9 oktyabr kuni Avstraliyaning g‘arbiy qismidagi Esperans shahri yaqinidagi Uorton sohilida Braunlar oilasi tomonidan Birinchi jahon urushi davrida shishaga solib, dengizga uloqtirilgan xat topildi. Braunlar qog‘oz nam bo‘lishiga qaramay, yozuvni aniq o‘qiy olgan. Shu bois topilma orqali har ikki askarning avlodlariga xabar berilgan.
Xat egasi – Xarlining nabirasi Enn Terner topilmani “haqiqiy mo‘’jiza” deb atadi.
– Ishonolmaymiz, go‘yo bobom qabr tubidan bizga murojaat qilgandek, – deydi u.
1916 yil 15 avgustda yozilgan ushbu maktub 27 yoshli Melkolm Nevill va 37 yoshli Uilyam Xarliga tegishli. Ma’lum bo‘lishicha, o‘shanda bu ikki askar “HMAT A70 Ballarat” kemasida Fransiya frontiga jo‘nayotgan ekan.
Noma safar kayfiyati, kemadagi kun tartibidan dalolat beradi. Nevill onasi Robertinaga murojaat qilib, shunday yozgan:
– Hammasi yaxshi, ovqatlar mazali. Xursandmiz. Kema tebranyapti, lekin Larridek baxtlimiz.
Uilyam esa “Shu xatni topgan ham biz kabi sog‘-omon bo‘lsin”, deya tilak bildirgan.
Melkolm bir yildan keyin frontda halok bo‘lgan. Xarli esa ikki marta yaralanib, urushdan tirik qaytgan. Afsuski, 1934 yil Germaniyada gaz hujumi oqibatida saratonga chalinib, vafot etgan.
Qirg‘oqdan topilgan idish va shisha ichidagi xat mahalliy muzeyga topshirildi. Endi tarixiy ahamiyatga molik eksponat sifatida namoyish etiladi.
D.Hakimov, O‘zA