Bayramlar yaqinlashgani sayin bolalarning quvonchi ortadi. Ayniqsa, o‘tkazilayotgan tadbirlar, bayram sayllari murg‘ak qalb egalariga o‘zgacha zavq bag‘ishlaydi.
Poytaxtimizda Mustaqilligimizning 31 yilligi bayrami munosabati bilan “Yangi O‘zbekistonda el aziz, inson aziz” shiori ostida kuch tuzilmalari, huquqni muhofaza qiluvchi organlar kavaleriya bo‘linmalari, chavandozlik maktablari, Yilqichilik va ot sporti federatsiyasi sportchilari ishtirokida tashkil etilgan “Otliq kavaleriya paradi” ham jajji farzandlarimizga ularning ota-onalariga, ko‘plab mehmonlarga ko‘tarinki kayfiyat baxsh etdi.

Tadbirda 100 dan ortiq otlar ishtirok etdi. Jamoat xavfsizligi universiteti harbiy orkestri ijrosidagi musiqa sadolari ostida chavandozlar xizmat va sport kiyimlarida, O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘targan holda belgilangan manzillar bo‘ylab paraddan o‘tishdi.


Tantanali tadbirni tomosha qilish uchun tashrif buyurgan 5 ming nafarga yaqin poytaxtimiz aholisi va mehmonlarga, jajji bolajonlarga otliq kavaleriya bo‘linmalari harakatlarining jozibadorligi manzur bo‘ldi. Ochiq osmon ostidagi bayramona tadbir yig‘ilganlarga bir olam quvonch hadya etdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA