O‘rta Chirchiq tumanidagi “O‘zbegim otlari” majmuasida Axaltaka zotli otlar o‘rtasida ko‘rgazmali chiqish bo‘yicha “Osiyo marvaridi” VII jahon chempionati o‘tkazildi.
Unda Toshkent viloyati hokimligi mas’ullari, mamlakatimizdagi diplomatik korpus vakillari, viloyat sektorlari rahbarlari, shahar va tumanlar hokimlari, ot sporti ishqibozlari qatnashdi. Dastlab mehmonlarga zotdor otlarni parvarishlash texnologiyasi ko‘rsatildi. Shuningdek, mazkur ot zavodidagi naslli tulporlarning ozuqa bazasi, saqlash sharoitlari bilan ham tanishtirildi. An’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan mazkur musobaqada sportchilar turli yo‘nalishlarda otlarning mahoratini sinovdan o‘tkazdi. G‘oliblar tashkilotchilar tomonidan esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.


Ta’kidlash lozimki, Prezidentimiz tashabbusi bilan ot sportini rivojlantirish, zamonaviy beshkurash va polo sport turlarini aholi o‘rtasida keng ommalashtirish, iqtidorli yoshlarni tanlash, saralab olish va ularni professional sportchilar sifatida tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish maqsadida qator ishlar qilinmoqda. Bu kabi musobaqalardan ko‘zlangan maqsad ot sporti turi bilan shug‘ullanuvchilarni boshqa davlat sportchilari bilan raqobat qila oladigan darajaga yetkazish, xalqaro talab va standartlar asosida mutaxassislarni tayyorlash, sohada yaxshi natijalarni qo‘lga kiritishga ko‘maklashishdir.


Musobaqa doirasida Toshkent viloyati va qo‘shni davlatlarda parvarishlanayotgan Axaltaka va toza qonli ingliz zotli otlar ko‘rgazmasi va auksion savdosi ham tashkil etildi.
A.Musayev, O‘zA muxbiri