O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti “O‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarning oldini olish chora-tadbirlarini takomillashtirish to‘g‘risida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, quyidagilar o‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarning oldini olish, barvaqt aniqlash, bemorlarni davolash hamda reabilitatsiya qilishning yangi usullarini joriy qilishning asosiy maqsadlari belgilandi. Ular quyidagilardan iborat:
a) aholi o‘rtasida o‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklar xavf omillari hamda ularni bartaraf etish bo‘yicha profilaktik tadbirlar haqidagi ma’lumotlarni keng tartib qilish orqali ularning xabardorlik darajasini oshirish;
b) 30 yoshdan oshgan aholini o‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklar bo‘yicha takomillashtirilgan maqsadli tibbiy tekshiruvlar bilan to‘liq qamrab olish;
v) shoshilinch holatlarda yurak va bosh miya qon tomirlari endovaskulyar amaliyotlari uchun sarflov vositalari hamda tromb erituvchi dori vositalari bilan qamrovni 100 foizga yetkazish;
g) o‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklardan keyingi nogironlikni 30 foizga, erta o‘lim holatlarini 15 foizga qisqartirish.
2026 yil 1 maydan boshlab xalqaro dasturlar ("Stent for Life" va "Action Plan for Stroke") asosida ishlab chiqilgan Infarkt va insultga qarshi kurashish milliy dasturi hududlarda bosqichma-bosqich amaliyotga joriy etiladi.
Milliy dastur doirasida o‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarning oldini olish, barvaqt aniqlash, davolash va shoshilinch holatlarda tibbiy xizmat ko‘rsatish bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi tizim joriy qilinadi:
a) birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalarida o‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarni barvaqt aniqlash maqsadida 30 yoshdan oshgan aholi o‘rtasida yiliga bir marta maqsadli tibbiy tekshiruvlar o‘tkaziladi;
b) tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon tomir kasalliklari markazlarida tunu kun faoliyat yurituvchi infarkt va insult brigadalari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi;
v) o‘tkir yurak-qon tomir kasalliklari va bosh miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi holatlarida bemorlarga shoshilinch ixtisoslashgan tibbiy xizmat ko‘rsatish algoritmlari amaliyotga joriy qilinadi;
g) xalqaro standartlar asosida bemorlarning klinik marshrutlari (clinical pathways) ishlab chiqiladi va amaliyotga joriy etiladi;
d) tez tibbiy yordam brigadalari sun’iy intellekt yordamida tahlil qilish imkoniyatiga ega telemetrik elektrokardiograf hamda monitorli defibrillyatorlar bilan ta’minlanadi;
j) shifoxonalar shoshilinch holatlarda o‘tkir yurak-qon tomir va serebrovaskulyar kasalliklarga chalingan bemorlarda jarrohlik amaliyotini o‘tkazish uchun tromb erituvchi dori vositalari va sarflov vositalari bilan to‘liq ta’minlanadi;
z) o‘tkir yurak-qon tomir kasalliklari va bosh miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi holatlarida bemorlarga shoshilinch statsionar tibbiy xizmat ko‘rsatishga nodavlat tibbiyot tashkilotlari jalb qilinadi;
i) davlat va nodavlat tibbiyot tashkilotlari tomonidan o‘tkir yurak-qon tomir kasalliklari va bosh miyada qon aylanishining o‘tkir buzilishi holatlarida ko‘rsatilgan shoshilinch va rejali tibbiy xizmatlar belgilangan tartibda Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladi;
k) shifoxonalarda tibbiy xizmatlar tasdiqlangan tashxislash va davolash standartlari hamda klinik protokollar asosida ko‘rsatilishi ustidan nazorat Sog‘liqni saqlash vazirligi va Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan amalga oshiriladi;
l) tumanlararo qo‘shma shikastlanishlar va o‘tkir qon tomir kasalliklari markazlariga biriktirilgan tuman va shaharlardan shoshilinch holatlarda murojaat qilgan bemorlarga ko‘rsatilgan tibbiy xizmatlar xarajatlari Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan qoplanadi;
m) shoshilinch tibbiy xizmat ko‘rsatishda belgilangan tartibga rioya etilmagan hollarda xarajatlar Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilmaydi hamda xizmat ko‘rsatuvchi tibbiyot tashkilotining o‘z mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
O‘zA