Buxoroda “Zakovat” intellektual o‘yini bo‘yicha “Viloyat hokimi kubogi” uchun Respublika ochiq turniri bo‘lib o‘tdi. Unda 500 ga yaqin zakovat egalaridan tarkib topgan jamoalar g‘oliblik uchun bahslashdi.
Sir emas, so‘nggi yillarda Prezidentimiz tomonidan yangi avlod vakillariga har tomonlama e’tibor va g‘amxo‘rlik ko‘rsatish, ularning ezgu intilishlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, mustaqil fikrlaydigan, zukko va keng dunyoqarashga ega bo‘lgan o‘g‘il-qizlarni tarbiyalash masalasiga alohida e’tibor qaratilyapti. Ayniqsa, “Zakovat” intellektual o‘yinlarining davlat siyosatining eng muhim va ustuvor yo‘nalishi sifatida belgilab olinishi bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tardi. Bugun har bir mehnat jamoasida, ta’lim muassasasida, hatto mahallalarda ham salohiyatli yoshlardan tarkib topgan alohida jamoalar shakllantirildi.
Buxoro shahri mezbonlik qilgan navbatdagi turnir Respublikamizning barcha hududlaridan xuddi mana shunday zukkolar jam bo‘lgan 100 ga yaqin guruhni bir davraga jamladi.
– Men “Bibixonim” jamoasida qatnashdim, – deydi turnir ishtirokchisi Sevara Ro‘ziyeva. –O‘yin juda ham qiziq o‘tdi. Savollar ham qiziqarli. Ham mantiqiy, ham faktlarga asoslangan.
[gallery-11150]
Yangi O‘zbekiston yoshlari o‘z kuch va imkoniyatlarini ulkan yutuq va marralarga erishish yo‘lida safarbar etayotgani, Vatanimiz taraqqiyotini yuksaltirish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratish borasida yuksak azmu shijoatini yaqqol namoyon qilayotgani turnirda yana bir bor o‘z tasdig‘ini topdi.
–Yangi O‘zbekistonda bilimga alohida e’tibor qaratilmoqda, – deydi turnir ishtirokchisi Jahongir Norov. –Chunki, davlatning, millatning kelajagi aynan bilimli yoshlarga bog‘liq. Mana bugun Buxoroda o‘tkazilayotgan “Buxoro viloyati hokimi kubogi” uchun Respublika ochiq turnirida ham respublikaning turli hududlaridan bilimli yoshlardan iborat jamoalar qatnashdi. Kelgusida respublikamizning barcha viloyatlarida ana shunday musobaqalar o‘tkazilsa maqsadga muvofiq bo‘lardi. Chunki bu yosh bilimdonlar uchun katta motivatsiya beradi.
Yana bir e’tiborli jihati mazkur turnir doirasidagi asosiy savollar joriy yilning 30 aprel kuni o‘tkaziladigan referendum munosabati bilan Konstitutsiyamizga kiritilayotgan o‘zgartish va qo‘shimchalarga oid mavzularda bo‘ldi. Bu yoshlarning siyosiy ongi, tafakkuri va qarashlarini yanada yuksaltirishga xizmat qildi.
Turnirda “Zakovat+” jamoasi 3-o‘rinni, “Google” jamoasi 2-o‘rinni, “Benom” jamoasi 1-o‘rinni egalladi. G‘oliblarga tashkilotchilar tomonidan qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.
Turnirda Buxoro viloyati hokimi Botir Zaripov ishtirok etdi.
Zarif Komilov,
O‘zA