Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘tmish, bugun va kelajak mayog‘i
11:34 / 2025-10-15

Taniqli siyosatshunos Qudratilla Rafiqovning “Rossiyskaya gazeta” va boshqa nashrlarda bosilgan “Moya dushevnaya bol…” (“Alamim bor...”) sarlavhali maqolasi katta qiziqish uyg‘otdi, mustaqil O‘zbekistonning o‘tmishi, hozirgi kuni va kelajagi bo‘yicha mayoqqa aylandi.

Muallif O‘zbekistonning jahon tarixi va madaniyatida tutgan o‘rni, uning yo‘qotilgan va qayta tiklanayotgan milliy o‘zligi haqida fikr yuritadi. Maqolada aytilganidek, ko‘p yillar davomida sinovlar va qiyinchiliklar sharoitida yashagan O‘zbekiston va uning xalqi ayni davrda davlat mustaqilligini mustahkamlash, ilgari unutilgan va beayov tortib olingan buyuk tarix, madaniyat va ajdodlar merosini qayta tiklash yo‘lidan bormoqda. Ta’kidlanishicha, bunday fidoyi mehnat — nafaqat tarixni tiklash, balki millatning asl qiyofasini izlash, ma’naviy kuchga ega bo‘lish va yangilanishdir. Muallif fikricha, haqiqiy va xolis adolat ana shunda.

Siyosatshunos Qudratilla Rafiqov yozganidek, mamlakatda uchinchi Renessans haqida so‘z boshlanib, bu haqda yuqori minbardan aytilganida, ayrimlar bunga istehzo bilan qarashdi. Shunga o‘xshash fikrlar endi yo‘q, deya olmaymiz, ular bugungi kunda ham uchrab turadi. Lekin muammo shundaki, o‘sha ayrim kishilar siyosatning faqat ustki qatlamini ko‘ra olishadi, xolos. Muallif ta’kidlaganidek, uning mohiyatini to‘liq anglay olmaydilar.

Qadimgi dunyo, tarixiy xotira o‘zida donishmandlikni mujassam etadi. Shunday ekan, maqola muallifi nima uchun davlat rahbarining tashabbusi bilan 2017 yili Toshkentda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishi boshlangani haqidagi savolga aniq va ishonchli javob beradi. Bu inshoot milliy tiklanish, fan, ta’lim va madaniyat markazi sifatida juda katta ahamiyatga ega bo‘lib, u mintaqadagi boy merosni — islom merosini o‘rganish va ilgari surish bilan shug‘ullanadi. Markaz buyuk allomalarning asarlarini tadqiq etish, an’anaviy hunarlarni tiklash, ziyorat turizmini rivojlantirish, millatlararo va dinlararo hamjihatlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu esa ilmga, e’tiqodga hurmat. Loyihada o‘nlab davlatlarning ilmiy va madaniy muassasalari ishtirok etishayotir. Ayni paytgacha xalqaro auksion va xususiy kolleksiya yig‘uvchilardan olingan 580 ta artefakt mamlakatga qaytarib olib kelindi. Ular orasida noyob qo‘lyozmalar, qurol-yarog‘, kashtalar va taqinchoqlar bor.

Maqolada so‘z yuritilgan O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazini o‘zgarishlarning muhim ramzi, deyish mumkin. 42 ming kvadrat metr maydonda joylashgan ushbu majmua mintaqadagi juda katta muzey va ilmiy markazga aylanadi. Bu yerda islomgacha bo‘lgan davrga, birinchi va ikkinchi Renessansga, zamonaviy O‘zbekistonga tegishli ekspozitsiyalar joylashtiriladi. Markaz xalqaro hamkorlik uchun maydoncha rolini o‘taydi. OAVlarda xabar berilishicha, dunyoning 100 dan ortiq yetakchi institutlari va muzeylari unda qatnashish istagini bildirgan. Ular orasida Ermitaj, Bolonya universiteti, Oksford islom tadqiqotlari markazi ham bor.

Maqola muallifi ta’kidlaydiki, O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat turk dunyosidagi, balki butun islom dunyosidagi ana shu yo‘nalishda ish olib boruvchi ilmiy markazlar uchun baza vazifasini bajaradi. Shuningdek, u O‘zbekistonda sayyohlik sohasining rivojiga hissa qo‘shadi.

Q. Rafiqov tomonidan Vatanga muhabbat ruhida yozilgan maqolada hayot mazmuni, xalqning yorug‘ kelajakka va Yangi O‘zbekistonni bunyod etishga intilishi o‘z aksini topgan. O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi bazasida ishga tushadigan O‘zbekiston xalqaro islomshunoslik akademiyasida 200 nafar talaba magistratura va doktoranturada tahsil oladi. Chop etilgan maqola esa, hech shubhasiz, yosh yigit-qizlar uchun o‘tmish, hozirgi zamon va kelajak bo‘ylab mayoqqa aylanadi. Yoshlarga xalq hayotida ro‘y berayotgan o‘zgarishlarning mazmun-mohiyatini anglash, ulardan ruhiy kuch-quvvat va kelajakka ishonch tuyg‘usini olish, chinakam vatanparvarlar bo‘lib yetishish imkonini beradi.

Alohida e’tirof etish joiz, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda ta’lim sohasining faol rivojlanishi kuzatilmoqda, bunda xorijiy ta’lim muassasalarining ochilishi ham muhim rol o‘ynayapti. Masalan, ushbu mamlakatda Rossiyaning 14 ta oliy o‘quv yurti filiallari faoliyat ko‘rsatmoqda. Ular ham O‘zbekistonda uchinchi Renessansni, ta’lim va fan sohasidagi islohotlarni amalga oshirishga ko‘maklashadi. Bizning Sankt-Peterburg davlat iqtisodiyot universiteti O‘zbekistonning bir necha oliygohlari bilan tuzilgan bitimlar asosida hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan. Ular orasida Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti, O‘zbekiston Milliy universiteti, Buxoro davlat universiteti va boshqalar bor. Ta’lim muassasamizda ko‘plab o‘zbekistonlik talabalar tahsil olishadi va malaka oshirishadi. Universitetimiz, shuningdek, o‘zbekistonliklar orasidan bir qator fan doktorlari va nomzodlarini tayyorladi.

O‘zbekiston va Rossiya Federatsiyasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy, madaniy va ilmiy aloqalar mustahkamlanmoqda, yuzlab qo‘shma loyihalar amalga oshirilmoqda. Har gal O‘zbekistonda bo‘lganimda iqtisodiyot, sanoat va boshqa sohalarda ro‘y berayotgan keng ko‘lamli o‘zgarishlarni kuzataman. Mamlakat milliy qadriyat va an’analarni tiklagan, saqlagan va rivojlantirgan holda, o‘zaro manfaatli xalqaro munosabatlarni mustahkamlashga intilmoqda.

Igor MAKSIMSEV,  

Sankt-Peterburg davlat iqtisodiyot universiteti rektori, iqtisodiyot fanlari doktori, professor,  

Rossiya tabiiy fanlar akademiyasi va Oliy ta’lim xalqaro akademiyasi haqiqiy a’zosi.