Bugun zamonaviy tibbiyot bilan birgalikda hayvonlar yordamida noan’aviy usulda dorilarsiz davolash usuli ham rivojlanmoqda.
Xususan, ippoterapiya – otlar yordamida davolash usuli harakat-tayanch apparatida muammosi bo‘lgan va aqliy-ruhiy buzilishlari mavjud bo‘lgan odamlarni davolash uchun qo‘llaniladi. Bundan tashqari, ot ustida yurish qonda qand miqdorini tushiradi, muskullar tonusini oshiradi, skolioz – umurtqa qiyshayishi uchun foydali, oshqozon-ichaklar faoliyatini yaxshilaydi, nevroz va depressiyaning oldini oladi, erta keksayishning oldini oladi hamda alkogolik va narkomanlarni reabilitatsiya qiladi.
Soha vakillarining ta’kidlashicha, otlar o‘zining iliqligi va harakati orqali inson salomatligiga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi, ularga minish esa jismoniy hamda ruhiy holatni yaxshilashga xizmat qiladi.
Ijimoiy himoya milliy agentligi matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Farg‘ona viloyatidagi “Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internat uyida bemorlarda ippoterapiya usulida muolaja turlari olib borilmoqda.

“Muruvvat” nogironligi bo‘lgan bolalar uchun internat uyi va Ot sport turlariga ixtisoslashtirilgan chavandozlar maktabi o‘rtasida imzolangan memorandumga asosan bolalarni ippoterapiya asosida sog‘lomlashtirish ishlari yo‘lga qo‘yilgan. Ushbu mashg‘ulotlar ruhiy kasalliklarni davolash, harakatlanishdagi cheklovlarni kamaytirish, sezgi a’zolaridagi muammolarni yengillashtirish, shuningdek, operatsiyalardan keyingi tiklanish jarayonini tezlashtirishda samarali bo‘lmoqda.
Ayni paytda mustaqil harakatlana oladigan 15 nafar bola ushbu mashg‘ulotlarga muntazam jalb etilgan. O‘tgan davr mobaynida esa yurishda nuqsoni bo‘lgan, emaklab harakatlangan 4 nafar bola sog‘lomlashtirilib, ularda qon aylanishi va asab tizimi faoliyati yaxshilangani kuzatildi. Shuningdek, tayanch-harakat tizimidagi ayrim muammolar va urologik kasalliklarning bartaraf etilishiga erishildi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash lozimki, ippoterapiyaga qarshi ko‘rsatmalar ham mavjud bo‘lib, gemofiliya kasalligi, suyaklarning tug‘ma sinuvchanligi, buyrak patologiyalari va ayollarda homiladorlik davrida man qilingan.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA