Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O'tmishdagi rassom
16:47 / 2023-04-01

I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat san’at muzeyida M.K.Sokolovning shu mavzudagi ko‘rgazmasi ochildi.

Ta’kidlanganidek, Mixail Ksenofontovich Sokolovning asarlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat san’at muzeyi kolleksiyasida muhim o‘rin tutadi. Do‘sti va shu bilan birga, asarlarining tadqiqotchisi bo‘lgan N.M.Tarabukin uni hayotda va san’atda  romantik, deb ta’kidlagan. San’atshunos O.Roitenberg ustani “go‘zallik ritsari va maftunkor sayohatchi, Moskva rassomlari orasida eng rang-barang shaxs... u olamni  o‘zining tasavvurida tug‘ilgan ko‘rinishida ko‘radi,” deya ta’riflagan.

M.K.Sokolov 1885 yil 6 (18) sentabrda Yaroslavlda hunarmandlar oilasida tug‘ilgan. 1898 yildan 1904 yilgacha Yaroslavl shahrida rassomchilik maktabida pedagog va rassom Petr Aleksandrovich Romanovskiydan ta’lim oldi. 1904 yilda Stroganov bilim yurtiga o‘qishga kirdi, uning o‘qituvchilari S.V.Noakovskiy va S.I.Yagujinskiylar bo‘ldi. 1919-1922 yillarda Yaroslavl va Tver davlat badiiy ustaxonalarida dars bergan. Bu davrlardagi asarlarda avangard yo‘nalishining ta’siri seziladi. 1923 yildan Moskvada yashadi.1925 yilda davlat san’at akademiyasida shaxsiy ko‘rgazmasi namoyish etilgan, ammo tasviriy san’atdagi kubizm oqimidagi ishlar namoyish etilmaganligi bois muvaffaqiyatga erishmagan.

M.Sokolov Moskvadagi “1905 yilgi xotira” bilim yurtida dars bergan. 1934 yildan Moskva badiiy ijodkorlar uyushmasining a’zosi. 1938 yil 26 oktyabrda 7 yil muddatga axloq tuzatish va mehnat lageriga hibsga olingan. 1943 yilda uning sog‘lig‘i yomonlashadi, undan muddatidan oldin sudlanganligi olib tashlanadi va Moskvada yashash sharti bilan ozod qilinadi. Rыvinskdagi pionerlar uyida o‘qituvchilik qiladi. U 1947 yilda vafot etdi.

Rassom o‘sha yillari san’atdagi o‘ziga xos yo‘nalishga aylangan kubofuturistik uslubda ijod qilgan bo‘lsa ham, so‘ngra muzeylardan, kataloglar va jurnallardan o‘rganish orqali qadimiy ustalar yo‘liga qaytadi. M.K.Sokolov o‘zidan keyin katta meros qoldirdi. Rossiya muzeylarida saqlanib kelinayotgan grafika ishlarining katta qismi bor. Rangtasvirda ham, grafikada ham  sikllarda ishlagan. Muzey kolleksiyasida “Avliyo Sebastyan”, “Ehtiroslar”, “Sirk”, “Chavandozlar”, “Chiroyli xonimlar”, so‘nggi yillardagi “Baliqlar”, “Qushlar” kabi sikllardagi asarlari mavjud.

I.V.Savitskiy nomidagi Qoraqalpog‘iston Respublikasi davlat san’at muzeyi kolleksiyasida M.K.Sokolovning 306 ta asari bo‘lib, ularning aksariyatini grafik yo‘nalishidagi asarlar tashkil etadi. Rassom asarlarining katta qismi rafiqasi N.V.Vereagina-Rozanovaning do‘sti Ye.D.Tanennbergdan olingan. Albatta, ko‘rgazmada namoyish etilayotgan asarlar san’at ixlosmandlarida katta qiziqish uyg‘otishi shubhasiz.

Dovud ABIBULLAEV,  

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA