lgan. Qadimgi an’analarimizning tiklanishi, ayniqsa qadimgi davr bilan bog‘liq dissertatsiyalarga juda hamohang bo‘lyapti. 

Bugun bu maskanda hayot qaynamoqda. Ko‘plab sayyohlar, yoshlar hamda viloyat tashkilotlari tashrif buyurmoqda. Tashrif buyuruvchilar muzey ko‘rgazmasi orqali o‘tmishga sayr qilib, ajdodlarmizning mustaqillik uchun, bugungi dorulomon kunlar uchun qanchalik jon fido qilganliklari, zahmat chekkanliklarini guvohi bo‘ladi. Mustabid tuzum asoratlari qanday bo‘lishidan qa’tiy nazar bu bizning o‘tmishimiz, ajdodlarimiz qonli qismati, millatimiz tarixining bir qismi bo‘lib qolaveradi. Uni o‘rganish va yoshlarimizga o‘rgatish, yetkazish burchimizdir. Zero, bugungi kunga shukronalik hissi tarixni o‘rganishdan boshlanadi.

2022 yilda muzey qoshida “Abu Muin Nasafiy” ilmiy markazini tashkil etish rejalashtirilgan. 

[gallery-5740]

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA