Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘tkirjon Irisov: 36 yil elektr tarmoqlari xavfsizligi yo‘lida (+video)
11:10 / 2026-02-05

Kasbga sadoqat — hayot yo‘li

Elektromontyorlik — bu shunchaki kasb emas, balki yuksak mas’uliyat, jasorat va sadoqatni talab qiladigan hayot yo‘lidir. Ana shunday fidoyi insonlardan biri — O‘tkirjon Irisov.

O‘tkirjon Irisov Pop tumanida tug‘ilib o‘sgan. U 36 yildan beri elektr sohasida sidqidildan mehnat qilib kelmoqda. Uning mehnat faoliyati asosan Pop tumanining tog‘li hududlari — Chodak, Xonobod, Oltinkon, Guliston hamda Qamchiq dovonidagi elektr tarmoqlari bilan bog‘liq. Ushbu hududlar tabiiy sharoiti, iqlim keskinligi va relefi bilan boshqa joylardan farq qiladi.

Qahramonimiz birinchi marta elektr tayanchiga chiqqan kunlarini hali ham eslaydi. Ustozlari o‘rgatgan kasb qoidalari, xavfsizlik texnikasiga qat’iy amal qilishi uning bugungacha sog‘-salomat mehnat qilib kelishida asosiy omil bo‘lgan. Uning fikricha, elektrmonter uchun eng muhim narsa — ehtiyotkorlik va qoidalarga amal qilishdir.

O‘tkirjon Irisov uchun Qamchiq dovonidagi ishlar alohida ahamiyatga ega. Uning ta’kidlashicha, bu hududdagi ish jarayonlari boshqa joylarga nisbatan ancha murakkab va mas’uliyatli. Qattiq shamol, qalin qor, muzlama va tik tog‘ yo‘llari elektr tarmoqlarini doimiy nazoratda ushlashni talab qiladi.

Qahramonimiz hayotida unutilmas xotiralar ham kam emas. Jumladan, Qamchiq dovonida qalin qor yoqqani sababli Yangi yilni ish joyida, navbatchilikda nishonlashga to‘g‘ri kelgan kunlarini eslab o‘tadi. U uchun eng muhimi — aholi xonadonlarida chiroq o‘chmasligi, elektr ta’minoti uzluksiz bo‘lishidir.

O‘z kasbi orqali O‘tkirjon Irisov farzandlarini ulg‘aytirdi, ularni oyoqqa qo‘ydi, uyli-joyli qildi. Uning halol mehnati va fidoyiligi davlat tomonidan ham e’tirof etilgan — u bir necha bor taqdirlangan.

O‘tkirjon Irisov hayoti va mehnat faoliyati ko‘plab yoshlar uchun ibrat maktabidir. Uning yo‘li shundan dalolat beradiki, kasbga sadoqat va halol mehnat insonni ham jamiyatda, ham hayotda yuksak maqomga olib chiqadi.

<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/3WOtGFFwwZY" title="Kasbga sadoqat — hayot yo‘liO‘tkirjon Irisov: 36 yil elektr tarmoqlari xavfsizligi yo‘lida" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>

Tohir Tursunov, O‘zA